Sahifa yuklanmoqda . . .
Mirtemir Asarlari - Sahifamizdan o'zbek va jahon adabiyotining eng sara namunalari o'rin olgan bo'lib, ular sizni tafakkurning cheksiz osmonida parvoz qilmoqqa chorlaydi.
Bu she'r Toshbibi (Toshbu) ismli ayolning yoriga sadoqati, ahdiga vafosi, tugalmas bardoshi va metin irodasini tarannum etadi. Yorini og'ir jangga kuzatgan bu ayol kelinlik zeb-ziynatlarini sandiqqa tashlab, erkaklarning og'ir mehnatini o'z zimmasiga oladi. Kunni tunga ulab, dalalarda ishlaydi va turmushning butun mashaqqatlarini totadi. Nihoyat, eri jangdan qaytadi, ammo... bir qo'lidan ajragan holda. Biroq Toshbu yorini tirik ko'rmoqlikning o'zini bir buyuk baxt deb biladi...
Ushbu she’rda shoirning diliga qiynoq beruvchi, qalbini azoblovchi tuyg’u g’oyat samimiy aks ettirilgan. Shoir boshiga qora kunlar tushgan mahal oilasidan uzoqda tuhmat jabrini tortar ekan, to‘satdan onasining vafoti haqidagi sovuq xabar uning dilini teshib o‘tadi. Onasini hatto so‘nggi yo‘lga ham o‘zi kuzata olmagan farzandning qonli bag’ridan ushbu satrlar to‘kiladi…
Ushbu she’rda Mirtemirning vatanparvarlik tuyg’ulari to‘la namoyon bo‘lgan. U o‘zi tug’ilgan, ulg‘aygan, butun umrini yashab o‘tgan Vatanini butun o’ziga xosliklari bilan ta’riflab, yurt dushmanlariga nisbatan nafratini izhor qiladi.
Mazkur she'rda sof va beg'ubor muhabbat Mirtemirning o'ziga xos sodda va o'ynoqi ohanglarda kuylanadi. Undagi oshiqning xokisorligi va yor yo'lida sobitligi, samimiy tuyg'ulari g'oyat xalqona aks ettirilgan.
Mazkur she'r ishqiy lirikaning yorqin namunasi bo'lib, unda muallifning armon-u alamlar to'la muhabbati, qalb hasratlari ifoda etilgan. She'rda lirik qahramon bevafo yorga murojaat etib: "meni yana o'zingga rom etib, ko'nglimni xohlagan ko'yingga solaman deb o'ylama, sening asl qiyofangdan ogohman. Yaxshisi, mendan uzoq bo'laqol", deydi.
Ushbu asar avtobiografik xarakterga ega. Garchi shoir unda ismlarni o'zgartirib tasvirlagan bo'lsa-da, sinchkov o'quvchi uning dastlabki satrlaridanoq shoirning armonli va alamli muhabbat qissasini ko'ra oladi. «Surat» bir necha lirik she’rlardan tarkib topgan. Ayni paytda ular o‘zaro yagona lirik sujet mehvariga terilgani uchun bizni bir insonning butun boshli taqdiri bilan tanishtiradi...
Mirtemir g'oyat mashaqqatli davrda yashab, shu davrning achchiq tuzidan bebahra qolmagan edi. U butun umri davomida mustabid tuzumning tazyiqini ko‘rib va sezib yashagan. Shuning boisdan uning xastalik kezlarida yozgan ushbu so‘nggi she’rida ifodalangan chuqur mazmunga e’tibor qaratsak, shoirning o‘z dilidagi dard-u armonlari, orzu va havaslarini to‘la bayon eta olmagani kundek ravshan bo‘ladi...
Mumtoz o‘zbek she’riyatida kiprik, odatda, ayol go‘zalligini tasvirlashda poetik obraz sifatida qo‘llanib kelgan. Mirtemir Sharq mumtoz adabiyotining bu doimiy poetik obrazlaridan biriga mutlaqo o‘zgacha g‘oyaviy yuk bag‘ishladi. U o‘zi parvarishlab o‘stirayotgan ijodkor yoshlarni kipriklarim deb atadiki, natijada kiprik poetik obrazi an’anaviy obraz darajasidan ko‘tarilib, yangi zamonaviy mazmun bilan sug‘orildi.
Ushbu she'r shoirning xotini Yorqinoyga, turkistonliklar tili bilan aytganda, To‘rash kelin oyiga bag‘ishlangan. Gap shundaki, 1960-yilda qardosh yozuvchilar o‘rtasida adabiy aloqalarning yaxshi yo‘lga qo‘yilgani bois Mirtemir qirg‘iz yurtiga borib, qardosh yozuvchilarning mehmoni bo‘lgan va shu yerda o‘zining «Qirg‘iz she’rlari» turkumini yoza boshlagan. O‘zbekona tanti tabiatli shoir biror joyga garchand mehmon bo‘lib borgan bo‘lsa-da, ko‘proq mehmonlarga dasturxon yozish va ular ko‘nglini olishni sevgan. Bunday paytlarda shoirning sayohatga birga borgan xotiniga aslo tinim bo‘lmagan...
O‘zbek qishloqlari hamisha to‘kinlik va saxovat ramzi bo‘lgan. Qishloqqa borgan odam hech qachon e’tiborsiz qolmaydi. Mehmonni otaday ulug‘lash, unga bor mehrini berib, ehtirom ko‘rsatish qishloqlarimizda azal-azaldan qolgan udum. Har bir xonadon egasi uyiga kirgan qo‘noqni tansiq taomlar bilan siylashga harakat qiladi, borini mehmonning oldiga to‘kadi. Mazkur she’rda ham shoir qishloqning o’ziga xos qiyofasini chizadi.
Bu she’r ham bolalik xotiralari bilan hayotiy kuzatishlarning uyg‘unligi asosiga qurilgan. Lirik qahramon – yosh yigitcha, chor atrofda bahoriy iliqlik kezgan nahor pallasi - erta tongda qishlog‘idagi jar ustiga qurilgan osma ko‘priklardan o‘tib, o‘t-o‘lanlari toptalmagan qirlariga oshiqadi. Undagi ko‘katlar bargida, nihollar kurtagida, g‘o‘za yaproqlarida inj-u dur-marvarid misol yaltirab, jilvalanib turgan shudringni kuzatadi…
Ushbu she’rda shoir to’rg’ay qushini tongni ardoqlaguvchi, hayotni maqtaguvchi ezgulik darakchisi sifatida ko’rsatadi.Bu shunchaki qushni maqtash, uning bir xislatini namoyish etish emas. Balki to‘rg‘ay misolida shoirning o‘ziga va o‘z hamkasblariga «haqiqiy shoir o‘z xalqining ovozi bo‘lishi, uni ezgu ishlarga chorlashi, yorug‘ tuyg‘ularni kuylashi kerak» degan murojaatidek tuyuladi...
Mazkur she’rda lirik qahramon suv bo‘yida baliqlarning suzib, o‘ynoqlashini tomosha qilib o‘tirarkan, biror kattaroq baliqni ushlash ilinjida suvga non ushoqlarini tashlaydi. Buni ko‘rib toshlar orasiga bekinib yotgan baliqlar suzib keladi. Bolaning mo‘ljali ulkan baliqni tutib buvisiga olib borsa-yu, undan maqtov eshitsa. Biroq qo‘liga sira baliq ilinmaydi. Sirg‘alib chiqib ketadi-yu, tutqich bermay qochadi. Shunda bola to‘r tashlab, bitta emas, barchasini ushlab olishni mo‘ljallaydi…
Bulut — bu yomg‘ir darakchisi. Osmonda bulut paydo bo‘lishi bilan barchaning xayolidan yomg‘ir yog‘adi degan fikr o‘tadi. Shunga yarasha taraddud va ehtiyot choralari ko‘riladi. Albatta, bemavrid yomg‘ir yog‘sa, kayfiyat buziladi, ko‘ngil g‘ash tortadi. Bu, odatda, qop-qora bulut butun osmonni qoplab, kunni tundek qorong‘ilikka chulg‘agan damlarda bo‘ladi. Ammo shoirning qo‘liga qalam tutqizgan bu tabiat hodisasi yorug‘lik, to‘kinlik belgisi...
Shoir bu she’rda ifodalangan mazmunni pardalash maqsadida, sarlavhadan keyin, «Tagorga ergashib...», deya she’rga izoh bergan. Ammo she'r satrlarini diqqat bilan o'qisangiz, unda shoirning butun hayoti va ichki dunyosi yaqqol aks etganligiga guvoh bo'lasiz...