Sahifa yuklanmoqda . . .
Tol - Asarlar - tol so'zi ishtirok etgan barcha asarlar
Adashib boraman bu tinch shaharga, Meni qarshilaydi teraklar, tollar. Ko‘chani uyg‘otib sokin saharda Qaygadir boradi saharxez chollar.
Padarimni Pompey o‘ldirdi. Ko‘ksimda o‘ch tursa-da muzlab, Vatanimni suyganim uchun, Men Pompeyga qilaman xizmat.
O‘zimni o‘zimga qamab qo‘yganman, Dilimning darzini yamab qo‘yganman. Sochim tolasini sanab qo‘yganman, Endi asramasang bo‘lmas Xudoyim.
Tole yo‘qi jonimg'a balolig' bo‘ldi, Har ishniki ayladim, xatolig‘ bo‘ldi. O‘z yerni qo‘yib, Hind sori yuzlandim, Yo Rab, netayin, ne yuz qarolig' bo‘ldi.
Bir qiz yig'lar buloq boshida, Ma'yus majnuntollar qoshida, Ko'ngil ohi ko'zin yoshida: Bevafo ko'p ekan dunyoda... Nigohida oftoblari bor, Nolishlarin javoblari bor, So'ngan sevgi azoblari bor, Bevafo ko'p ekan dunyoda...
Sochimda oq, men bahordan o`tindim: Ko`klamoyim, ko`kingdan ber bir chimdim. Qor qo`ynida seni qo`msab o`kindim, Ko`klamoyim, ko`kingdan ber bir chimdim. Ko`nglimga ko`k binafshalar sochilsin, Kokiliga tolpopukdan soch ilsin, Boychechakka borar yo`llar ochilsin, Ko`klamoyim, ko`kingdan ber bir chimdim...
Dunyo yuzga niqobin tutib Ko’zimizni boylar ekan-da- Men ukam deb opichgan umrim Ulg’aymoqda ikki yelkamda. Bahor kelsa, sochpopuk taqib, Sumalakka izlardim toshlar. Menga popuk bergan majnuntol Endi g’amdan ertaklar boshlar. Omonlig-u esonlik tilab, Buvam duo qilardi uzoq. Ona, nega yuzingiz so’lg’in, Ota, nechun qo’lingiz qadoq?..
Qayga ketdi shodumon kunlar — Saratondan qo’l uzdi karam. Har tong mening hasratim yegan Qushlarimni topolmayapman. Bir g’aliz his kezar bog’larda, Har yaproqda etak-etak g’am. Majnuntolim, tokay soch yoyib Bevafoga tutasan motam?! Xazon-dardning mungli ko’zyoshi, Kuz kelmasdan sarg’aydi olam. Qanday bag’ri qattiq odamsiz, Yig’latdingiz daraxtlarni ham…
Sen baxtlisan mendan yiroqda — Yelkangdagi farishta aytdi. Sen ketgan so’ng mening ko’nglimga Momo Havvo hasrati qaytdi. Ko’zlaringda yonib turar nur, Faqat oppoq o’ylar surasan. Tushlaringda atirgul taqqan Hijronlarning aksin ko’rasan. Qo’l siltaysan:»Menga baribir, Men hech kimga ichmovdim qasam»...
Musofirman g’arib dunyoda, Erta qayda bo’lmog’im so’roq. Lek toliqdim, izn ber bugun, Yuragingda bo’layin qo’noq. Momo Havo nafasi tekkan Yuzim nuri yoritsin diling. O’zgalarga mehr tutay deb Uyg’onsa bas bu xasis qo’ling! Musofirsan telba dunyoda, Tentiraysan izlab bir makon...
Muhabbatning mabdasi ham Alloh. Bandaning eng toza hislari ham Allohdan in'om etilgan va ular yolg'iz Allohga tegishlidir. Ammo bandalar ko'pincha bu dunyo hoy-u havaslariga berilib ketib, o'z Xoliqlarini unutib qo'yadilar. Holbuki, Alloh bizni o'z mehridan yaratgan paytda biz sevgan mol-dunyo qayoqda edi? Shon-shuhrat qayoqda edi? Mansab-amal qayoqda edi? Qayoqda edi bizning internet? Yorimiz qayoqda edi? Aslida bu ne'matlarning hammasi omonat. Ular bari o'tkinchi. Bu ne'matlarga bo'lgan ishtiyoq asl muhabbatimizdan - Allohdan uzoqlashtirmasin bizni...
Mazkur she'r noan'anaviy mavzuda bitilgan bo'lib, unda singlisi uzatilib, o'zi turmushga chiqmay qolgan va el nazarida "qariqiz" degan nom olgan qizning og'ir iztiroblari, dardlari o'z ifodasini topgan. Albatta, har narsaning o'z vaqtida bo'lgani yaxshi. Har bir qiz ham o'z baxtini kutib, ne-ne orzular qanotida yashaydi. Ammo hammaning taqdiri har xil. Alloh hammaga har xil sinov beradi... Ushbu she'r o'quvchini o'zgalar dardini ham tushunish va his etishga o'rgatadi.
Usmon Azim she'riyatida balladalar alohida o'rin tutadi. Ammo ushbu ballada o'z nomiga mos ravishda o'z beshafqatligi bilan ajralib turadi. U beshafqat hayotning beshafqat manzarasi haqida. To'y. O'rtada raqqosa muqom qilmoqda. Hayo, or, nomus, sharm bu manzilga begona. Faqat ichkilikbozlik, pul, qo'shiq, soxta noz-u ishvalar. Agar ayol kishi erkak zotining nomusi bo'lsa, ushbu jirkanch bozorda nomusni pulga sotayotgan raqqosaga "To'xta!" deyuvchi biror-bir erkak topilmaydi...
Dunyoda nelar unutilmaydi deysiz? Qo'polliklar, achchiq zardalar, tahqirlar - bari-bari bir kun unut bo'ladi. Ammo yoshlikda bergan ko'ngil qalbda hamon yashar ekan, mayingina aytilgan xayr bir umr inson dilini iztirobga soladi. Eski joylar, tanish ko'chalar sizni o'ziga chorlaydi, xotiralar qalbingizda kuy chaladi. Biroq olislarda shodon qahqahalar yangraydi. Netong? Axir yoshlik hamisha haq...
Hayot qiziq. Inson agar tabiatga mehr qo'ysa, quyoshni, oyni, yulduzni, tog'-u toshlarni, gullarni sevsa, bunga hech kim qarshilik qilmaydi, man etmaydi. Ammo... inson o'zi kabi boshqa bir insonga ko'ngil qo'yar ekan, ming xil to'g'anoqlar boshida aylana boshlaydi. Tahdid, qarg'ish, tahqir, istehzo, zaharhanda gaplar, mish-mishlar... muhabbat yo'liga rahna soladi. Inson o'zi o'ylab topgan sun'iy shartlar chirmovug'ini yorib chiqa olmaydi. Balki, shuning uchun ham dunyoda qahr beadad-u muhabbat bebahodir...
Ayol muhabbatining o’ziga xosligi shundaki, u naqadar kuchli, naqadar o’tli bo’lmasin, otashin tuyg’ular haqida ochiq aytilmaydi. Ayol qalbi qanchalar nozik bo’lmasin, olovli hislarni berkitishga qodir. Ayol hech kimga aytmagan so’zlarini, ko’ngil sirlarini she’r deb atalmish mo’jiza qatiga singdiribgina yengil tortadi. Mazkur she’r ham ayol muhabbatining samimiy iqroridir.
Ushbu she'r shoirning Ka'batullohga qilgan muborak haj safari taassurotlari mahsuli bo'lib, u Yaratganga munojot tarzida bitilgan. Unda muallif Allohdan nafaqat o'zi uchun, balki o'z eli-yurti uchun mag'firat va madad tilaydi. Agar she'rni sinchiklab o'qisangiz, unda shoirning hech kimga aytmagan ichki dardlari ham yashirin ekanini his qilishingiz mumkin.
Ushbu she'rda muallif bahorning gulga burkangan go'zal manzarasini tasvirlar ekan, uni ramziy ma’noda qo‘llaydi. «Bir kaft bog‘», ya’ni yaxlit bir manzil - Vatanda turlicha tarovat, turli bo‘y tarqatuvchi daraxtlar bor. Ularning har biri o‘zicha ko‘rk, o‘ziga xos meva-yu hosil beradi. Go‘yo har bir daraxt bu bir-biriga o‘xshamaydigan millat va elatlar. Ularning har birining o‘z tarixi, o‘z urf-u odatlari, yashash tarzi bor. Lekin ular bitta bog‘da - bir maskanda, ya’ni bir Vatanda - O‘zbekistonda jam bo‘lganlar.
She'r hayotning go'zal bir oni - tong lavhasidan hikoya qiladi. U majoziy xarakterda. Tong ko'zlarini erinib ochar ekan, butun olam munavvar bo'lib, yorishib ketadi. Tabiatdagi har bir mavjudot, hatto mitti hasharotlar ham bu go'zallikni his etadi, qalbi zavq-u shavqqa, betimsol lazzatga to'ladi. She'rning shu yerida badiiy kashfiyot bor: shoir chumolining shu paytga qadar ulug'lanib kelgan xislati - mehnatkashligiga salbiy munosabatini bildiradi! Turmushning ikir-chikirlari bilan o'ralashib, hayotning unutilmas lahzalariga beparvo qarash, uning go'zalligini ko'rmay olamdan o'tib ketish dunyoni masxara qilish bilan teng, deydi shoir...
Mirtemir g'oyat mashaqqatli davrda yashab, shu davrning achchiq tuzidan bebahra qolmagan edi. U butun umri davomida mustabid tuzumning tazyiqini ko‘rib va sezib yashagan. Shuning boisdan uning xastalik kezlarida yozgan ushbu so‘nggi she’rida ifodalangan chuqur mazmunga e’tibor qaratsak, shoirning o‘z dilidagi dard-u armonlari, orzu va havaslarini to‘la bayon eta olmagani kundek ravshan bo‘ladi...
Ushbu g‘azalda Komilning muhabbat domidagi oshiq holatini tasvirlash mahorati qanchalik yuqori ekanligi namoyon bo‘ladi. Shoir she’rning har baytida ifodalanishi ko‘zda tutilgan asosiy ma’noni aks ettiruvchi so‘zni takrorlash yo‘li bilan alohida bir satr holiga keltiradi. Bu usul g‘azalda ko‘zda tutilayotgan asosiy ruhiy holatga e’tibor tortadi.
Ushbu g'azal Ogahiy lirikasidagi eng e'tiborli g'azallardan biri sanaladi. Uning lirik qahramoni taqdiri ham o'zgacha. Oshiq tun-u kun ishq o'tidan nola-fig'on chekadi, jon-u jismi azoblanadi. Hatto u shu qadar ko'p ko'zyosh to'kadiki, bu yoshlar qirg'oqsiz ummonga aylanadi. Ammo ma'shuqadan hech qanday javob yo'q. U oshiq holiga beparvo yuraveradi. Ammo bir kun unga oshig'ing ishqingda daryo-daryo ko'zyosh to'kib o'ldi deyishadi. Shunda qiz javob beradi: "Mening ham ko'zyoshlarim daryo-daryo"...
Tarji’band Muhammad Alixonga shikoyat shaklida yozilgan. Og’izdan-og’izga o’tib kelgan ma’lumotlarga qaraganda, Uvaysiy Qo’qonda Nodirabegim in’om etgan hovlida yashab turganida, Qashqardan kelgan Hasan degan uysiz baqqolga omonatga joy beradi. Biroq u ko’p o’tmay, tovlamachilik yo’li bilan ushbu hovlini o’ziniki qilib olishga erishadi...
Yorga yetar kun bormu, yoronlar?! Dunyo - sinov maskani. To tirik ekan, odamzot Yorga yeta olmaydi. Biroq o'lim ham hali Yorga yetmoqqa kafolat emas. Yorga yetmoq uchun bu dunyo o'nqir-cho'nqirliklari uzra to'g'ri yo'lni - Yor dargohiga olib boruvchi yo'lni bexato topib, so'ng shu yo'ldan ilgari yurmoq lozim. Bu esa anchayin mashaqqatli va mas'uliyatli vazifa, har bir mo'minning insoniylik burchidir...