Sahifa yuklanmoqda . . .
Va’da qildi bir kelay deb, ko‘zga uyqu kelmadi,
Telmurub yo‘lida qoldim sho‘xi badxo kelmadi.
Necha keldi shum raqiblar, ul pariro kelmadi,
Dardidin o‘ldum, tabib, dardimg‘a doru kelmadi,
Men shahidi ishq bo‘ldum qatrayi suv kelmadi...
Oh-voh aylab, g‘aribliq shahrida bemorman,
Gar olur bo‘lsang jonimni ol, sanam, bezorman.
Pardani yuzdin ko‘targil, oy yuzungga zorman,
Soqiyo, to‘lg‘incha may ber, necha kun xummorman,
Barcha majlislar guli zulfi sumanbo‘ kelmadi.
Tashna lab o‘ldum g‘amingdan, mehribonim, qaydasan?
Oh urub istab yurubman, jonajonim, qaydasan?
Izlasam yo‘qtur makoning, lomakonim, qaydasan?
Mahrami sirrim meni, ey rozdonim, qaydasan?
Yuz tuman savdoye tushti, maslahatgo‘ kelmadi...
Ich-u toshim g‘amg‘a to‘ldi, g‘amgusorim, kelsango,
Harna qilsang, sen o‘zing qil, dilda borim, kelsango!
Jumla shohlarning ulug‘i, nomdorim, kelsango,
Marhamatlik podshohim, tojdorim, kelsango,
Dilni zangin ko‘rsaturga oyinaro‘ kelmadi...
Zohido, Mashrabga deding: «Masjid ichra qo‘y qadam!»
Fashidin qildim ibo, hech urmadim men anga dam,
«O‘lturub mehrobda, debdi, xotiringni ayla jam!»
Turfa ishdurkim Ko‘rung masjidga kirmish dard-u g‘am,
Necha kun zohid bo‘lub, ko‘ngulga bir «hu» kelmadi.
(1653-1711) Boborahim Mullavali o‘g‘li Mashrab mumtoz adiblarimiz orasida o‘zidan keyin alohida va takrorlanmas maktab yaratgan ulug‘ ijodkorlarimizdan biridir. Uning lirik merosi bilan birga «Mabdayi nur» va «Kimyo»asarlari ham yetib kelgan. Mashrab lirikasining mavzu qamrovi juda keng. Unda olam va odamga aloqador bo‘lgan barcha mavzular qamrab olingan deyish mumkin. Ammo ularning barchasi go‘yoki ishq-muhabbat mavzusi atrofiga birlashgandek tuyuladi.