Sahifa yuklanmoqda . . .
Bahor - Asarlar - bahor so'zi ishtirok etgan barcha asarlar
Orazi gul, husni hilol, Alloh go`zal, Alloh go`zal. Mutloq kamol, mutloq jamol, Alloh go`zal, Alloh go`zal… Arsh arkida sulton o`zi, Beaybu benuqson o`zi. Poyiga cho`k, ul Zuljalol, Alloh go`zal, Alloh go`zal…
Dunyo yuzga niqobin tutib Ko’zimizni boylar ekan-da- Men ukam deb opichgan umrim Ulg’aymoqda ikki yelkamda. Bahor kelsa, sochpopuk taqib, Sumalakka izlardim toshlar. Menga popuk bergan majnuntol Endi g’amdan ertaklar boshlar. Omonlig-u esonlik tilab, Buvam duo qilardi uzoq. Ona, nega yuzingiz so’lg’in, Ota, nechun qo’lingiz qadoq?..
Jismimda jon borligin dardim aytar, Yaratgan der: "Haq so'zni mardim aytar", Kimligimni el ichra qadrim aytar, Har bandaning qanoti qayrilmasin, Umrin bersin, baxtidan ayrilmasin. Yomg'iri yo'q bulutni bulut demang, Qanot kergan quzg'unni burgut demang, Ko'ngil ko'rki - ishq dardin unut demang, Oshiq bo'lsa, ohidan ayrilmasin, Osmon bo'lsa, mohidan ayrilmasin...
Oshiqlar uchun bu hayot butkul o'zgacha ma'no kasb etadi. Ular goho otashin hislar qanotida samolar qo'ynida parvoz etsa, gohida tuproqqa aylanib, ma'shuqa oyoqlari ostiga to'kiladi. Ba'zan bahor bo'lib, qalbida yangi-yangi orzu-umidlar gullasa, ba'zida kuzga aylanib, hislari ming bir xazonlarga do'nib, taqdir shamollarida sarsari kezadi. Oshiqlar ko'ziga dunyo boshqacha ko'rinadi. Ular uchun yorning o'zi butun bir olamdir. Ular o'z dunyosini yordan ayri holda tasavvur eta olmaydilar. Ushbu she'r ham chin oshiqning ko'ngil nolalaridir.
Chinakam ayriliq sevganingdan olisda yashamoq emas. Chunki ko'ngillar bir ekan, bir kun topishmoqqa umid bor ekan, masofalar olisligi ayriliq sanalmaydi. Chinakam ayriliq sevganing bilan yo'llaring ayro bo'lishi. Har bir daqiqa, har bir soniya uni bag'ringdan yulib ketayotganini his etib turishdir. U seni, sen esa uni hech qachon yodingdan chiqara olmasang-u, uni sendan atigi bir necha qadamli yo'l ajratib tursa-yu, yoniga borolmasang, unga eltuvchi yo'llaring hijron dashtida g'oyib bo'lgan bo'lsa, bu haqiqiy hijrondir.
"Bog‘ qo‘ynida ikki daraxt — Bir-biriga intizor. Sen — bir daraxt, Men — bir daraxt, Kuyib-kuyib o‘tdik, yor..." Ha, bu hayotdan kimlar bir-biriga intizor bo'lib, kuyib o'tmagan. Tarixlarda hijron, qo'shiqlarda hijron, dostonlarda hijron, ertaklarda hijron. Balki, muhabbatning chinligini, oshiqlar o'rtasidagi ko'zga ko'rinmas rishtaning mustahkamligini ko'rsatuvchi kuch ham aynan ayriliqdir. Ushbu "Hayot qo'shig'i"da ham ayriliq dilga yaqin holda kuylangan.
Muhabbat va rashk. Ikkisi egiz tushunchalar. Sababi biri ikkinchisisiz mavjud bo'la olmaydi. Inson o'z sevganini dunyoda hamma-hammadan - hatto oy-u yulduzlardan, gul-u giyohlardan, bahor-u yozlardan qizg'onadi. Oshiq ma'shuqasini o'z qalbi qadar yaqin ko'radi. Qalbsiz yashab bo'lmagani kabi mahbubasidan ham yiroq hayot kechirishni tasavvur eta olmaydi. U butun borlig'i bilan sevgilisiga qarata: "Sen faqat menikisan! Men seni hech kimga bermayman!" deydi...
Ushbu she'rda insonning yurak qatlarida bo'ladigan, hatto eng yaqin do'stga ham aytish, tushuntirish imkonsiz bo'lgan hislar juda ta'sirchan va sof holda ifoda etilgan. Alloh qaysidir bandasiga ulkan dard - shoirlik qismatini berar ekan, unga shu dardni ko'tara oluvchi ulkan yurak ham beradi. Binobarin, bunday ulkan yurak bilan inson kichikkina qishloqqa sig'maydi. U bu yerdan ketishga majbur. Ammo qayerga bormasin, dasht - vatani unga hamisha hamrohlik qiladi...
Inson ona zamindagi eng mukarram va ayni chog'da eng ojiz xilqat. Negaki har qanday inson mehrga tashna. Nafaqat hech kimi yo'q, g'arib-bechoralar, balki shon-shuhratdan boshi osmonga yetgan mashhur zotlar ham chin qalbdan samimiy aytilgan ikki og'izgina shirin so'zga muhtoj. Soxtaliklar va sun'iyliklar urchigan bu zamonda tabiiylik, samimiyat anqoning urug'i go'yo. Hamma uni izlaydi, hamma unga talpinadi...
Hayot juda go'zal. Yashamoq zavqli. Har bir nihoyaning ibtidosi bor. Qish qahratonidan so'ng bahor quyoshining zarrin yog'dusi olamni munavvar etib, dillarga hayot zavqini qaytaradi. Borliq nurlarga, gullarga va ko'm-ko'k maysalarga to'ladi. Maysalar qatida hayot toshadi. Maysalar bomba o'pqonlari-yu yong'in bo'lgan joylarni ham chetlab o'tmaydi. Borliqning barcha ayblarini yopib, odamlarga dunyoni yanada go'zal ko'rsatadi...
Baxt va armonning mezoni mavjudmi? Kim baxtli va kim baxtsiz ekanini bexato topa oluvchi kishi ham bormikan dunyoda? Axir har bir inson ochilmagan kitob, javobi topilmagan jumboq. Ko’pincha biz baxtiyor deb havas qilgan odamlarning hayoti armonlarga belangan, umri to’la gul deganimizning yo’li to’la tikan, boshidan nur yog’ilib yashayapti deganimizning dilidan qon sizib yashayotgan bo’ladi. Demak, insonning asl haqiqatlarini yolg’iz Alloh, keyin esa bandaning yolg’iz o’zi biladi…
Oshiqlarga kun va tun tushunchalari begona. Ular uchun bu tushunchalar boshqacharoq ma'no anglatadi. Yor bilan o'tgan kechalar ham kunduz, yorsiz kechgan kunlar ham tundir. Oshiqlar uchun bahor va kuz tushunchalari ham o'zgacha. Qalblarida visol gullari ochilgan damlar borliqda kuz hukmron bo'lsa-da, ular uchun ko'klam, hijronda kechgan lahzalar qay fasl bo'lmasin, oshiq ko'ngillar uchun kuzdir. Sevishganlar ko'ziga hajr chog'ida har chechak bir tikan, yaproqlar esa xazon bo'lib ko'rinadi...
Ushbu she'rda shoir ijodkorning ijtimoiy vazifasi, mas’ulligi haqidagi o‘y-xayollarini aks ettiradi. Chin she’r hayajon demakdir. O‘zgani hayajonga solgan, ruhiy muvozanatdan chiqargan shoirgina haqiqiy ijodkordir. Chunki u hayajondan yaraladi va hayajon yaratadi. Chin shoirning so‘zlari qalbiga doir, ammo uning hayoti o‘ziga doir emas. Uning omonatgina joni vataniga tikilgan. Unga iste’dod shuning uchun berilgan. Toki dunyoda zulm bor ekan, toki hayotda zo‘ravonlik, adolatsizlik mavjud ekan, shoir davr bilan, jamiyat bilan kelishishi, qarsakboz bo‘lishi mumkin emas...
Urush. Qanchadan qancha mamlakatlarning vayronaga aylanishiga, qanchadan qancha odamlarning boshpanasiz qolishiga sabab bo'lgan, otani o'g'ildan, o'g'ilni esa otadan ayirgan dahshatli ofat. Ushbu she'rda shoiraning ona qalbi urushga qarshi oyoqqa turadi va unga qarata: "Urush, noming o'chsin jahonda!" deya baralla hayqiradi...
Mazkur she'r Zulfiya o'z umr yo'ldoshining porloq xotirasiga atab yozgan asarlardandir. U bahor faslining kirib kelishi tasviri bilan boshlanadi. Odatda ko'klam kelishi quvonch-u shodlik bilan qarshi olinsa, bu bahor alam va ko'zyosh bilan kutib olinadi. Bahor esa hayron boqqancha shoiradan yori qaydaligini so'roqlaydi. Ayolning tillari bir javob aytishga ojiz bo'lganidan uni jimgina shoir qabriga boshlab boradi...
"Shu kunlarda bahorga zorman"... Qiziq, shoira bahor deganda nimani nazarda tutdi ekan? Yoshliknimi? Muhabbatnimi? Yorqin hislarnimi? Ilhomnimi? Yoxud sevgan yoriga bo'lgan sog'inchni ifoda etdimikan u? Bu haqda darhol hukm chiqarib yuborishdan yiroqmiz. Har bir o'quvchi mazkur she'r mutolaasi orqali o'z fikr-mulohazalariga ega bo'lgani ma'qul...
Zulfiyaxonim vafo va sadoqat ramziga aylangan o'zbek shoirasidir. Ushbu she'r butun umr o'z yoriga sodiq o'tgan ayol qalbi navolaridir. Unda yolg'izlik iztirobi va ayollik irodasi o'ziga xos tarzda samimiy ifoda etilgan. Unda naqoratday takrorlanuvchi "Tirik ekan nega tashlab ketmading?!" kalimasi o'quvchi qalbini larzaga solishi shubhasiz.
O‘zbek xalqi dunyodagi eng qadimgi xalqlardan biri sanaladi. Va bu xalq tarixda misli ko‘rilmagan hodisalarni boshdan kechirgan. Xalqimiz bamisli samandardek barcha sinovlardan omon chiqdi, sharaf bilan chiqdi. Guruch kurmaksiz bo‘lmaganidek, yov kelganda o‘zini chetga olgan, joni shirinlik qilib sha’nidan kechgan, hatto do‘stlarini sotgan kimsalarni ham, afsuski, tarix yoddan chiqarmaydi. Ularning kirdikorlari tufayli yurtning «ado bo‘lmas armonlari, toshlarni yig‘latgan dostonlari» paydo bo‘ldi...
Bu hikoyada ajoyib bir voqea tasvirlanadi. U ov qilish uchun yo'lga chiqqan odam tilidan yozilgan. Bir kuni u yomg'irda qolib ketadi va yo'lovchilar birrov qo'nib o'tishiga mo'ljallangan kamarchaga kirib jon saqlaydi. Kamarchada yana bir kishi bor edi. Sirtdan qaraganda oddiygina bo'lib ko'ringan bu odam hikoya so'ngida ovchi yigitni hayratda qoldiradi...
To‘ra Sulaymonning «Iltijo» she’ri bahorga bag‘ishlangan. She’rning dastlabki bandida kelinchak bahor kelishi bilan tabiatda yuz beradigan o‘zgarish va jonlanishlar tasvirlanadi. Biroq banddan bandga shoirning bahorga iltijosi tobora kengroq ko‘lam, borgan sari chuqurroq mazmun kasb eta boshlaydi. Endi bahor bir fasl nomigina emas, balki tansiq tuyg‘ular mujassam, ezgulikning ramzi bo‘lib gavdalanadi.
Lahza nima? Ko‘z ochib yumguncha o‘tadigan fursat. Go‘yo e’tiborga, diqqatga arzimaydi. O‘z umrini poyonsiz deb o‘ylaydigan aksariyat odamlar uchun lahzaning sariq chaqalik qimmati bo‘lmasligi ham mumkin. Biroq... Biroq shoir bu she'ri orqali butun insoniyat hayoti - uning quvonch-u tashvishlari, hatto qismati ham mana shu lahzalarga jo ekanini favqulodda misollar bilan isbotlab beradi.
Ushbu she'rni shoirning o'z hayoti - yoshlik umri haqida bitgan o'ziga xos iqrornomasi deyish mumkin. Unda shoir yoshligi qanday o'tgani haqidagi xotiralarini bayon etadi.
Ushbu she'r U.Nosirning Samarqanddan onasiga yozgan she’riy maktubi bo'lib, unda shoir bolaligida ko‘rgan sargardonliklarini tabiat manzaralariga uyg‘un holda qayta jonlantiradi, o‘quvchini o‘z xotiralariga oshno etadi.
Kuz qo'ynida turgan shoir "Bahorni sog'indim" der ekan, bahor shunchaki yil fasligina emas, balki majoziy ma'no ham kasb etadi. Shoir uchun mustamlakachilik davri go'yo kuz izg'irini kabi bo'lsa, bahor istiqlol va porloq istiqbol haqidagi "ezgu tilaklar"ni anglatardi...