Sahifa yuklanmoqda . . .
Qayga ketdi shodumon kunlar —
Saratondan qo’l uzdi karam.
Har tong mening hasratim yegan
Qushlarimni topolmayapman.
Bir g’aliz his kezar bog’larda,
Har yaproqda etak-etak g’am.
Majnuntolim, tokay soch yoyib
Bevafoga tutasan motam?!
Xazon-dardning mungli ko’zyoshi,
Kuz kelmasdan sarg’aydi olam.
Qanday bag’ri qattiq odamsiz,
Yig’latdingiz daraxtlarni ham…
Saodat Fayzieva 1992-yil 11-iyulda Buxoro viloyati Olot tumanida tug’ilgan. Qalbida ilmga qiziqish erta uyg'ongan bo'lajak shoira tumandagi fizika-matematika fanlariga ixtisoslashtirilgan 31-IBMIga o'qishga kiradi. U 2009-yilda ushbu dargohni a'lo baholar bilan tamomlab, O’zbekiston Milliy universitetining o’zbek filologiyasi fakultetida tahsilni davom ettiradi va bu yerda ko'plab ustozlardan adabiyotning nozik sir-u asrorlarini o'rganadi. Uning she'rlarida ayol qalbining eng inja va sohir jihatlari mahorat bilan qalamga olingan.