Sahifa yuklanmoqda . . .
Talanmagan, yiqilmagan yer yo‘q,
Go‘daklar nayza boshida...
(Xabar)
Nega menim qulog‘imda tun va kun
Boyqushlarning shumli tovshi baqirar?
Nega menim borlig‘imga har o‘yun
Va har kulgi og‘u separ, o‘t qo‘yar?
Ko‘nglim kabi yiqiq uylar, qishloqlar,
Boyqushlarga buzuq ko‘ksin ochganmi?
Ota-ona, tanish-bilish, o‘rtoqlar
Yurtni tashlab, tog‘ va toshga qochganmi?
Shunday katta bir o‘lkada yonmagan,
Yiqilmagan, talanmagan uy yo‘qmi?
Bir ko‘z yo‘qmi qonli yoshi tommagan,
Butun ko‘ngil umidsizmi, siniqmi?
Podalarning yaylovida bo‘rilar
Qonga to‘ygach, uvlaylarmi ko‘plashib,
Yiqiqlardan o‘liklarni to‘plashib,
O‘tmi qo‘yar alvastilar, parilar?
Tabiatning butun yomon tomoni
Shu o‘lkaga faqat jilva qildimi?
Mo‘minlarning oq vijdoni, imoni
Sham so‘nganday tinsizgina so‘ndimi?
Qilichlarning tillarida qizil qon,
Buloqlarning suvi yanglig‘ toshdimi?
Yalang bola, yalang go‘dak —ma’sum jon
Nayzalarning boshlaridan oshdimi?
Keng yaylovga o‘tmi ketdi, yondimi?
«Madaniyat» istagiga qondimi?
1921
(1898-1938) XX asr tongining porloq yulduzi Cho’lpon she’riyat, nasr, dramaturgiya, tarjimachilik va maqolanavislikda samarali ijod etdi. Vatan ozodligi va millat mavqeini yuksaltirish g’oyalarini mardona, jasorat bilan tarannum etuvchi ijodi istiqlol davri hayotimizning manfaatlariga xizmat qilmoqda.