Sahifa yuklanmoqda . . .


Vatanim

Men dunyoni nima qildim,

O‘zing yorug‘ jahonim.

O‘zim xoqon,

O‘zim sulton

Sen taxti Sulaymonim.

Yolg‘izim, Yagonam deymi,

Topingan koshonam deymi,

O‘zing mening ulug‘lardan

Ulug‘imsan, Vatanim...

 

Shodon kunim gul otgan sen,

Chechak otgan izimga,

Nolon kunim yupatgan sen,

Yuzing bosib yuzimga.

Singlim deymi,

Onam deymi,

Hamdard-u hamxonam deymi,

Oftobdan ham o‘zing mehri

Ilig‘imsan, Vatanim.

 

Sen Mashrabsan,

Xalqda tumor,

Balxda dorga osilgan.

Navoiysan, shoh yonida

Faqirni duo qilgan.

Yassaviysan, meniki deb,

Ko‘ringan da’vo qilgan,

Ming bir yog‘i ochilmagan

Qo‘rig‘imsan, Vatanim.

 

Sen Xo‘jandsan,

Chingizlarga Darbozasin ochmagan,

Temur Malik orqasidan

Sirdaryoga sakragan.

Muqannasan qorachig‘i

Olovlarga sachragan,

Shiroqlarni ko‘rgan cho‘pon:

Cho‘lig‘imsan, Vatanim.

 

Kim Qashqarni qildi makon,

Kim Enasoy tomonda,

Jaloliddin — Kurdistonda,

Boburing — Hindistonda,

Bu qanday yuz qarolik deb,

Yotarlar zimistonda.

Tarqab ketgan to‘qson olti

Urug‘imsan, Vatanim...

 

O‘g‘lim, desang osmonlarga

G‘irot bo‘lib uchgayman,

Chambil yurtda Alpomishga

Navkar bo‘lib tushgayman,

Padarkushdan pana qilib

Ulug‘beking quchgayman,

G‘ichir-g‘ichir tishimdagi

So‘lig‘imsan, Vatanim...

 

O‘tgan kuning — o‘tgan kundir,

O‘z boshingga yetgan kun,

Qodiriyni bergan zamin,

Qodiriyni sotgan kun.

Qo‘lin bog‘lab,

Dilin dog‘lab,

Yetaklashib ketgan kun,

Voh bolam! deb aytolmagan

Dudug‘imsan, Vatanim...

 

Sen — shoxlari osmonlarga

Tegib turgan chinorim,

Ota desam, O‘g‘lim deb,

Bosh egib turgan chinorim,

Qo‘ynimdagi iftixorim,

Bo‘ynimdagi tumorim,

O‘zing mening ulug‘lardan

Ulug‘imsan, Vatanim!


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2017, 16-Fevralda yuklangan

32707 marta ko'rildi

24 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
vatan dunyo jahon xon sulton taxt sulaymon koshona gul chechak yuz kun singil ona oftob dard mehr mashrab xalq balx dor tumor navoiy shoh faqir duo yassaviy xo'jand chingiz darboza temur sirdaryo
Muallif
Muhammad Yusuf

Muhammad Yusuf

Sodda va xalqona tilda bitilgan samimiy she'rlari bilan millionlab muxlislar qalbini zabt etgan shoir. Uning millat va yurt istiqloli sharafiga bitgan go‘zal she’rlari o‘ziga xosligi bilano'quvchilar qalbida aks sado berdi. Muhammad Yusuf ijodi keyingi davr o‘zbek qo‘shiqchiligi rivojida muhim o‘rin tutadi. Milliy san’atimizning eng yirik va iste’dodli vakillaridan tortib, havaskor qo‘shiqchilargacha shoir she’rlarini kuyga soladilar.

Batafsil


Yangi She'rlar Muhammad Yusuf She'rlari Muhammad Yusuf asarlari