Sahifa yuklanmoqda . . .


Adashib boraman bu tinch shaharga...

Adashib boraman bu tinch shaharga,
Meni qarshilaydi teraklar, tollar.
Ko‘chani uyg‘otib sokin saharda
Qaygadir boradi saharxez chollar.
Bahor ko‘chabog‘da aylanar sinchkov —
Yashashga kim qobil?— o‘tkazar ko‘rik.
Qurigan olmani kesadi birov,
Shundoq ko‘z oldimda gullaydi o‘rik.
Yolg‘iz choy ichaman.
— Keling, ey mehmon!
Qo‘limni ko‘ksimga qo‘yaman: — Rahmat!
Bilaman, iltifot ozgina yolg‘on,
Ammo dilga yoqar bu sodda shafqat.
Do‘konchi juvonlar kulishar mayin,
Hazil tushunishar jiddiy so‘zimni.
Keyin...Bir deraza ortidan — tayin!—
Men ko‘rib qolaman sening ko‘zingni.
Uchib o‘tib ketar oradan yillar...
Bir kuni men senga beraman savol:
— Yodingdami, o‘sha tinchgina shahar,
Qator-qator terak, qator-qator tol?
— Tol? Terak? Qayerda?— O‘yga tolasan...
Men seni qiynamayman:— Eslagin bir bor
Ko‘rmagansan, ammo eslab qolasan,
Terak qator-qator... Tol qator-qator...
Achchig‘ing chiqadi:— Har kun shu ahvol!
Uxlayman. Chiroqni qo‘ysang-chi to‘sib...
"Qator-qator terak... Qator-qator tol..."
Men she’rlar yozaman shu kecha o‘ksib.


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2022, 23-Aprelda yuklangan

48 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
shahar ayol terak tol xotira she'r o'y yillar
Muallif
Usmon Azim

Usmon Azim

O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).

Batafsil


Yangi She'rlar Usmon Azim She'rlari Usmon Azim asarlari