Sahifa yuklanmoqda . . .
Ola - Asarlar - ola so'zi ishtirok etgan barcha asarlar
Ushbu g'azalda atrofidagi insonlarning nokomilligidan iztirob chekayotgan, shu bilan birga o’zida ezgu fazilatlarni shakllantirishga urinayotgan orif shaxs kayfiyati ifoda etilgan. G’azalning lirik qahramoni topgan oshnolar, orttirgan do’stlar sinovdan o’tolmaganlar, ishonchni oqlolmaganlar. Chunki bundaylar davlatiga qarab do’stlik ixtiyor etgan kimsalardir.
So‘fiy shoirlarni ilohiy ishq kuychilari deyishadi. Lekin ishqni kuylashda har bir shoirning o‘z yo‘li, ovozi, o‘zgachaligi bor. Ahmad Yassaviy ishqi ilohiyni rasmiy shariat doirasidan uzoqlashmagan holda sharh etadi. Navoiy ishqni mushohada qiladi, har qanday yonish-kuyishlarda ham o‘ychanlik, bosiqlik unga xos. Mashrab esa ko‘nglidagi ishq olovi qanday bo‘lsa, uni shundayligicha she’rga ag‘daradi. Ollohga bo‘lgan muhabbatini ochiq izhor etadi. Quyidagi g'azal ham Mashrabning hayoti bayonnomasi deyish mumkin.
Dunyo shunday qurilganki, unga kelgan odam gunoh qilmasligi mumkin emas. Ikkinchi tomondan, inson degan mavjudotga shunday tabiat berilganki, uning gunoh qilmasdan yashashi mumkin emas. Dunyoning loyi borligi va shoirning unga kelib, bilmay «bota qolishi» shundan. Inson ko’pincha o’z ixtiyoriga zid yashaydi. Ushbu g'azalda ham shoirning ishqi tavsifi barobarida dunyoning ishlari, jumladan, tirikchilik tashvishlari, tan va ruhning rohat-farog’atga moyilligi, bularning esa oxir-oqibatda «ishq»iga xalaqit berishi kabi masalalar ko’tariladi.
Hijron nadur? Hijron - sen uchun sevimli bo'lgan insondan yoki maskandan judolik. Hijron - so'ngsiz qiynoq. Hijron - alamli firoq. Hijron - o'tli iztirob. Hijron - bu uyqusiz o'tgan necha-necha tunlar, hijron - bu kelmasligini bilsang-da, kimningdir yo'llariga ko'z tikib, intizor bo'lmoq, hijron - ko'zyoshlaringni ichingga yutib, yuragingni ovutishga urinish... Bu ta'riflarni istagancha davom ettirish mumkin. Ammo ushbu fard hijron neligini qisqa va lo'nda ifodalab beradi.
Bu ruboiyda shoirning tanti shaxsiyati bo’rtib ko’rinib turibdi. U hayot haqida falsafiy o’y surmaydi, balki ko’ngil istaklarini samimiy izhor etadi. Ko’nglining mayllari shu qadar yuksakki, u boshqa ko’ngillarga ham o’tib qoladi. Chindan ham inson umri yillarning uzunligi bilan emas, balki erishilgan maqsadlar bilan o’lchanadi. Maqsadi bo’lsa-yu unga erisholmasa, inson hayotining mazmuni xiralashadi.
Boburning mazkur g’azalida visol sog’inchi ifodalangan. Shoir kuz manzarasini chizadi. Bu manzara podshoh shoirning taqdiriga mos keladi. Muallifning munosabati hamda tuyg’ulari sharhi she’rdagi sog’inch va dardni, ayriliq fojiasini kuchaytirib boradi. Shoir umrning ayriliqda o’tayotganidan zorlanib, «lolarux» (lola yuzli)dan rahm qilishini o'tinadi. Kuz ko’klamdan qanchalik uzoq bo’lsa, oshiq ham ma’shuqadan o’shanchalik yiroq...
Ayol - tabiatning eng go'zal xilqati. Agar u o'z xulqida ezgu fazilatlarni jamlasa, uning qadri shunchalar baland bo'ladiki, u bamisoli quyosh singari butun olamni munavvar etib turadi. Ushbu qit'ada buyuk shoir ana shu haqiqatni o'ziga xos go'zal shaklda ifodalab bergan.
Mazkur qit'a ham g'oyat ibratli bo'lib, unda ko'p narsa insonning o'ziga bog'liqligi aytiladi. Darhaqiqat, dunyoda shunday kimsalar ham borki, ularga odamiylik sifatlari mutlaqo begona. Siz ularni "odam" qilaman deb har qancha urinmang, foydasi yo'q. Axir kuchuk bilan xo'tikni qancha tarbiya qilsangiz ham, ular kelajakda faqat it va eshak bo'ladi xolos-ku!
Ushbu qit'a hazrat Navoiyning eng mashhur qit'alaridan bo'lib, unda insoniyat uchun o'ta muhim bo'lgan ezgu amalga undaladi: «Olam uyi»ga -dunyoga kelganingdan keyin kamolotni «kasb et», komil shaxs bo’l. Bu dunyodan kamolotga erishmay ketmoq, ya’ni «g’amnok chiqmoq» hammomga kirib, poklanmay chiqishday gap. Buyuk shoir komillikka erishmaslikni «farz o’lmag’ay» deb juda keskin qo’yadi...
Ushbu qasidasida shoir Mirzo Ulug’bekning taxtga chiqishini muborakbod etadi, hukmdor shaxsiyatidagi adolat-u jangchilik jihatlari tavsifiga alohida e’tibor qiladi. Uning ovozasini «Sulaymoni zamon»ga, adolatini «No’shiravon»ga, mehribonligini «ato»ga qiyos etadi. Bir so’z bilan «shohi dono» deb ta’riflaydi. Shoir quruq maqtash yo’lidan bormay, tuyg’ularini obrazli tarzda ifodalashga intiladi.
Shoir ushbu g’azalida ma’shuqa achchiq-tiziqlaridan, nozlaridan hayratga tushgan oshiq holatini ifoda etadi. U yor g’azabiga duchor bo’ldi, lekin aybi ne ekanini bilmaydi. Shu bois uni savollar qiynaydi. Oshiq o’zini gunohkor sanaydi. Ammo aybi nimadaligidan xabari yo’q. U ma’shuqa meni rashk etayotirmikan degan o’yga boradi. Lirik qahramon -chorasiz, u ishq yo’lida qurbon bo’lishga tayyor. Shu bois qay tarzda, qanday yo’l bilan o’ldirilishi uni ko’pda qiziqtirmaydi. Uning jon saqlash uchun yor qoshidan ketgisi yo’q...
Ushbu g'azal yor tasviriga bag'ishlangan g'azallar sirasiga kirib, u Atoyi ijodida alohida o'rin tutadi. She'rda ma'shuqaning go'zal husn-u latofati shu qadar tiniq va jozibador aks ettiriladiki, o'quvchi beixtiyor asarning sohir olamiga kirib boradi.
Insoniyat tarixida eng dahshatli qirg‘inbarot - Ikkinchi jahon urushi millionlab kishilar yostig‘ini quritishdan tashqari odamlar ongi, ruhiyatida ham yomon o‘zgarishlar yasadi. Ochlik, muhtojlik odamlarni asabiy, bir-biriga g‘anim qilib qo‘ydi, ayrimlarni egri yo‘lga boshladi. «Urushning so‘nggi qurboni» hikoyasi qahramoni Umri xola urush ketayotgan joylardan minglab kilometr uzoqda bo‘lsa-da, halok bo‘ladi. Umri xola o‘limi sabablarini asarni o‘qigach anglab olasiz.
O‘tgan zamonda Qo‘qon shahrida bir podsho yashagan ekan. Bu podshoning bitta-yu bitta jonon piyolasi bor ekan. Yer yuzini ming marta aylanib chiqsangiz ham bunaqangi piyolani topolmas ekansiz. U shu qadar chiroyli ekanki, qorong‘i tunni oy nuri kabi yoritar ekan. Podsho piyolani tilla sandiqning ichida saqlar ekan. Piyola turgan uyning atrofida bir qancha qo‘riqchilar turar ekan. Agarda podshoning choy ichkisi kelsa, ishonchli odamini yuborib, jonon piyolasini oldirtirar ekan...
Uch og‘a-ini ovga chiqibdi. Qosh qoraygach, bir o‘rmonzorga kelib yotishmoqchi bo‘lishibdi. Birinchi kun kechasi katta akasi poyloqchilik qilibdi. Yarim kechadan so‘ng uxlab qolibdi, qozondagi ovqatni kimdir yeb ketibdi. O‘rtancha og‘asi poyloqchilik qilgan kechada ham shu hodisa takror-lanibdi. Uchinchi kuni kechasi Kenja botir poyloqchilik qilibdi, yarim kechadan keyin...
Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, baland tog‘ bag‘ridagi sero‘t, ko‘m-ko‘k vodiyda bir echki o‘z bolalari bilan yashar ekan. Birinchi bolasi Bulbuli, ikkinchisi Gulsari, uchinchisi Sarguli, to‘rtinchisi Xamirturush, beshinchisi Mirvaxo‘rish, oltinchisi Lolaqizg‘aldoq deb atalar ekan...
Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, o‘tgan zamonda bir podshoh bor ekan. Lekin uning farzandi yo‘q ekan. Kunlardan bir kun o‘ylab, xafa bo‘lib o‘tirsa, o‘ng qo‘l vaziri so‘rabdi: — E podshohi olam, nega xafasiz? Davlatingiz bor. Hamma fuqaro sizning ixtiyoringizda bo‘lgandan keyin, buncha xafagarchilikning nima keragi bor?..
Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, qadim zamonda bir shaharda bir chol bilan kampir bor ekan. Ularning Mamatboy degan bitta-yu bitta o‘g‘li bor ekan. Kampirning ota meros bir hovlisi bor ekan. Chol-kampir bu hovlini uch yuz tillaga sotishibdi va maslahatlashib o‘g‘lini savdo ishiga o‘rgatmoqchi bo‘lishibdi. Chol o‘g‘lini chaqirib...
Hamma narsaning o'z me'yorida bo'lgani yaxshi. Me'yorga yetmagan taom dasturxonga noloyiq bo'lgani kabi me'yoridan ortiq pishirilgan ovqat ham kuyundiga aylanadi. Dono xalqimiz bu borada "Asalning ham ozi shirin", deydi. Ammo afsuski ba'zan hayotda chegarani bilmaydigan kishilarga ham duch kelamiz. Ularning bu odatlari nafaqat o'zlariga, balki atrofdagilarga ham noqulaylik tug'diradi. Mazkur hikoyada ana shu illat ustidan zaharxandalik bilan kulinadi.
Ota o'z qizi uchun nimalarga tayyor deysiz?! Boz ustiga, onasidan erta yetim qolgan ko'ngli yarim qizining baxti uchun ota eng og'ir mashaqqatlarni-da bo'yniga olishga qodir bo'ladi. Ushbu hikoya qahramoni ham keksayib qolganiga qaramay, qizining kelajagi uchun yozuvchi bo'lishga qaror qiladi va bu yo'lda ko'plab sinovlarni boshdan kechiradi...
"Iste'dod yetarli darajada qadrlanmagan joyda fojia yuz beradi", degan edi faylasuflardan biri. Mazkur hikoya orqali ham ushbu hikmatning nechog'li to'g'ri ekanini ko'rish mumkin. Asarlarining qiymati muharrir tomonidan o'ta past baholanishi yozuvchini nimaga yetakladi? Hikoyani o'qigach buni bilib olishingiz mumkin.
Bahor. Borliqda turfa go'zallik. Olam zarrin nurlar va gullarga burkangan. Barcha bu latofat qarshisida mast. Biroq lirik qahramon qalbi nechukdir bezovta. U atrofidagi go'zallikni yana kimgadir ilinadi. Usiz hayot zavqsiz, olam nursiz, hatto bahor ham g'aribdir. U uchun borliqda faqat bir savol kezadi: "Sen bahorni sog'inmadingmi?.."
Hamid Olimjon 1942-yilda «Muqanna» she’riy tragediyasini tugatganidan keyin o‘sha kezlarda Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida tashkil etilgan musiqali drama teatri uchun mazkur asarning musiqiy nusxasini tayyorlab bergan va bu asarga aruz vaznida bitilgan bir qancha g‘azallarni kiritgan. «Kuygay» g‘azali ham «Muqanna» musiqali dramasi uchun yozilgan qo‘shiq matni bo‘lib, u spektaklda Guloyin va Muqannaning dueti tarzida ijro etilgan.
She'rning yozilish tarixi shunday: 1937-yilning mart oyida Hamid Olimjon O‘zbekiston hukumat delegatsiyasi tarkibida Qozog‘istonga borgan. Bu paytda Olma-ota qalin qor gilami ostida, chirsillama qish havosi bilan nafas olayotgan edi. Shuning uchun ham mart oyining so‘nggi kunlarida Toshkentga qaytgan shoir o‘z hovlisidagi bir tup o‘rikning chaman bo‘lib ochilib turganini ko‘rib, ilhom og‘ushiga g‘arq bo‘ladi: Derazamning oldida bir tup O‘rik oppoq bo‘lib gulladi...