Sahifa yuklanmoqda . . .


Surat parchasi haqida doston

Surat parchasini yerdan ko‘tardim,
Bir ko‘z boqar edi menga alamkor.
Toshkent bog‘larida xazon tutardi,
Daraxtlar ortida kezardi g‘ubor.

Surating parchasi ketdi men bilan
Va tunda tushundim...
Bu bechora ko‘z
Kimgadir jimgina "sevmayman" degan
Kurashu og‘riqlar ichida beso‘z.

Ha, kimdir chorbog‘da kezgan ingranib,
Daraxtlar tagida tosh kabi qotgan.
So‘ngra alamidan o‘zni yo‘qotib,
Suratni burdalab-burdalab otgan.

Bu kecha chorboqqa keladi kimdir,
Ko‘zdan yoshi oqib aylaru tavob,
Surat parchalarin o‘padi bir-bir,
O‘padi, olsa-da qahraton javob.

Qaysi bir kulbami, yotoqxonada,
Tunlari g‘ijirlar temir karovat.
"Oh urib", to‘lg‘onib yotgan odamga.
Devordan boqadi beko‘z bir surat.

Odam derazadan tunga qaraydi,
Chiroqlar nuridan ko‘chalar bo‘zrang.
"Yordam ber,— osmondan najot so‘raydi,—
Meni qutiltirgin yo‘qolgan ko‘zdan".

Beko‘z surat unga boqadi garang,
Mixgami, dorgami turgancha osiq.
Charchoq elitadi — mudraydi odam
Eshikni negadir tambalab yopib...

Labimda qotadi eng buyuk so‘zlar,
Boshimni changallab ingrayman nochor:
Ko‘ksimda turibdi yo‘qolgan ko‘zlar —
Surat parchalari qatoru qator.

Birov vijdonini yirtdi beparvo,
Unut burdalari ketdilar to‘zib.
Shoir yuragini ko‘rdimu ravo,
Mening ko‘ksimdadir vijdonning ko‘zi.

Mendan qo‘rqib yashar beimon sho‘rlik,
Cho‘chiydi qo‘shiqdan, haqparvar so‘zdan,
Poklikni ezg‘ilab qiladi ko‘rlik,
Faqat qutilsa bas yo‘qolgan ko‘zdan.

Birov Vatanini burdalab otdi
Shuhratu mag‘rurlik kechalarida.
Vatanning ko‘zini men izlab topdim
She’riyatning uzun ko‘chalaridan.

Birov maydaladi seni, haqiqat,
Qalbida tugabmi kurashning qo‘ri.
Ko‘zingdan aylanay, o‘tgin, marhamat,
Haqiqat, sengadir ko‘ksimning to‘ri!

Bo‘laklab tashladi chegara tig‘i,
Ming rangga bo‘yalib titraysan, Dunyo.
Taloshdir taningning hamon yog‘lig‘i,
Sarson ko‘zing mening ko‘ksimda ammo.

Shundanmi, kuyladim goh shod, goh nolon,
Ezgulik yo‘lida daryoday oqdim.
Har bitta satrimga Haqiqat, Vijdon,
Ishq, Dunyo, Vatanning ko‘zi-la boqdim.

Yana...Nima bo‘ldi? Hovli darchasin
Birov qoqmoqdami, yo chertdi yomg‘ir.
Yoki ezgulikning qonli parchasi?...
Yorab, kim ko‘zini yo‘qotdi, axir!?

Kim u tashqarida turtingan behol?
Hayiqmay eshikni ochgin. Kutaman.
Senga ko‘z kerakmi, mana, ola qol...
Yurakdan bir parcha kesib tutaman.


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2022, 23-Aprelda yuklangan

92 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
surat vatan parcha ko'z bog' xazon daraxt ezgulik
Muallif
Usmon Azim

Usmon Azim

O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).

Batafsil


Yangi She'rlar Usmon Azim She'rlari Usmon Azim asarlari