Sahifa yuklanmoqda . . .


Toshbu

Chayirsan, chechansan, chuchuksan so‘zsiz,

Ertakday ezgusan, buloq yanglig‘ pok.

Ko‘z ololmas hatto ilg‘asa ko‘zsiz,

Holbuki, munglug‘san.

G‘amdan ko‘ksing chok.

Yor jangga jo‘narkan: «Bo‘shashma», — devdi,

Bo‘shashgan paytda ham bo‘lolding tetik.

Bilarding — u seni jonidek sevdi,

Egningda kalta to‘n, oyoqda etik,

Ko‘ngil qo‘yding suyuk paxtazoringga,

Jo‘yaklarda qolding qosh qorayguncha.

Ter to‘kib ko‘z tikding o‘z devkoringga,

Vafo bo‘lsa agar, bo‘lur-da shuncha!

Burmalik ko‘ylak ham, nimcha-yu g‘ijim,

Sirg‘alar sandiqqa tushdi. Bardosh bu...

Xilvatda yosh to‘kding yomg‘irday sim-sim,

Keyin yig‘i ham tark. Bosh bo‘lding, Toshbu...

O‘n juvonga boshliq — ko‘p ham osonmas,

Tun og‘ir va uzun, bo‘lar eding xun.

Bu to‘y kunidagi quvnoq javlonmas,

Ter to‘kding ham o‘zing, ham ering uchun

Qirov ketmasidan tashiding o‘g‘it,

To‘qiltoq arava — uloving eshak.

O‘n juvon izmingda — maslahat, o‘git,

Darddoshlik ham og‘ir, ko‘p og‘ir, beshak.

O‘z bo‘yningda edi suv, o‘toq, chopiq,

Esda turmas edi soch tarash hatto.

Sho‘x hislarga qalbing darchasi yopiq,

Kulib qaraganga jo‘n qarash hatto.

Dalaga ergashar ikki bolang ham,

Biri choy qaynatar, biri tashir suv.

Erkak mehnatiga ko‘nikding kam-kam,

Bu ham jang edi-da, qattol jang, Toshbu!

 

Har qalay qaynashdan qolgan yo‘q qozon,

O‘rtada quyuqmi, suyuqmi — yovg‘on.

Buvak ham, go‘dak ham bo‘lmadi xazon,

Badnom etolmadi biror qing‘ir jon.

Kosang toza, halol, butun va beyuq,

Qoraxat, nim qahat sololmadi chang.

Jamolingga har gal suqulolmay suq: —

Buncha toshbag‘ir! — der badar ketdi gang.

Toleying bor emish, tole yor emish,

Keldi axir jangchi: bas deb, shum firoq.

O‘pkasida moshdek o‘q ham bor emish,

Tirsakdan bir qo‘l yo‘q: Sendan g‘ash yiroq.

Seni sal xo‘rlagan sira insonmas,

Ko‘zlaringda g‘urur va baxtdan yosh bu.

Sensiz O‘zbekiston — O‘zbekistonmas,

Sensiz keng jahon ham sira jahonmas,

Toshbu!


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2017, 15-Fevralda yuklangan

647 marta ko'rildi

3 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
toshbu so'z ertak buloq ko'z g'am ko'ksi chok yor jang payt jon egni to'n oyoq etik ko'ngil paxta qosh ko'ylak sirg'a nimcha sandiq bardosh xilvat yosh yomg'ir yig'i juvon qo'l o'zbekiston jahon dard
Muallif
Mirtemir

Mirtemir

Millat turmush tarzi, dunyoqarashi va orzu-intilishlarining betakror qirralarini o’zga ijodlardan farqli xalqona bir yo’sinda o’zbek badiiyatiga olib kirgan hassos, donishmand shoir. She’riyatida so’zning inja ma’no nozikliklari, qadim va turkiyona mavqelari qad rostlab, shoirning fusunkor, zakiy hikmatlariga xizmat qiladi.

Batafsil


Yangi She'rlar Mirtemir She'rlari Mirtemir asarlari