Sahifa yuklanmoqda . . .
Son - Asarlar - son so'zi ishtirok etgan barcha asarlar
Shoirning yuragi ulkan bo'ladi. Busiz iloj yo'q. Sababi u shu yuragiga butun olam haqiqatlarini, quvonch-u tashvishlarini, dardlarini joylay olishi lozim. Dunyo bozorida har kim o'zida bori bilan savdo qiladi. Kimdir riyokorlik bilan, kimdir fosiqlik bilan... Shoir esa odamlarga o'z yuragini taqdim etmoq niyatida. Doim dunyo tashvishlariga ko'milib, nimadandir norozi yuradigan odamlar hayotiga ozgina bo'lsa ham nur baxsh eta olsa bo'lgani. Ammo bu yurak shunchalar ulkanki, uni hech kim butunlay o'ziga ololmaydi va ular qo'llariga xanjar olib, uni burdalay boshlaydilar...
Hijron og'ir. Visol rohatbaxsh. Ammo bir necha soniyadan so'ng hijron kelishi kutilayotgan damlardagi visol-chi? Bu baxtmi yo dard? Azobmi yo rohat? Tun. Yomg'ir mayda-maydalab yog'moqda. Oshiq yuragi ham tilka-pora. So'nggi tun. Visolning so'nggi damlari. Tong ularni ajratishi muqarrar. Ammo ular hozircha birga... Tong otgach ularni qanday taqdir kutib turibdi? She'r ana shu dardli o'ylarning otashin ifodasi yanglig' dunyoga kelgan.
Inson ona zamindagi eng mukarram va ayni chog'da eng ojiz xilqat. Negaki har qanday inson mehrga tashna. Nafaqat hech kimi yo'q, g'arib-bechoralar, balki shon-shuhratdan boshi osmonga yetgan mashhur zotlar ham chin qalbdan samimiy aytilgan ikki og'izgina shirin so'zga muhtoj. Soxtaliklar va sun'iyliklar urchigan bu zamonda tabiiylik, samimiyat anqoning urug'i go'yo. Hamma uni izlaydi, hamma unga talpinadi...
Shubhasiz, barcha maxluqotlar ichida inson eng aziz va mukarram zotdir. Ammo bu mukarramlikning yuki ham o'ziga munosib ravishda katta, sinovlari ham boshqalarnikidan og'irroq. Shu bois ba'zida inson hayotida shunday hollar ham bo'ladiki, u boshqa mavjudotlarga havas qiladi. Agar bu yorug' dunyoda inson bo'lib emas, oddiy bir maysa yoxud shamol bo'lib yaralganimda, balki qismatim o'zgacharoq bo'larmidi degan o'ylarga boradi. Mazkur she'r ana shu oniy hissiyotning satrlarga muhrlangan tasviridir.
Bu she'rda g'oyat murakkab ijtimoiy-ruhiy manzara mahorat bilan aks ettirilgan. Toqatning haddan ortiqligi, andishaning keragidan mo‘lligi vatanni o‘limga, xalqni yo'qlik ostonasiga olib kelganligi she’rda o‘ta darajada ta’sirli ifoda etiladi. O‘zgalarni ayab, o‘zini o‘ylamaydigan, tarqoq xalqqa qarata she’rda: «Vahki, otangni ot, onangni o‘ldir... Bo‘g‘izla tole'siz bolalaringni» tarzida iddao qilinadi. Bu shoir isyoni, noroziligining avj nuqtasidir. She’rning har bir bandida takrorlanib keladigan «Assalomu alaykum, dorning og‘ochi» satri dor yoqasiga keltirib qo‘yilgan xalqqa uyg‘oq va erkin ruhning chaqirig‘ini ifoda etgan.
Olam - sir, olam - sinoat. Olam ichra olam bo'lgan insonning o'zi ham butun borlig'i bilan sirlarning siridir. Bu ko'hna dunyo nimalarni ko'rmagan deysiz? Oddiy kunlarning birida oddiy ko'chada odamlar e'tiboridan chetda jimgina odimlab borayotgan oddiygina bir odam ham boshidan nimalarni o'tkazmagan ekan? Ayni damda uning ko'nglidan nimalar kechayotgan ekan? Bunisi boshqalarga qorong'u. O'zgalar buni qaydan ham bilasin...
Muhabbat! Bahor osmonidagi oppoq bulut yanglig' toza, sof, beg'ubor tuyg'u! Ammo u shu qadar yuksakki, qo'l cho'zib yetolmaysiz, boz ustiga, uni taqdir shamollari qayerga olib ketishi ham noma'lum... Sizga esa undan faqat sargardon qolgan shirin hislar va bezovta xayollar yodgor qoladi. Shu bois inson ko'pincha yoshlikda yo'qotgan qadrdon tuyg'usini butun umr qo'msab, yor ketgan yo'llarni pinhona poylab o'tadi...
Mazkur she'r chuqur insoniy iztiroblarni, umidlarni, hayotga chanqoq muhabbat bilan qorishiq ishtibohlarni va ulardan yangi unib chiquvchi umid kurtaklarini teran tasvirlash jihatidan qimmatlidir. Undagi lirik qahramon timsolida zamonga katta umid bilan qaragan, lekin umidlari erta xazon bo‘la boshlagan, katta va’dalarga uchib, sarosimalar girdobida qolgan avlodning umumlashma qiyofasi aks etadi.
Ushbu asar inson sha'niga bitilgan qasidadir. Unda insonning botiniy va zohiriy olamidagi chigalliklar va murakkabliklar o'ta nozik tarzda ifodalangan. Xususan, shoir unda insonning bugungi kamoloti, inson dahosining zakovati, fan-texnika bobida erishgan mislsiz zafarlari haqida yozar ekan, bu taraqqiyot tufayli bugungi kunda inson jahon ayvoniga "arkon" (ustun) darajasiga ko‘tarilganini ayta turib, shu "arkon" ayni paytda "vayron" ekanini ham pisanda qilib o‘tadi...
Umr... Avvalboshda hech poyoni yo'qday bo'lib ko'rinuvchi, ammo qancha yurganingni bilmay manzilga eltib qo'yuvchi yo'l... Hayotingdagi kunlaringni bir-bir yo'qlik qa'riga to'kuvchi qumsoat. Avvaliga beparvo qaragan odam qumsoat yarimlar ekan, birdan xushyor tortib, o'tgan umrini sarhisob qila boshlaydi. Shunda o'zi yo'l qo'ygan xatolarni ko'rib, ko'zi yoshga, qalbi g'ashga to'ladi. Ularni tuzatmoq uchun ham yana yashagisi keladi. Ammo nachora: "umrni qumsoat singari to`nkarib bo`lmas"...
Odamni odam qilib turgan, uning hayotiga insoniy mazmun baxsh etadigan inja tuyg‘ular, avvalo, mehr va muhabbatdir. Shu tuyg‘ular tufayli olamda hayot davom etadi, tiriklik tantana qiladi. Zero, ota-onaning farzandga mehri, akaning singilga achinishi, do‘stning do‘stga madadi, yigitning qizga muhabbati... Insonlararo munosabatlarning asosida, aslida mana shu tuyg‘ular yotibdi...
Mazkur she'r ishqiy lirikaning yorqin namunasi bo'lib, unda muallifning armon-u alamlar to'la muhabbati, qalb hasratlari ifoda etilgan. She'rda lirik qahramon bevafo yorga murojaat etib: "meni yana o'zingga rom etib, ko'nglimni xohlagan ko'yingga solaman deb o'ylama, sening asl qiyofangdan ogohman. Yaxshisi, mendan uzoq bo'laqol", deydi.
«Mirrix yulduziga» she’rida Turkiston o‘lkasi XX asr boshlarida tushib qolgan g‘oyat achinarli holat o‘z ifodasini topgan. Jafokash Vatan vujudiga joylashib olib, qonini zulukdayin so‘rgan kimsalar kirdikoridan ozorlangan lirik qahramon xayolan Mirrix yulduziga murojaat etadi. Bu murojaat boshdan-oyoq achchiq savollardan tashkil topgan. Afsuski, «yerimizning eng qadrli tuqg‘ani» — go‘zal Mirrix ham bu holdan lol qotgan...
Zulm-keng ma’noli tushuncha. Mustamlakachilik davrida el-yurt boshiga tushgan barcha savdolarni faqat bir so‘z bilan-"zulm" so‘zi bilan ifodalash mumkin. Zulmning turlari va pog‘onalari ko‘p. Agar zolim insofsiz va odamlik siyohidan mahrum bo‘lgan bo‘lsa, uning zulmiga bo‘yin egmaslikning iloji yo‘q. Ammo har qanday zulm jismga egalik qilsa-da, qalb va vijdonga egalik qilolmaydi.
Ushbu she'rda Cho'lponning otashin ruhi aks etgan. U ko'ngilga qarata murojaat qilib, o'zini qiynayotgan barcha og'riqli savollarni beradi, dil dardlarini bayon etadi hamda uni hamisha ozod va hur bo'lib qolishga chorlaydi.
Ushbu muxammasda Zavqiyning falsafiy o’ylari o’z ifodasini topgan. Unda shoir odam, uning hayotdagi o‘rni haqidagi o‘y-mushohadalarini bayon qiladi.
Mazkur g‘azalda shoirning ma’rifatdan, pokiza tuyg‘ulardan yiroq zamondoshlari haqidagi nadomatlari ifodalangan. Shoir baxillarga ezgulik haqida gapirib, ovora bo‘lmaslik lozimligini zo‘r anduh bilan qayd etadi.
Ushbu murabba’ adabiyot ixlosmandlari o’rtasida juda mashhur bo’lib, dastlabki misralardanoq chuqur dard, qayg’uli ohang kishini o’z og’ushiga oladi. Ammo aynan shu dard o’quvchini o’ziga maftun qiladi. Zero, dard insonlarni bir-biriga yaqinlashtiruvchi sehrli kuchga ega…
Oshiqlar hamisha yorning vafosizligidan shikoyat qilib kelganlar. Avvalo, bu yerdagi yorning ham, vafoning ham ma’nosi g’oyat keng. Bu umrning vafosi, dunyoning vafosi, davlatning vafosi va hokazo. Bularning bari bitta maxrajda -Allohda to’liq jam bo’ladi. Lekin shoir o’z niyatini naqadar istig’no bilan ifoda etmoqda: hamma bemorlari dardiga darmon topib berayotgan jonon nega uning holiga parvo qilmaydi? Uni kasal hisoblamaydimi? Axir, hijron tunida sham emas, uning joni yonmoqda, giryon ko’zlaridan yosh o’rniga qon oqmoqda.
Ushbu g’azalni o’qir ekansiz, unda ifodalangan oshiqning samimiy so’zlari sizni beixtiyor o’ziga maftun etadi. Yor o’z jafolari bilan oshiqqa qancha zulm qilmasin, oshiq uchun bu azoblar ham rohat bo’lib tuyuladi va buning uchun yorga “Sallamno - tasanno” deydi.
Mazkur tarje'band Nodirabegimning qalb qo'ridan to'kilgan hislarni: otashin tuyg'ular, o'y-mulohazalar, dard-u alam, faryod-u fig'on,
Ushbu g'azalning o'ziga xosligi shundaki, u ishq quvvatining cheksizligini madh etish yo’sinida borib, maqta’ga kelganda yorning tengsiz go’zalligi va oshiqning unga bo’lgan cheksiz muhabbatining oshkor bo’lmasligi tilagi bilan yakunlanadi. Ya’ni odamning ko’ngliga tegishli tuyg’ular ko’ngil kabi pinhon bo’lgani ma'qul.
Mazkur g'azalda shoir yor istig’nolaridan ozor chekkan oshiqning aftoda holati, tushkun kayfiyatini o’ynoqi tarzda, yengil ohanglarda tasvirlaydi. Holatning og’irligi bilan tasvirning yengilligi o’rtasidagi ziddiyat natijasida yuzaga kelgan badiiy qiymat she’rlarning yoqimliligini oshiradi. Ular she’rxonga tez ta’sir qiladi va uzoq vaqt esda saqlanib qoladi.
Ushbu g'azal adabiyotimiz tarixidagi xalqni milliy birlikka chaqirgan, o‘zaro tenglikka da’vat etgan, hududiy yaxlitlikni targ‘ib qilgan siyosiy ruhdagi birinchi she’r sifatida alohida e’tiborga molikdir. Unda shoirning o'tkir kinoyaviy tili va so'z qo'llash mahorati yaqqol ko'zga tashlanadi.