Sahifa yuklanmoqda . . .
Ay tutqinlar, ay ezilgan,
Ay qiynalgan, yo‘qsil ellar,
Ay umidsiz, ay chizilgan
Dor oldiga... oppoq dillar!
Ay bevalar, bechoralar,
Ay bog‘langan kishanlarga.
Ay erk uchun ovoralar,
Ko‘p yalinmang siz ularga!
Bo‘rilardan omon kutmak
Tentaklarning ishidir ul.
Har mone’ni hatlab o‘tmak —
Turmushda eng to‘g‘ri bir yo‘l!
Zulm oldida har bir narsa,
Ehtimolki bo‘yin egar.
Agar zulm avjga kelsa,
Ko‘k boshida yerga tegar.
Hayvonlarga, insonlarga
Zolim ega bo‘lmay qolmas.
Faqat erkin vijdonlarga
Ega bo‘lmoq — mumkin emas!
Samarqand, 1922
(1898-1938) XX asr tongining porloq yulduzi Cho’lpon she’riyat, nasr, dramaturgiya, tarjimachilik va maqolanavislikda samarali ijod etdi. Vatan ozodligi va millat mavqeini yuksaltirish g’oyalarini mardona, jasorat bilan tarannum etuvchi ijodi istiqlol davri hayotimizning manfaatlariga xizmat qilmoqda.