Sahifa yuklanmoqda . . .
Hi - Asarlar - hi so'zi ishtirok etgan barcha asarlar
Mazkur g'azalda muhabbat tuyg’usi qalamga olingan. Ilk misrada lirik qahramon o’z oldiga "Nega muncha siyohdur kokul?" deya savol qo’yar ekan, mumtoz adabiyotda ham hech kimning xayoliga kelmagan yo’sinda unga javob topishga erishadi...
Ushbu g'azalda ma’shuqa bergan azoblardan ruhiga taskin izlaydigan oshiq tuyg’ulari g’oyat o’ziga xos tarzda tasvir etiladi.
Ushbu g'azalning o'ziga xosligi shundaki, u ishq quvvatining cheksizligini madh etish yo’sinida borib, maqta’ga kelganda yorning tengsiz go’zalligi va oshiqning unga bo’lgan cheksiz muhabbatining oshkor bo’lmasligi tilagi bilan yakunlanadi. Ya’ni odamning ko’ngliga tegishli tuyg’ular ko’ngil kabi pinhon bo’lgani ma'qul.
Amiriyning juda uzoq yillardan buyon mashhur "Chorzarb" kuyiga solinib, qo’shiq sifatida aytib kelinayotgan «Qoshingg’a teguzmagil qalamni» misrasi bilan boshlanadigan g’azalida shoir lirikasiga xos xususiyatlar to’liq mujassamlangan. Inson ruhiyatining turfa holatlarini nozik his qiladigan Amiriy she’riyatining hayotsevarlik, umidbaxshlik jihatlari g’azal matla’sidayoq yaqqol ko’zga tashlanadi.
Mazkur tuyuq "yolin" so'zi tajnisi asosiga qurilgan bo'lib, undan quyidagi ma'no anglashiladi: "Ishq o'tidan borliqqa taralgan uchqunlar mening bor-yo'g'imni yondirib, kulga aylantirdi. Endi, ey ko'nglim, himmat otining yolini mahkam ushlab, yor izidan bor va undan karam so'rab, yalinib-yolborgin".
Mazkur ruboiy didaktik ruhda bo'lib, unda shoir insonni yoshlik damlarini g'animat bilib, vaqtni behuda o'tkazmay, uni foydali ishlarga sarf etishga, xususan, ilm o'rganishga chaqiradi.
Ushbu muxammas mashhur shoir Fuzuliyning "Etdigumdandur" radifli g'azaliga bitilgan bo'lib, unda ko'ngil holatining eng yashirin va sirli jihatlari nazokat bilan tasvirlangan.
Mazkur asar hazrat Navoiy g'azaliga bitilgan muxammasdir. Munis hazrat Navoiyni o'ziga ulug' ustoz deb bilgan va butun hayoti davomida qalbida hazrat siymosiga chuqur hurmat va ehtirom saqlagan. Kimsan Navoiy asariga taxmis bog'lash ijodkordan anchayin katta iste'dod va mahoratga ega bo'lishni talab etadi. Munis mazkur muxammasni bitishi orqali o'z iste'dodining ko'lamini namoyish etdi.
Mazkur g'azalda shoir yor istig’nolaridan ozor chekkan oshiqning aftoda holati, tushkun kayfiyatini o’ynoqi tarzda, yengil ohanglarda tasvirlaydi. Holatning og’irligi bilan tasvirning yengilligi o’rtasidagi ziddiyat natijasida yuzaga kelgan badiiy qiymat she’rlarning yoqimliligini oshiradi. Ular she’rxonga tez ta’sir qiladi va uzoq vaqt esda saqlanib qoladi.
Ushbu g'azalda atrofidagi insonlarning nokomilligidan iztirob chekayotgan, shu bilan birga o’zida ezgu fazilatlarni shakllantirishga urinayotgan orif shaxs kayfiyati ifoda etilgan. G’azalning lirik qahramoni topgan oshnolar, orttirgan do’stlar sinovdan o’tolmaganlar, ishonchni oqlolmaganlar. Chunki bundaylar davlatiga qarab do’stlik ixtiyor etgan kimsalardir.
Ishqi ilohiy, shoir Mashrab o'zi iqror bo'lganidek, unga dunyoga kelgan kunidan beri hamroh edi. Bu ilohiy tuyg'u bilan u dunyo kezdi, sarsonlik va malomat o'qlariga nishonlik azobini totdi va hatto dor ostiga bordi. Ammo buning uchun dilida zarra qadar o'kinch va pushaymonlik tuymadi, aksincha, uning dard-u fikri faqat Yor vasliga yetmoq bo'ldi. Ushbu muxammas ham shoirning o'z sevganiga murojaati - munojotidir.
Mashrab she’rlari mazmuniga ko’ra ham, ifodasi jihatidan ham u qadar sodda emas. Chunki Mashrab falsafasining o’zi juda murakkab. Unda bu yorug’ olam Alloh tushunchasi bilan birlashib ketadi. Shoir ijodida biz ko’rib turgan bu atrof-olam hammasi sir-sinoat va unda faqat Alloh namoyon ekani ifodasini topadi. Solih bandaning Allohga bo'lgan ishqini bayon etmoqqa qodir bo'lgan til bormi bu dunyoda? Yo'q, bu imkonsizdir. Nega? Buni shoir shunday izohlaydi:
So‘fiy shoirlarni ilohiy ishq kuychilari deyishadi. Lekin ishqni kuylashda har bir shoirning o‘z yo‘li, ovozi, o‘zgachaligi bor. Ahmad Yassaviy ishqi ilohiyni rasmiy shariat doirasidan uzoqlashmagan holda sharh etadi. Navoiy ishqni mushohada qiladi, har qanday yonish-kuyishlarda ham o‘ychanlik, bosiqlik unga xos. Mashrab esa ko‘nglidagi ishq olovi qanday bo‘lsa, uni shundayligicha she’rga ag‘daradi. Ollohga bo‘lgan muhabbatini ochiq izhor etadi. Quyidagi g'azal ham Mashrabning hayoti bayonnomasi deyish mumkin.
Dunyo shunday qurilganki, unga kelgan odam gunoh qilmasligi mumkin emas. Ikkinchi tomondan, inson degan mavjudotga shunday tabiat berilganki, uning gunoh qilmasdan yashashi mumkin emas. Dunyoning loyi borligi va shoirning unga kelib, bilmay «bota qolishi» shundan. Inson ko’pincha o’z ixtiyoriga zid yashaydi. Ushbu g'azalda ham shoirning ishqi tavsifi barobarida dunyoning ishlari, jumladan, tirikchilik tashvishlari, tan va ruhning rohat-farog’atga moyilligi, bularning esa oxir-oqibatda «ishq»iga xalaqit berishi kabi masalalar ko’tariladi.
Oddiy kishining Allohga muhabbati, undan qo’rquvi tagida jannatga yetishish maqsadi turadi. Mutasavvuf uchun bunday maqsad ta’magirlik hisoblanadi. So’fiy Yaratganning jamoliga yetishishnigina o’ylaydi. Unga Yaratganga muhabbat sababli jannatga erishish va do’zaxdan qutulib qolishni niyat qilish -uyat. Chunki go’yo muhabbati uchun haq talab qilganga o’xshab qoladi. Chin ishq beg’araz bo’lmog’i kerak. So'fiyoda uslubda bitilgan mazkur g'azalda shoir ishqining butun mazmun-mohiyati oynadagidek namoyon bo’lgan.
Turdining uch baytdangina iborat «Turdiman» radifli g‘azali hasbi hol — o‘z ahvolini bayon etish tarzida yaratilgan. Unda ma’lum darajada shoirning taqdiri, kechmishlari aks etgan deyish mumkin.
Hijron nadur? Hijron - sen uchun sevimli bo'lgan insondan yoki maskandan judolik. Hijron - so'ngsiz qiynoq. Hijron - alamli firoq. Hijron - o'tli iztirob. Hijron - bu uyqusiz o'tgan necha-necha tunlar, hijron - bu kelmasligini bilsang-da, kimningdir yo'llariga ko'z tikib, intizor bo'lmoq, hijron - ko'zyoshlaringni ichingga yutib, yuragingni ovutishga urinish... Bu ta'riflarni istagancha davom ettirish mumkin. Ammo ushbu fard hijron neligini qisqa va lo'nda ifodalab beradi.
Turdining bor-yo’g’i uch baytdan iborat ixchamgina bu g’azali ishqiy-falsafiy mavzuda bitilgan. G'azal matnini hozirgi tilimizga tabdil qilsak, quyidagi ma'no chiqadi: "Ko’ngil bezagi bo’lgan bu sho’x go’zal shiddatli (turkona) yurish qilib keldi. Yor ko’zining bir cheti bilan ko’ngul mamlakatini talon-taroj etdi, bosib oldi. Tuproqda gul emas, jon unsa ajablanmang, zero, bu shahlo ko’zlar qanchadan-qancha sarvqomat go’zallarni yerga kirgizmadi. Tong yoqasini yirtmaguncha, quyosh paydo bo’lmaganidek, har qayerda ham g’amning do’sti dili g’amdan pora bo’lgan do’stni istaydi".
Ushbu asar Boburning ruboiychilik mahoratini yorqin ifoda etuvchi ruboiylardan biridir. Keyingi satr oldingisining oqibati, avvalgi misra ortdagilar uchun sabab bo’lib kelgan bu ruboiyda so’zlar o’ta oz bo’lishiga qaramay, hislar talashi, tuyg’ular jilvasi namoyon bo’ladi.
Bu ruboiyda shoirning tanti shaxsiyati bo’rtib ko’rinib turibdi. U hayot haqida falsafiy o’y surmaydi, balki ko’ngil istaklarini samimiy izhor etadi. Ko’nglining mayllari shu qadar yuksakki, u boshqa ko’ngillarga ham o’tib qoladi. Chindan ham inson umri yillarning uzunligi bilan emas, balki erishilgan maqsadlar bilan o’lchanadi. Maqsadi bo’lsa-yu unga erisholmasa, inson hayotining mazmuni xiralashadi.
Bobur -hamma mutafakkirlar singari olam, odam va ularning sirlari haqida ko’p o’ylaydigan kishi. O’zi komillik yo’liga tushgan bir solik sifatida o’zgalardan ham yuksak ma’naviy sifatlarga egalik, baland odamgarchilik kutadi. Ammo hayotning o’yinlari ham shundaki, kutilgan ezgu mo’ljallarga kamdan-kam hollardagina erishiladi. Bu hol ta’sirchan, shoirona qalbdan ushbu norozilik otilib chiqishiga sabab bo’ladi...
Siz Boburning ko'ngil dardlarini chuqurroq anglashni istasangiz, ushbu g'azalni albatta o'qing. Unda bir qarashda yordan ayrilgan oshiqning hijronda chekkan azobi ifodalangandek tuyulsa-da, she'rning asl mohiyatiga kirib borar ekansiz, aslida uning Vatanga bo'lgan tuyg'ulari aks etgan qalb manzarasi ekanini his etasiz.Vatan ishtiyoqi, g’urbat iztirobi Boburga qadar hech bir shoirda bunchalik yorqin va betakror ifodalanmagan edi.
Ushbu g'azal hazrat Navoiyning she’rxon tuyg’ularini titroqqa solib, uning tafakkur tarziga o’zgarishlar kiritadigan she’rlaridan biri bo'lib, u ishqiy-tasavvufiy mavzuda. Lekin g'azal faqat shu doirada cheklanib qolmagan. Odatdagidek, unda ham ko’pdan-ko’p hayotiy muammolar, hissiy lavhalar, dunyoviy manzaralar, axloqiy solishtirish va xulosalar aks etgan. Shoir xilma-xil vositalarni ishga solib, o’zining ishqdan mahzun holini sharhlaydi.
Mazkur asar ham mutafakkir shoirning eng go’zal g’azallaridan biri bo'lib,unda inson ruhiy holatlari nozikligi, sirliligi tashqi dunyo va odam surati bilan uyg’unlikda g’oyat nozik tasvirlangan. She’rda boshdan-oyoq ranglar jilva qiladi. Shoir tanlagan uch rang: qizil, sariq, yashil - o’zining barcha tovlanishlari bilan namoyon bo’ladi. Tabiatdagi oddiy rang-tusni anglatishdan ijtimoiy, hatto siyosiy ohanglarni ifodalashgacha ko’tariladi. Shoir butun borliqda shu uch rangni ko’radi. Va olamni shu ranglar vositasida ko’rsatadi.