Sahifa yuklanmoqda . . .
Tan - Asarlar - tan so'zi ishtirok etgan barcha asarlar
Muhammad Yusufning «Vatanim» she’rida vatanga muhabbat hissi juda samimiy va sodda ifoda etilgan. Shoirning ona yurtdan tuygan mehri xuddi singilning, onaning mehridek iliq, u bir aka bo‘lib, bir o‘g‘il bo‘lib, bu mehrga javob bergisi, agar shu yurt «o‘g‘lim» deya unga mushtoq bo‘lsa, har qanday mushkulot qarshisiga chiqqisi, kelgusi padarkushlardan kelajak ulug‘beklarini pana qilib quchgisi keladi...
Bu hikoyada ajoyib bir voqea tasvirlanadi. U ov qilish uchun yo'lga chiqqan odam tilidan yozilgan. Bir kuni u yomg'irda qolib ketadi va yo'lovchilar birrov qo'nib o'tishiga mo'ljallangan kamarchaga kirib jon saqlaydi. Kamarchada yana bir kishi bor edi. Sirtdan qaraganda oddiygina bo'lib ko'ringan bu odam hikoya so'ngida ovchi yigitni hayratda qoldiradi...
Bu she'rda so'zlangan hikoyat sizni chuqur o'yga tolishga majbur etadi. Hikoyat bir sodda va kamtarin inson hamda uning badfe'l xotini haqida. Bu inson bir umr xotini tomonidan yetgan jabrga sabr etib yashaydi va dunyodan o'tadi. Bir kun tunda xotini uning qabriga sham ko'tarib boradi, ammo ne ko'z bilan ko'rsinki...
Mazkur she’rda lirik qahramon suv bo‘yida baliqlarning suzib, o‘ynoqlashini tomosha qilib o‘tirarkan, biror kattaroq baliqni ushlash ilinjida suvga non ushoqlarini tashlaydi. Buni ko‘rib toshlar orasiga bekinib yotgan baliqlar suzib keladi. Bolaning mo‘ljali ulkan baliqni tutib buvisiga olib borsa-yu, undan maqtov eshitsa. Biroq qo‘liga sira baliq ilinmaydi. Sirg‘alib chiqib ketadi-yu, tutqich bermay qochadi. Shunda bola to‘r tashlab, bitta emas, barchasini ushlab olishni mo‘ljallaydi…
Baxt tushunchasini har kim har xil anglaydi. Jumladan, ushbu she'r qahramoni ham unga o'ziga xos - jiddiy yondashadi. Uning ko‘nglini hayotning mayda-chuyda ho-yu havaslari, o‘tkinchi manfaatlari armonga to‘ldirolmaydi. Bu lirik qahramon o‘ziga hayotda nihoyatda katta talablar qo‘yadi. O‘sha talablarga loyiq bo‘lolmaslik uni xavotirga soladi, cho‘chisa shundan cho‘chiydi...
To‘ra Sulaymonning «Iltijo» she’ri bahorga bag‘ishlangan. She’rning dastlabki bandida kelinchak bahor kelishi bilan tabiatda yuz beradigan o‘zgarish va jonlanishlar tasvirlanadi. Biroq banddan bandga shoirning bahorga iltijosi tobora kengroq ko‘lam, borgan sari chuqurroq mazmun kasb eta boshlaydi. Endi bahor bir fasl nomigina emas, balki tansiq tuyg‘ular mujassam, ezgulikning ramzi bo‘lib gavdalanadi.
Usmon Nosirning «Yurak» she’ri shoirning insoniy xarakterini va ijodiy taqdirini o‘zida mujassam etgan she’rlar sirasiga kiradi. Shoir Yurak obrazini o‘zining ilhomi, ijodiy intilishlari, his-tuyg‘ulari, orzu-o‘ylarining mujassam timsoli deb biladi. Ya’ni uning Yurakka murojaati, aslida, o‘z shaxsiga, ijodiga murojaatidek yangraydi.
Ushbu shoir otashin qalb sohibi bo'lmish shoirning o'z sevgan yoriga dil izhori bo'lib, unda oshiq o'z ma'shuqasiga ko'ngil sirlarini bayon etar ekan, agar vatan chorlagudek bo'lsa, qo'lyozmalarini tashlab, shinel kiyib, janglarga kirishga ham tayyorligini aytadi.
Mazkur she'rda muallif juda samimiy tarzda hozirga qadar «Vatan» degan muqaddas so‘zni ko‘p bor eshitib, shunchaki tilga olib yurganini, uning chin mazmun-mohiyatini esa endigina kashf qilganini e’tirof etadi. Vatan o‘z farzandlariga hech qanday shartsiz, tamasiz ona bo‘lishligini shoir teran anglaydi.
Ushbu g‘azalida shoirning mazlum xalq ahvoliga achinishi, uning mashaqqatli hayotidan cheksiz afsuslanishi yaqqol sezilib turadi. Unda shoir o‘zi mansub xalqqa jonini fido qilishga ham tayyorligini ochiq aytadi.
Mazkur she'r Vatan haqida bo'lib, u o'quvchilar qalbida vatanga muhabbat hissini oshirishga qaratilgan.
Agar siz Cho'lponning xalqqa bergan ta'rifini bilmoqchi bo'lsangiz, albatta, ushbu she'r bilan tanishing. Shuningdek, unda shoirning yurt ozodligi haqidagi yorug' o'ylari ham o'z ifodasini topgan.
Biz bu she’rni o‘qir ekanmiz, 20-yillarda mustamlakachi bolsheviklar tufayli o‘zbek yurti va o‘zbek xalqining boshiga tushgan falokatlarni ko‘rgandek bo‘lamiz. Shoir bu balo-ofatlarni keltirgan, o‘lkamizni vayron etib, daryo-daryo qonlarni oqizgan yovuzlarni la’natlamaydi, ularga g‘azab va nafrat toshlarini otmaydi, balki mudhish tarixning shohidi sifatida yuragidan oqib turgan ko‘z yoshlari bilan tarix sahifalariga qayd etadi.
Ushbu she'r avtobiografik mazmunga ega. Shoir ushbu she’rda muhabbat va vafo mavzuyini ruhiy kurashlar, ziddiyatli tuyg‘u va kechinmalar to‘lqinida yoritgan. Qisqa qilib aytganda, bu she’rda muhabbat dramasi haqqoniy hayotiy hodisa tasviri orqali ochiladi. Cho‘lpon bu she’ri bilan har qanday muhabbat ham chin muhabbat emas, modomiki, hayotda tabiiy gullar bilan birga, qog‘oz gullar ham mavjud ekan, chin muhabbat bilan birga, soxta muhabbat ham bo‘lishi mumkin, degan fikrni ilgari suradi.
Ushbu g'azal lirik qahramon va Kashmir go'zali o'rtasidagi suhbat tarzida bitilgan bo'lib, u shoirning qalbi to'ridagi hasratlarni ham namoyon etadi. G'azal so'ngida go'zal yor oshiqdan: "Ey bechora, nega o'z vataningni tark etding?" deya so'raydi. Shunda yigit: "O'z vatanidan yiroqda yashash taqdirda bor ekan-da..." deya javob beradi...
Ushbu muxammas hasbi hol ruhida bo'lib, unda shoir o'z dard-u iztiroblarini, qalbini azoblayotgan hasratlarini ifoda etgan.
Ushbu muxammas ko‘ngli muhabbat tuyg‘usi bilan to‘lgan ishq ahlining alamangiz dil izhori sifatida yozilgan. Unda sho‘x va berahm ma’shuqaning erkaliklari, zararsizday ko‘ringan qiliqlari tufayli oshiq tortayotgan ozorlarning ko‘lami juda ham dardchil tarzda ifoda etilgan.
«Tanobchilar» satirasi amaldorlar zulmiga yo‘liqqan dehqonning arz-dodi bilan boshlanadi. Asarda kambag‘al chorakor dehqon mehnatini suiiste’mol qilgan, ularni aldab katta zararga tushirgan Sulton Ali va Hakimjon kabi hiylakor mahalliy amaldorlar qiyofasi shoir tomonidan o‘tkir, ta’sirchan misralarda fosh etiladi.
Bu she’r Komilning el orasida g‘oyat mashhur bo‘lib ketgan muxammaslaridan biridir. Unda olamda yordan o‘zga kimsani ko‘rmayotgan, ko‘rishni istamayotgan fidoyi oshiq holati juda samimiy va ishonarli ifoda ettirilgan. Oshiqqa ma’shuqaning barcha jihati mukammal, nuqsonsiz tuyuladi. U to‘g‘rida o‘ylagani sari mehri jo‘shib ketadi. Uning bu ruhiy holati o‘ta nazokat bilan she’r musiqasiga singdirilgan.
Ushbu g’azalda o‘ta jo‘n maishiy buyum bo‘lmish po‘stin tufayli shoirda paydo bo‘lgan fikrlar, uning ko‘nglidan kechgan tuyg‘ular o‘z aksini topgan.
Ogahiy ijodida uning «Ogohnoma» qasidasi salmoqli o’rin tutadi. Bu asar Muhammad Rahimxon Soniy, ya’ni Feruz Xiva taxtiga chiqishi munosabati bilan bitilgan. Qasida shohga tabrik va otasining o’limi uchun unga hamdardlik bilan boshlanadi. Ogahiy boshqa qasidago’ylar singari yosh hukmdorni maqtab, xushomad tulporini maydonga surmaydi, balki yurt boshqarish yuzasidan aniq va foydali o’gitlar beradi.
Shoirning muhabbat lirikasida ushbu g'azal o’ziga xos maqomga ega. Bu she’rda oshiq ma’shuqadan marhamat kutadi. Yordan hajr tunida fig’on chekayotgan oshiqqa rahm etishni o’tinadi. Mahbuba shu qadar sitamkorki, uning jabri zo’rligidan oshiq joni tanasini tashlab ketar holga yaqinlashib qolgan...
Ushbu g'azal Ogahiy she'riyatining badiyati darajasini yaqqol ko'rsatib beruvchi asarlar sirasiga kiradi. Bir qaraganda, bu she'r sof ishqiy lirikadek taassurot uyg'otsa-da, uning qatiga chuqurroq kirib borar ekanmiz, ko'ramizki, unda falsafa ham, axloq ham, ijtimoiyot ham, hatto siyosat ham bor. Biroq yetakchi ohang baribir ishqdir.
Mazkur g'azal tuyg’ular samimiyati, ayriliq tasvirining tabiiyligi, badiiy ifoda yo’sinining soddavashligi bilan alohida e’tiborga sazovordir. G’azal lirik qahramonning o’z qismati haqida o’ylar ekan, jo’ngina hayotiy hodisadan teran ma’no qidirishi bilan boshlanadi...