Sahifa yuklanmoqda . . .

O'z - Asarlar

O'z - Asarlar - o'z so'zi ishtirok etgan barcha asarlar

Oddiy kishining Allohga muhabbati, undan qo’rquvi tagida jannatga yetishish maqsadi turadi. Mutasavvuf uchun bunday maqsad ta’magirlik hisoblanadi. So’fiy Yaratganning jamoliga yetishishnigina o’ylaydi. Unga Yaratganga muhabbat sababli jannatga erishish va do’zaxdan qutulib qolishni niyat qilish -uyat. Chunki go’yo muhabbati uchun haq talab qilganga o’xshab qoladi. Chin ishq beg’araz bo’lmog’i kerak. So'fiyoda uslubda bitilgan mazkur g'azalda shoir ishqining butun mazmun-mohiyati oynadagidek namoyon bo’lgan.

2311
Yakpora g'azal
Boborahim Mashrab

Mazkur muxammasda bir tomondan, shoirning shirin o’tmish xotiralari, ikkinchi tomondan, oyoqosti qilingan izzat-nafs, bir vaqtlar saltanatning yuksak maqomlarida bo’lgan arbobning tuban ijtimoiy mavqega tushib qolganidagi iztirobli o’ylari aks ettirilgan.

345
Mustaqil muxammas
Turdi Farog'iy

Turdining uch baytdangina iborat «Turdiman» radifli g‘azali hasbi hol — o‘z ahvolini bayon etish tarzida yaratilgan. Unda ma’lum darajada shoirning taqdiri, kechmishlari aks etgan deyish mumkin.

981
Yakpora g'azal
Turdi Farog'iy

Ushbu g'azal adabiyotimiz tarixidagi xalqni milliy birlikka chaqirgan, o‘zaro tenglikka da’vat etgan, hududiy yaxlitlikni targ‘ib qilgan siyosiy ruhdagi birinchi she’r sifatida alohida e’tiborga molikdir. Unda shoirning o'tkir kinoyaviy tili va so'z qo'llash mahorati yaqqol ko'zga tashlanadi.

1396
Yakpora g'azal
Turdi Farog'iy

Mazkur tuyuq "yoro" so'zining tajnisi asosiga qurilgan bo'lib,u quyidagicha ma'no tovlanishlariga ega: "Yor vasli haqida bir so'z demoqlikka madorim yo'q (yaramayman). Ey yor, hajr aro menga rahm ayla. Sen otgan o'qlar qalbimga juda yomon jarohat (yara) yetkazdi, endi lutfing marhamati bilan uni tuzat (korimga yara)".

459
Tuyuq
Zahiriddin Muhammad Bobur

Turdining bor-yo’g’i uch baytdan iborat ixchamgina bu g’azali ishqiy-falsafiy mavzuda bitilgan. G'azal matnini hozirgi tilimizga tabdil qilsak, quyidagi ma'no chiqadi: "Ko’ngil bezagi bo’lgan bu sho’x go’zal shiddatli (turkona) yurish qilib keldi. Yor ko’zining bir cheti bilan ko’ngul mamlakatini talon-taroj etdi, bosib oldi. Tuproqda gul emas, jon unsa ajablanmang, zero, bu shahlo ko’zlar qanchadan-qancha sarvqomat go’zallarni yerga kirgizmadi. Tong yoqasini yirtmaguncha, quyosh paydo bo’lmaganidek, har qayerda ham g’amning do’sti dili g’amdan pora bo’lgan do’stni istaydi".

358
Yakpora g'azal
Turdi Farog'iy

Mazkur ruboiyda muhabbat tuyg’ulari aks etgan bo'lib, misrada so’zlar shu qadar tanlab, hamma ma’no ohanglari ko’zda tutib ishlatilganki, bu yuksak san’atkorlikdan nishonadir.

1018
Xos ruboiy
Zahiriddin Muhammad Bobur

Bobur -hamma mutafakkirlar singari olam, odam va ularning sirlari haqida ko’p o’ylaydigan kishi. O’zi komillik yo’liga tushgan bir solik sifatida o’zgalardan ham yuksak ma’naviy sifatlarga egalik, baland odamgarchilik kutadi. Ammo hayotning o’yinlari ham shundaki, kutilgan ezgu mo’ljallarga kamdan-kam hollardagina erishiladi. Bu hol ta’sirchan, shoirona qalbdan ushbu norozilik otilib chiqishiga sabab bo’ladi...

19552
Yakpora g'azal
Zahiriddin Muhammad Bobur

Mo'min kishiga mahzunlik yarashmaydi. Taqdiridan rozi, kelajagidan umidvor kishining qalbiga qayg'u begona bo'ladi. Mazkur g'azal ham o'quvchini doimo xush kayfiyatda bo'lishga ruhlantirib, hayotga kulib boqishga undaydi va ko'nglingizga yorqin hislar bag'ishlaydi...

3168
Yakpora g'azal
Zahiriddin Muhammad Bobur

Ushbu g'azal hazrat Navoiyning she’rxon tuyg’ularini titroqqa solib, uning tafakkur tarziga o’zgarishlar kiritadigan she’rlaridan biri bo'lib, u ishqiy-tasavvufiy mavzuda. Lekin g'azal faqat shu doirada cheklanib qolmagan. Odatdagidek, unda ham ko’pdan-ko’p hayotiy muammolar, hissiy lavhalar, dunyoviy manzaralar, axloqiy solishtirish va xulosalar aks etgan. Shoir xilma-xil vositalarni ishga solib, o’zining ishqdan mahzun holini sharhlaydi.

1601
Parokanda g'azal
Alisher Navoiy

Mazkur asar ham mutafakkir shoirning eng go’zal g’azallaridan biri bo'lib,unda inson ruhiy holatlari nozikligi, sirliligi tashqi dunyo va odam surati bilan uyg’unlikda g’oyat nozik tasvirlangan. She’rda boshdan-oyoq ranglar jilva qiladi. Shoir tanlagan uch rang: qizil, sariq, yashil - o’zining barcha tovlanishlari bilan namoyon bo’ladi. Tabiatdagi oddiy rang-tusni anglatishdan ijtimoiy, hatto siyosiy ohanglarni ifodalashgacha ko’tariladi. Shoir butun borliqda shu uch rangni ko’radi. Va olamni shu ranglar vositasida ko’rsatadi.

800
Yakpora g'azal
Alisher Navoiy

Ushbu g'azal hazrat Navoiyning mashhur g'azallaridan bo'lib, u go'zal tasvir bilan boshlanadi: "Kecha kelaman deb va'da berib ketgan yor va'dasiga vafo etib kelmadi Shu kecha mening ko'zlarimga ham tong otguncha uyqu kelmadi. Har lahza uning yo'liga chiqib termulaverib, jon og'zimga keldi-yu, o'sha yomon xulqli sho'x go'zal kelmadi"...

41699
Voqeaband g'azal
Alisher Navoiy

Hazrat Navoiy iste'dodining ilk namunalaridan bo'lgan ushbu g'azal mavlono Lutfiyning lutfiga sazovor bo'lgan va she'riyat maydonida g'azal mulkining sultoni paydo bo'lganidan darak bergan edi. G'azal benihoya go'zal o'xshatish bilan boshlanadi: "Yorim yuzlarini yopar ekan, mening ko'zlarimdan har lahza yosh sochiladi, bu go'yo quyosh g'oyib bo'lgach, osmonda yulduzlar paydo bo'lishiga o'xshaydi".

8286
Voqeaband g'azal
Alisher Navoiy

Ko'ngil naqadar nozik va nafis xilqat. Mazkur g'azal yordan ayri ko'ngilning iztiroblari ta'rifiga bag'ishlangan. Ifoda baytma-bayt kuchayib borar ekan, o'quvchi hijron azobining naqadar tubsiz ekanini chuqur his etib boradi va "hajrdin dardi va lekin vasldin darmon yo‘q" oshiqning yurak sirlariga sirdosh tutinadi.

1361
Musalsal g'azal
Alisher Navoiy

Ayol - tabiatning eng go'zal xilqati. Agar u o'z xulqida ezgu fazilatlarni jamlasa, uning qadri shunchalar baland bo'ladiki, u bamisoli quyosh singari butun olamni munavvar etib turadi. Ushbu qit'ada buyuk shoir ana shu haqiqatni o'ziga xos go'zal shaklda ifodalab bergan.

1314
Qit'a
Alisher Navoiy

Mazkur fardda shoirning ko’nglini o’rtagan, tuyg’ulariga ta’sir etgan holatlar mutoyibali yo’sinda tasvirlangan: "Men yor deb ataganim go'zal parida odamiylik fazilatlaridan boshqa barcha xislatlar mavjud". Yorning «yetuk»ligini bundan chiroyliroq ifodalash mushkul. Oltitagina so’zga bir olam ma’no joylash shoirning tasvir imkoni cheksizligini ko’rsatadi.

1423
Fard
Alisher Navoiy

Aybingni aytgan kishini yoqtirmaslik hammaga xos. Lekin bu bilan o’ziga zarar qilayotganini hazrati Navoiyning ushbu fardi kishiga juda tushunarli va ta’sirli qilib yetkazib beradi. Chindan ham dam urilsa, ya’ni nafas tegsa, ko’zgu xiralashadi. Shu kabi to’g’ri gapga chidamay jirillash ham keyingi safar aybingning aytilmasligiga olib keladi. Ya’ni ma’naviy ko’zguni xiralashtiradi. Fardda payg’ambarimizning: «Musulmon musulmonga ko’zgu», -degan hadislari shoir tomonidan o’ziga xos tarzda badiiy shaklga solingan.

1240
Fard
Alisher Navoiy

Ruboiy yor tasviriga bag’ishlangan. Shoir ko’proq tavsif -vasf etish yo’lidan boradi. Tavsif bo’lib hamki, favqulodda tashbeh -o’xshatishlar, kutilmagan sifatlashlar yo’q. Sodda, jo’ngina to’g’ridan to’g’ri e’tirof turibdi. Lekin shoir iste’dodi ana shu jo’ngina so’zlar va bosiq e’tirofni go’zal badiiy hodisaga aylantira olgan.

1624
Taronai ruboiy
Alisher Navoiy

Ushbu g'azal ham ishqiy-falsafiy mavzuda bitilgan bo'lib, u "devona ko'ngli"ning yana ishq dardiga mubtalo bo'lganidan yozg'irishdan boshlanadi, so'ngra shoir har bir baytda o'ziga xos bir muammo - qalbini azoblayotgan dardlarini birma-bir to'kib soladi. Biroq shunda ham, u taqdirdan rozi: Allohga shukr etib, dilini shodlikka oshno etmoqqa tutinadi.

204
Parokanda g'azal
Gadoiy

Mazkur g'azal o'zining jozibadorligi va ohangdorligi bilan Gadoiy adabiy merosida alohida ajralib turadi. Unda oshiqning xokisor holati shunchalar samimiy va dilga yaqin tasvirlanadiki, o'quvchi beixtiyor bu tasvirning asiriga aylanadi. G'azal bugungi kunda ham xonandalarimiz tomonidan sevib ijro etib kelinmoqda.

112
Yakpora g'azal
Gadoiy

Mazkur tuyuq "qotila" so'zi tajnisiga asoslangan. Shoir unda "Yor ko'yida azob chekib to'kkan yoshlarim tuproqqa qorishsa ham, bu azoblar meni ortga qaytara olmaydi. Biroq yorimning g'amzasi mening jonimni olsa ham, ul qotilaga baribir", deya bitar ekan, bu lavha orqali oshiqning xokisorligi va ishq yo'lida sobitligi, ma'shuqaning esa jafokorligi anglashiladi.

255
Tuyuq
Lutfiy

Mazkur g'azalni muallif tamoman o‘zbek xalq maqollari asosiga qurgan. Har bir baytda shoir bittadan maqol qo‘llaydi. Maqollar go‘yo baytlar birinchi misrasida aytilgan fikrga bir isbotdek keltiriladi. Shuning uchun barcha baytlarning ikkinchi satri maqol bilan tugaydi. Demak, shoir beshta bir-biriga qofiyadosh so‘z bilan tugaydigan maqol topgan. Bu esa uning poetik mahoratini ko'rsatadi.

1257
Yakpora g'azal
Lutfiy

G‘azal tamoman turkona ruhda bitilgan. An’anaviy yetti baytdan iborat. Ishq mavzusi qalamga olingan. Biroq bu yerda zimdan ilohiy ishq ko‘zda tutilganini unutmaslik kerak. G‘azalning tili – sodda, ravon. Murakkab, falsafiy – tasavvufiy so‘z va timsollar uchramaydi hisob. Bugungi o‘quvchi uchun ham tushunarli. Yengil kayfiyat, ayricha bir ishqiy zavq bilan o‘qiladi. Hozirgacha hofizlarimiz bu g‘azalni qo‘shiq qilib kuylayotgani ham shundan bo‘lsa kerak. Bu g‘azal ham mumtoz yo‘lda, ham zamonaviy estrada usulida ashula qilingan.

5525
Yakpora g'azal
Lutfiy

Ko‘ngil mumtoz she’riyatimizning asosiy tasvir manbai hisoblanadi. Chunki Alloh kishining ko‘nglidagina aks etadi. Ishq ham ko‘ngil ishi. Ushbu g'azaldagi lirik qahramon ham ishq bobida barcha «ayb»ni ko‘ngliga qo‘ymoqchi: uni shaydo, xor-u rasvo, qora qoshliklar uchun o‘qdayin tik qomatini yoydek egik qiladigan ham - shu. "Meni sevdi deb ayblama, buni istayotgan ham - ko‘ngul. Eshigiga tez-tez boraverma, deyishadi, lekin ko‘ngil shuni taqozo etsa, nima qilay?" deya fig'on chekadi u. Bu g‘azal hozirgacha xonandalarimiz tomonidan sevib kuylanadi. Oradan to‘rt yuz yil o‘tib, XIX asrning birinchi yarmida Nodira Lutfiyning shu g‘azaliga o‘xshatma yozdi.

2399
Yakpora g'azal
Lutfiy