Sahifa yuklanmoqda . . .
She'rlar - Aziz foydalanuvchi! Agar siz hayotning past-u baland yo'llari aro kezib, dunyoning sho'rishlaridan toliqqan bo'lsangiz, bizga qo'shiling va ko'ngingizni ezgu hislarga oshno eting! Ushbu to'plamdan o'zbek va jahon she'riyatining eng sara namunalari o'rin olgan bo'lib, ular sizni dunyo tashvishlarini bir on bo'lsa-da unutib, tafakkurning cheksiz osmonida parvoz qilmoqqa chorlaydi.
Inson tabiati qiziq. Ba'zida o'z yuragini ushlab, uning davr dardlaridan majruh ekanligini sezib qoladi va og'ir xayollarga botadi. Tafakkur zalvoridan qadamlar sekinlashadi, inson o'yga toladi "Bu umr deganlari buncha uzoq yo'l bo'lmasa?.." Shunday damlarda yonida sevgan insoni - suyanchig'i bo'lsa, u dil dardlariga malham bo'ladi. Bunday chog'lar yurakda yashamoq zavqi to'lib, qadamlar ham birdan jadallashadi. Inson esa yana o'yga toladi "Bu umr deganlari buncha qisqa yo'l bo'lmasa?.."
Ushbu she'rda favqulodda noyob manzara tasvirlanadi: go'dak sohilda tinchgina uxlamoqda. Dengiz ham uning uyqusiga halal bermaslik uchun sokingina shivirlamoqda. U go'yo go'dakning ma'sum nigohiga boqib, bu mittigina jonning taqdiri to'g'risida xayolga tolganday. Biroq dengiz nechog'lik sokin ko'rinmasin, bag'rida suronli to'lqinlarni berkitgani singari osuda uyqu ichidagi bu go'dakning qalbida ham hozircha kelajak hayajonlari pinhondir.
Shoir xalqi juda ta'sirchan, juda hassos bo'ladi. Ular bu dunyoning baland-u pastliklari aro kezib, bir so'z izlashadi. Bir so'zki, yuragini tarjima etmoqqa qodir bo'lsa. Bir so'zki, hislari zalvorini ko'tarsa. Bir so'zki, o'ziga butun dunyoni jo etsa. Kimdir quyosh, kimdir yulduzga maftun bo'lib, baytlar bitgan bir damda bizning lirik qahramon nechundir yerni tanlaydi. Nega? Buni uning o'zi shunday izohlaydi...
Hayot juda go'zal. Yashamoq zavqli. Har bir nihoyaning ibtidosi bor. Qish qahratonidan so'ng bahor quyoshining zarrin yog'dusi olamni munavvar etib, dillarga hayot zavqini qaytaradi. Borliq nurlarga, gullarga va ko'm-ko'k maysalarga to'ladi. Maysalar qatida hayot toshadi. Maysalar bomba o'pqonlari-yu yong'in bo'lgan joylarni ham chetlab o'tmaydi. Borliqning barcha ayblarini yopib, odamlarga dunyoni yanada go'zal ko'rsatadi...
XX asr. Qanchadan qancha kashfiyotlar, qanchadan qancha ixtirolar, qanchadan qancha o'zgarishlar davri! XX asr. Qanchadan qancha yovuzliklar, qanchadan qancha qonxo'rliklar, qanchadan qancha xunrezliklar davri. Bu asr katta taraqqiyot va tanazzul olib keldi insoniyatga. Insoniyat bu davrda juda ko'p narsa topdi va yo'qotdi. Ushbu she'r o'tgan asrning butun saodati va fojiasini ko'rsatib beruvchi yorqin ko'zgudir.
Ayol baxt nimada? Zeb-u ziynatdami? Shon-u shuhratda? Yuksak unvondami? Olqishlardami? Yo’q! Ayol baxti o’z sevgan yorining mehrini his qilmoqlikdadir. Ko’pincha erkak zoti ayolimga hamma narsani muhayyo qilib bersam ham, nega ko’ngli to’lmaydi, unga nima yetishmaydi o’zi, deb xunob bo’lib yuradi. Aslida ayolga ko’p narsa kerakmas. Ayollar dilidagi eng aziz tilak: “Menga mehr ko’rgaz, mehribonlik qil”…
Alla o’zi aslida bolani uxlatish uchun aytiladigan onalar qo’shig’i. Unda ona qalbining nolalari aks etadi. Bolaning murg’ak qalbida mehr-muhabbat hislari alla orqali yuksaladi. Biroq ushbu she’rda lirik qahramon o’z bolasiga uxlatuvchi emas, uyg’otuvchi alla aytishni orzu qiladi. Nima uchun? Buni she’rni o’qigach bilib olishingiz mumkin.
Biz vatan haqida yozilgan ko’plab bir-biriga o’xshash, siyqa satrlardan zerikkanmiz. Ba’zi shoirlarning vatan haqida ham she’r yozib qo’yishim kerak deya zo’rma-zo’rakilik bilan bitgan she’rlari tufayli bu mavzudagi she’rlarga ishtiyoq susaygan. Chunki soxtalik bilan aytilgan kalom hech qachon dillarga yetib bormaydi. Biroq ushbu she’rda shoira vatanni shunchalar samimiy tarannum etadiki, uni o’qir ekansiz, bu so’zlar yuragingizning tub-tubiga yo’l olganini tuyasiz.
Topmoq va yo’qotmoq. Hayotning eng oddiy, eng jo’n qonuni. Topmoq shirin, yo’qotmoq achchiq. Topsak suyunamiz, yo’qotsak kuyunamiz. Ammo faqat kamdan kam insonlargina har narsada bir hikmat borligini anglab yetadilar. Agar siz ham bu hikmatni bilmoqni istasangiz, mazkur she’rni mutolaa qiling.
Yurakning tub-tubida bo’luvchi ba’zi tuyg’ularni ta’riflamoqqa so’z topilmaydi. Chunki qanchalar chiroyli, qanchalar yoqimli so’z aytmang, uning nasifligi, shaffofligiga zarar yetkazayotganday bo’lasiz. Shu bois ushbu she’rga ta’rif bermaymiz. Zero, u ta’rifdan tashqarida. Uni faqat o’qish va his qilish mumkin…
Hayot nega buncha berahm? Umr nega buncha beshafqat? Vaqt ne uchun bunchalar shoshqin? Ko’pincha unda inson baxt manzili sari yo’lga otlanadi. Bu yo’lda ne-ne kurashlar, sinovlar, mashaqqatlarga duch kelib, ularni sabr-u sabot bilan yengib o’tadi. U hayot dashtlarida emaklab, sinov tog’lariga tirnoqlari bilan tirmashib chiqib yo’l qidiradi – baxt izlaydi. Ammo… shunday onlar ham bo’ladiki, inson o’ylanib qoladi, baxtli bo’lishga kechikdimmi deb…
Baxt va armonning mezoni mavjudmi? Kim baxtli va kim baxtsiz ekanini bexato topa oluvchi kishi ham bormikan dunyoda? Axir har bir inson ochilmagan kitob, javobi topilmagan jumboq. Ko’pincha biz baxtiyor deb havas qilgan odamlarning hayoti armonlarga belangan, umri to’la gul deganimizning yo’li to’la tikan, boshidan nur yog’ilib yashayapti deganimizning dilidan qon sizib yashayotgan bo’ladi. Demak, insonning asl haqiqatlarini yolg’iz Alloh, keyin esa bandaning yolg’iz o’zi biladi…
Ayriliq. Poyonsiz dard, cheksiz iztirob. Biroq ko’pincha oshiq ko’ngil buni qabul qilolmaydi va shu bois yordan judolik azoblarini tan olmaydi. To’g’rirog’i, u boshqalarga bu holni “yaxshi bo’ldi” deb izohlar ekan, bunga ko’proq o’zini ishontirgisi keladi. Ammo uning har bir kalomi ostida beadad g’am, tabassumi ortida ko’zyoshi yashiringan bo’ladi.
Ushbu she’r muhabbatning shirin azoblari mahsuli bo’lib, undagi o’ynoqi ohanglarda ana shu mo’jizakor tuyg’u va u tufayli dilda paydo bo’lgan kechinmalar tarannum etilgan. Shoira o’z yoriga qarata chin dildan “San o‘zing do‘stijonim, Ham o‘zing qasdi jonim”, der ekan, bu iqrorning o’ta samimiyligi va sofligidan zavq tuyasiz.
Muhabbat shunchalar kuchli tuyg’uki, ayolning mo’jazgina, beozorgina ko’ngliga u zalvorli keladi. Ishq ayol uchun tuganmas baxt, taqdirning oliy mukofoti bo’lishi bilan birga, bemisl dard va iztirob hamdir. Boz ustiga bu muhabbat javobsiz bo’lsa, qalbdagi iztiroblar dil nolalariga aylanadi va yurak qoni bilan qog’ozga to’kiladi…
Ayol muhabbatining o’ziga xosligi shundaki, u naqadar kuchli, naqadar o’tli bo’lmasin, otashin tuyg’ular haqida ochiq aytilmaydi. Ayol qalbi qanchalar nozik bo’lmasin, olovli hislarni berkitishga qodir. Ayol hech kimga aytmagan so’zlarini, ko’ngil sirlarini she’r deb atalmish mo’jiza qatiga singdiribgina yengil tortadi. Mazkur she’r ham ayol muhabbatining samimiy iqroridir.
Oshiq uchun ma'shuq eng yuksak xilqatdir. Oshiq o'zi ko'ngil qo'ygan insonini xayolan muhabbatining yuksak cho'qqisiga olib chiqib qo'yib, o'zi asta uing poyiga yiqilib, izlarini ko'zlariga surtadi. Chinakam oshiq ma'shuqning visoliga yetishni o'ylamaydi, negaki u o'zini bu baxtga munosib emas deb biladi. U uchun shunday buyuk zotning - Yorning bu dunyoda borligining o'zi buyuk baxt. Ushbu she'r ham ana shunday chinakam oshiqning ko'ngil oynasidir.
Muhabbat qanchalar totli azob! Muhabbat qanchalar dardli saodat! Sevmoq og'riq, sog'inmoq g'am, hislarni dilda pinhon tutmoq azob, ishqdan bebahra dillar malomatiga sabr qilmoq mashaqqat, sevgan insonini yo'qotib qo'yishdan qo'rqib yashash dard, ayriliq azobiga bardosh bermoq, kelishiga umid juda oz bo'lgan insonning yo'llariga butun umr ko'z tikib o'tmoq, u bilan xayolan gaplashmoq nima ekanligini faqat bu hisni tuygan kishilargina anglay oladi... Mazkur she'rda ham yori bilan xayolan suhbat qurayotgan ayolning dilidagi dardli savollar aks etgan.
Shubhasiz, barcha maxluqotlar ichida inson eng aziz va mukarram zotdir. Ammo bu mukarramlikning yuki ham o'ziga munosib ravishda katta, sinovlari ham boshqalarnikidan og'irroq. Shu bois ba'zida inson hayotida shunday hollar ham bo'ladiki, u boshqa mavjudotlarga havas qiladi. Agar bu yorug' dunyoda inson bo'lib emas, oddiy bir maysa yoxud shamol bo'lib yaralganimda, balki qismatim o'zgacharoq bo'larmidi degan o'ylarga boradi. Mazkur she'r ana shu oniy hissiyotning satrlarga muhrlangan tasviridir.
Oshiq inson uchun hamma narsa - bu ishq. Ishq - bu hamma narsa. Oshiqning dardi ham, baxti ham, sevinchi ham, qayg'usi ham, o'ngi ham, tushi ham, hayoti ham, xayoli ham Ishq. U ishq bilan nafas oladi, u ishq bilan tirik. Shu sabab u o'z borlig'ini va bu dunyoda borligini ishqdan ayri tasavvur eta olmaydi. Ushbu she'rda ham aynan oshiq yurakning ko'ngil rozlari qalamga olingan.
Ushbu she'rda buyuk bir muhabbat tarixi yoritilgan. Ayol muhabbati... Qalbidagi ishq to'fonini, yuragidagi ishq otashini barchadan yashirgan, hatto yorning o'zidan ham pinhon tutgan ayolning matonat va sabotga yo'g'rilgan pokiza tuyg'ulari bilan tanishar ekansiz, beixtiyor muallif qalbiga qalban yaqinlik tuyasiz. Mayda tashvishlarga ko'milib yashayotganimiz bu dunyoda ana shunday buyuk dardlar yukini ko'tarib jimgina yashayotgan odamlar borligiga iqror bo'lasiz.
Oshiqlarga kun va tun tushunchalari begona. Ular uchun bu tushunchalar boshqacharoq ma'no anglatadi. Yor bilan o'tgan kechalar ham kunduz, yorsiz kechgan kunlar ham tundir. Oshiqlar uchun bahor va kuz tushunchalari ham o'zgacha. Qalblarida visol gullari ochilgan damlar borliqda kuz hukmron bo'lsa-da, ular uchun ko'klam, hijronda kechgan lahzalar qay fasl bo'lmasin, oshiq ko'ngillar uchun kuzdir. Sevishganlar ko'ziga hajr chog'ida har chechak bir tikan, yaproqlar esa xazon bo'lib ko'rinadi...
Ilohiy tuyg'uga bezak shart emas. Muhabbatning o'zi go'zal. Chin oshiqlik tilda emas, dilda bo'ladi. Haqiqiy oshiq ma'shuqasining qo'lini tutmoq u yoqda tursin, hatto ko'zlariga tik qaramoqqa, bir so'z demoqqa ham ojiz sezadi o'zini. Sababi oshiqlik - xokisorlikdir. Oshiq ma'shuqasining darajasini hammadan yuqori ko'rganidan unga dil rozini bayon etmoqqa andisha qiladi. U faqat tushlaridagina yor huzuriga borishi mumkin. Biroq tushlar tugasa hamki, oshiqdan bir sado chiqmaydi...
Faqat zaminiy g'uborlardan xoli bo'lib, osmoniy poklikka yetgan qalblardagina ilohiy tuyg'u - muhabbat maskan quradi. Shu bois oshiq ko'ngillarga zamin tor. Ular dunyoning sho'rishlari, turfa g'avg'olari-yu savdolaridan uzoq bo'lmoq istaydilar. Oshiqlar o'z sevgan yorlarini bu dunyo va ahli dunyo g'urbatlaridan uzoqqa - olis-olislarga olib ketishni xohlaydilar. Ushbu she'rda ana shunday chinakam ishq va oshiqlikning mo'jizakor tasviri berilgan.