Sahifa yuklanmoqda . . .


Vatan haqida she'r

Opa, esingizda-ku,
("O, hanuz og‘riydi dil" )
Ochlikdan qorni shishgan
Qirq beshinchi mash’um yil.
Yetti yoshda edingiz
Sizga emasdi pinhon:
Urush — o‘lim, shodlik — xat,
Tiriklik-ku, aniq — non.
Opa, esingizda-ku,
Kelganda javzo oyi,
Sarg‘ayib dumbul tortdi
Bolg‘alining bug‘doyi.
Yuvoshgina qush kabi
Hayotning isin sezib,
Dala kezar edingiz,
Kaftingizda don ezib,
Siz aniq bilardingiz,
Tiriklikning ismi — non,
...Bosib ketdi dalani
Ot dupuri nogahon.
Kaftingizga jonsarak
Yashirdingiz boshoqni.
E voh, yer shuncha qattiq,
Osmon shuncha uzoqmi?!
Qanotingiz bo‘lsa ham.
Qayga uchardingiz, xo‘sh?
Ot kelar, chavandozning
Bir yengi hilpirar — bo‘sh...
Tanidingiz bu — rais,
Undan titraydi qishloq.
"Rais" desa jim qotar.
"Yig‘layotgan" qo‘g‘irchoq,
...Eslaysiz, magazinda,
Bo‘lgan edi "ur-yiqit".
"Yo‘q, yana quyasan", deb
Hayqirdi birqo‘l yigit.
U yig‘ladi go‘dakday...
"Shahid qolgan do‘stlarning
Qasosini albatta,
Olaman", deb bo‘zladi.
Boqilgan qo‘yday semiz,
Magazinchi Shoyimning
Yoqasiga yopishdi:

"Topdim, deya xoinni!"
Ertasi xotin-xalaj
Yig‘ildi — umummajlis.
Yigit o‘rindan turdi:
— Saylanglar, bo‘lay rais...
Saylashsa saylashar-da,
Odam kamu, rais mo‘l!
Mayli, yarab qoladi...—
Xotinlar ko‘tardi qo‘l.
Keyin rais hayqirdi:
"Agar kelguncha zafar,
Kim o‘zini ayasa,
Mana qamchi!.. Xotinlar!"
Nonning lazzatini-ku,
To‘lab bo‘lmas qamchisiz...
Boshingizni qo‘l bilan
Bekitib cho‘kdingiz til...
— Bu yurganing nimasi,
Oyoqyalang, boshyalang.
(Don to‘la kaftingizni
Siqdingiz qo‘rqib mahkam)
— Qani, qo‘lingda nima?
(Qo‘rquv, dahshat aralash
Kaftigizni ochdingiz —
Endi mumkin savalash).
Ko‘zingiz yoshsiz edi,
Jiddiy — tayyor xo‘rlikka.
Kim ham rahm qilardi
Sag‘ir qolgan sho‘rlikka.
Hamma butun tayoqlar
Yetim boshda sinadi...
Rais otidan tushib
Boshingizni siladi.
Ishonmasdan boqdingiz
Ko‘zlariga umidvor.
Hayrat ichra qotdingiz...
U yig‘lardi shashqator.
Yig‘lar edi... Qizimni
Ezmasin deb cho‘ng qayg‘u
Tunda sassiz ezilgan
Onangizga o‘xshab u.
Siz ham zor yig‘lab birdan
Osildingiz bo‘yniga...
Ot o‘ynatib u ketdi
Bug‘doyzorning qo‘ynidan.
Javzo. Bir erka shamol
Bug‘doyzorga urar to‘sh.
Ot yelar. Chavandozning
Bir yengi hilpirar — bo‘sh.
Opa, o‘shandan buyon
Vatan haqida suhbat
Qo‘zg‘alsa kirib kelar
Ko‘zingizga bir surat:
Javzo. Bir erka shamol
Bug‘doyzorga urar to‘sh.
Ot elar. Chavandozning
Bir yengi hilpirar — bo‘sh..
Opa, Vatan — ulug‘ dard!
Opa, Vatan bog‘ bo‘lsin!
She’rda suratin chizsam,
To‘rt muchasi sog‘ bo‘lsin!


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2022, 22-Aprelda yuklangan

1504 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
vatan urush rais opa don non tiriklik chavandoz
Muallif
Usmon Azim

Usmon Azim

O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).

Batafsil


Yangi She'rlar Usmon Azim She'rlari Usmon Azim asarlari