Sahifa yuklanmoqda . . .

Ra - Asarlar

Ra - Asarlar - ra so'zi ishtirok etgan barcha asarlar

So‘fiy shoirlarni ilohiy ishq kuychilari deyishadi. Lekin ishqni kuylashda har bir shoirning o‘z yo‘li, ovozi, o‘zgachaligi bor. Ahmad Yassaviy ishqi ilohiyni rasmiy shariat doirasidan uzoqlashmagan holda sharh etadi. Navoiy ishqni mushohada qiladi, har qanday yonish-kuyishlarda ham o‘ychanlik, bosiqlik unga xos. Mashrab esa ko‘nglidagi ishq olovi qanday bo‘lsa, uni shundayligicha she’rga ag‘daradi. Ollohga bo‘lgan muhabbatini ochiq izhor etadi. Quyidagi g'azal ham Mashrabning hayoti bayonnomasi deyish mumkin.

466
Yakpora g'azal
Boborahim Mashrab

Dunyo shunday qurilganki, unga kelgan odam gunoh qilmasligi mumkin emas. Ikkinchi tomondan, inson degan mavjudotga shunday tabiat berilganki, uning gunoh qilmasdan yashashi mumkin emas. Dunyoning loyi borligi va shoirning unga kelib, bilmay «bota qolishi» shundan. Inson ko’pincha o’z ixtiyoriga zid yashaydi. Ushbu g'azalda ham shoirning ishqi tavsifi barobarida dunyoning ishlari, jumladan, tirikchilik tashvishlari, tan va ruhning rohat-farog’atga moyilligi, bularning esa oxir-oqibatda «ishq»iga xalaqit berishi kabi masalalar ko’tariladi.

223
Yakpora g'azal
Boborahim Mashrab

Oddiy kishining Allohga muhabbati, undan qo’rquvi tagida jannatga yetishish maqsadi turadi. Mutasavvuf uchun bunday maqsad ta’magirlik hisoblanadi. So’fiy Yaratganning jamoliga yetishishnigina o’ylaydi. Unga Yaratganga muhabbat sababli jannatga erishish va do’zaxdan qutulib qolishni niyat qilish -uyat. Chunki go’yo muhabbati uchun haq talab qilganga o’xshab qoladi. Chin ishq beg’araz bo’lmog’i kerak. So'fiyoda uslubda bitilgan mazkur g'azalda shoir ishqining butun mazmun-mohiyati oynadagidek namoyon bo’lgan.

2342
Yakpora g'azal
Boborahim Mashrab

Mazkur muxammasda bir tomondan, shoirning shirin o’tmish xotiralari, ikkinchi tomondan, oyoqosti qilingan izzat-nafs, bir vaqtlar saltanatning yuksak maqomlarida bo’lgan arbobning tuban ijtimoiy mavqega tushib qolganidagi iztirobli o’ylari aks ettirilgan.

348
Mustaqil muxammas
Turdi Farog'iy

Turdining uch baytdangina iborat «Turdiman» radifli g‘azali hasbi hol — o‘z ahvolini bayon etish tarzida yaratilgan. Unda ma’lum darajada shoirning taqdiri, kechmishlari aks etgan deyish mumkin.

990
Yakpora g'azal
Turdi Farog'iy

Ushbu g'azal adabiyotimiz tarixidagi xalqni milliy birlikka chaqirgan, o‘zaro tenglikka da’vat etgan, hududiy yaxlitlikni targ‘ib qilgan siyosiy ruhdagi birinchi she’r sifatida alohida e’tiborga molikdir. Unda shoirning o'tkir kinoyaviy tili va so'z qo'llash mahorati yaqqol ko'zga tashlanadi.

1404
Yakpora g'azal
Turdi Farog'iy

Mazkur tuyuq "yoro" so'zining tajnisi asosiga qurilgan bo'lib,u quyidagicha ma'no tovlanishlariga ega: "Yor vasli haqida bir so'z demoqlikka madorim yo'q (yaramayman). Ey yor, hajr aro menga rahm ayla. Sen otgan o'qlar qalbimga juda yomon jarohat (yara) yetkazdi, endi lutfing marhamati bilan uni tuzat (korimga yara)".

463
Tuyuq
Zahiriddin Muhammad Bobur

Turdining bor-yo’g’i uch baytdan iborat ixchamgina bu g’azali ishqiy-falsafiy mavzuda bitilgan. G'azal matnini hozirgi tilimizga tabdil qilsak, quyidagi ma'no chiqadi: "Ko’ngil bezagi bo’lgan bu sho’x go’zal shiddatli (turkona) yurish qilib keldi. Yor ko’zining bir cheti bilan ko’ngul mamlakatini talon-taroj etdi, bosib oldi. Tuproqda gul emas, jon unsa ajablanmang, zero, bu shahlo ko’zlar qanchadan-qancha sarvqomat go’zallarni yerga kirgizmadi. Tong yoqasini yirtmaguncha, quyosh paydo bo’lmaganidek, har qayerda ham g’amning do’sti dili g’amdan pora bo’lgan do’stni istaydi".

360
Yakpora g'azal
Turdi Farog'iy

Mazkur ruboiyda muhabbat tuyg’ulari aks etgan bo'lib, misrada so’zlar shu qadar tanlab, hamma ma’no ohanglari ko’zda tutib ishlatilganki, bu yuksak san’atkorlikdan nishonadir.

1021
Xos ruboiy
Zahiriddin Muhammad Bobur

Bobur -hamma mutafakkirlar singari olam, odam va ularning sirlari haqida ko’p o’ylaydigan kishi. O’zi komillik yo’liga tushgan bir solik sifatida o’zgalardan ham yuksak ma’naviy sifatlarga egalik, baland odamgarchilik kutadi. Ammo hayotning o’yinlari ham shundaki, kutilgan ezgu mo’ljallarga kamdan-kam hollardagina erishiladi. Bu hol ta’sirchan, shoirona qalbdan ushbu norozilik otilib chiqishiga sabab bo’ladi...

19594
Yakpora g'azal
Zahiriddin Muhammad Bobur

Boburning mazkur g’azalida visol sog’inchi ifodalangan. Shoir kuz manzarasini chizadi. Bu manzara podshoh shoirning taqdiriga mos keladi. Muallifning munosabati hamda tuyg’ulari sharhi she’rdagi sog’inch va dardni, ayriliq fojiasini kuchaytirib boradi. Shoir umrning ayriliqda o’tayotganidan zorlanib, «lolarux» (lola yuzli)dan rahm qilishini o'tinadi. Kuz ko’klamdan qanchalik uzoq bo’lsa, oshiq ham ma’shuqadan o’shanchalik yiroq...

1766
Yakpora g'azal
Zahiriddin Muhammad Bobur

Mo'min kishiga mahzunlik yarashmaydi. Taqdiridan rozi, kelajagidan umidvor kishining qalbiga qayg'u begona bo'ladi. Mazkur g'azal ham o'quvchini doimo xush kayfiyatda bo'lishga ruhlantirib, hayotga kulib boqishga undaydi va ko'nglingizga yorqin hislar bag'ishlaydi...

3177
Yakpora g'azal
Zahiriddin Muhammad Bobur

Ushbu g'azal hazrat Navoiyning she’rxon tuyg’ularini titroqqa solib, uning tafakkur tarziga o’zgarishlar kiritadigan she’rlaridan biri bo'lib, u ishqiy-tasavvufiy mavzuda. Lekin g'azal faqat shu doirada cheklanib qolmagan. Odatdagidek, unda ham ko’pdan-ko’p hayotiy muammolar, hissiy lavhalar, dunyoviy manzaralar, axloqiy solishtirish va xulosalar aks etgan. Shoir xilma-xil vositalarni ishga solib, o’zining ishqdan mahzun holini sharhlaydi.

1618
Parokanda g'azal
Alisher Navoiy

Mazkur asar ham mutafakkir shoirning eng go’zal g’azallaridan biri bo'lib,unda inson ruhiy holatlari nozikligi, sirliligi tashqi dunyo va odam surati bilan uyg’unlikda g’oyat nozik tasvirlangan. She’rda boshdan-oyoq ranglar jilva qiladi. Shoir tanlagan uch rang: qizil, sariq, yashil - o’zining barcha tovlanishlari bilan namoyon bo’ladi. Tabiatdagi oddiy rang-tusni anglatishdan ijtimoiy, hatto siyosiy ohanglarni ifodalashgacha ko’tariladi. Shoir butun borliqda shu uch rangni ko’radi. Va olamni shu ranglar vositasida ko’rsatadi.

808
Yakpora g'azal
Alisher Navoiy

Mazkur g’azal ishqiy mavzuda. Unda iztirob va tasalli ajib bir uyg’unlikda tasvirlangan. She’r an’anaviy, oshiqning ma’shuqaga dil izhori bilan boshlanadi: oshiq-yor husnini ko’rishga zor. U ishq deb atalgan dardga mubtalo bo’lgan. Shu sababli, u yor bilan oshno bo’lgan kunni «balolig’» kun deb hisoblaydi...

5902
Yakpora g'azal
Alisher Navoiy

Ushbu g'azal hazrat Navoiyning mashhur g'azallaridan bo'lib, u go'zal tasvir bilan boshlanadi: "Kecha kelaman deb va'da berib ketgan yor va'dasiga vafo etib kelmadi Shu kecha mening ko'zlarimga ham tong otguncha uyqu kelmadi. Har lahza uning yo'liga chiqib termulaverib, jon og'zimga keldi-yu, o'sha yomon xulqli sho'x go'zal kelmadi"...

41914
Voqeaband g'azal
Alisher Navoiy

Hazrat Navoiy iste'dodining ilk namunalaridan bo'lgan ushbu g'azal mavlono Lutfiyning lutfiga sazovor bo'lgan va she'riyat maydonida g'azal mulkining sultoni paydo bo'lganidan darak bergan edi. G'azal benihoya go'zal o'xshatish bilan boshlanadi: "Yorim yuzlarini yopar ekan, mening ko'zlarimdan har lahza yosh sochiladi, bu go'yo quyosh g'oyib bo'lgach, osmonda yulduzlar paydo bo'lishiga o'xshaydi".

8369
Voqeaband g'azal
Alisher Navoiy

Ko'ngil naqadar nozik va nafis xilqat. Mazkur g'azal yordan ayri ko'ngilning iztiroblari ta'rifiga bag'ishlangan. Ifoda baytma-bayt kuchayib borar ekan, o'quvchi hijron azobining naqadar tubsiz ekanini chuqur his etib boradi va "hajrdin dardi va lekin vasldin darmon yo‘q" oshiqning yurak sirlariga sirdosh tutinadi.

1381
Musalsal g'azal
Alisher Navoiy

Ayol - tabiatning eng go'zal xilqati. Agar u o'z xulqida ezgu fazilatlarni jamlasa, uning qadri shunchalar baland bo'ladiki, u bamisoli quyosh singari butun olamni munavvar etib turadi. Ushbu qit'ada buyuk shoir ana shu haqiqatni o'ziga xos go'zal shaklda ifodalab bergan.

1326
Qit'a
Alisher Navoiy

Ushbu qit'a to'g'rilik ta'rifiga bag'ishlanadi. Unda shoir kimki hayotda to'g'rilik yo'lini tutsa, Alloh uning mushkulini har yerda oson qilib, ishlari hamisha oldinga yurishini uqtiradi. Bunda u kotibning yuz sahifani birgina qalam bilan bitishi va ming qo'yni cho'pon birgina hassa bilan olib yurishini o'z fikrining isboti tariqasida keltiradi.

1179
Qit'a
Alisher Navoiy

Aybingni aytgan kishini yoqtirmaslik hammaga xos. Lekin bu bilan o’ziga zarar qilayotganini hazrati Navoiyning ushbu fardi kishiga juda tushunarli va ta’sirli qilib yetkazib beradi. Chindan ham dam urilsa, ya’ni nafas tegsa, ko’zgu xiralashadi. Shu kabi to’g’ri gapga chidamay jirillash ham keyingi safar aybingning aytilmasligiga olib keladi. Ya’ni ma’naviy ko’zguni xiralashtiradi. Fardda payg’ambarimizning: «Musulmon musulmonga ko’zgu», -degan hadislari shoir tomonidan o’ziga xos tarzda badiiy shaklga solingan.

1258
Fard
Alisher Navoiy

Tuyuq mazmunini quyidagicha izohlash mumkin: «Yo rabbim, bu asalmi, shakarmi, yo labmi? Yo u sanam asal, shakar yalabdimi? Jonimga tinimsiz (payvasta) o’qlar otmoq uchun g’amza (noz-karashma) o’qini qoshiga (qoshning yoyga o’xshashligiga ishora) joylabdimi?» Tuyuqning butun tarovati «yolabdurur» so’zi ifodalagan turli ma’nolar ichiga yashiringan.

1121
Tuyuq
Alisher Navoiy

Ushbu g'azal ham ishqiy-falsafiy mavzuda bitilgan bo'lib, u "devona ko'ngli"ning yana ishq dardiga mubtalo bo'lganidan yozg'irishdan boshlanadi, so'ngra shoir har bir baytda o'ziga xos bir muammo - qalbini azoblayotgan dardlarini birma-bir to'kib soladi. Biroq shunda ham, u taqdirdan rozi: Allohga shukr etib, dilini shodlikka oshno etmoqqa tutinadi.

209
Parokanda g'azal
Gadoiy

Mazkur g'azal o'zining jozibadorligi va ohangdorligi bilan Gadoiy adabiy merosida alohida ajralib turadi. Unda oshiqning xokisor holati shunchalar samimiy va dilga yaqin tasvirlanadiki, o'quvchi beixtiyor bu tasvirning asiriga aylanadi. G'azal bugungi kunda ham xonandalarimiz tomonidan sevib ijro etib kelinmoqda.

118
Yakpora g'azal
Gadoiy