Sahifa yuklanmoqda . . .


"Munojot"ni tinglab...

«MUNOJOT»NI TINGLAB

 

Qani ayt, maqsading nimadir sening,

Nega tilkalaysan bag‘rimni, ohang,

Nechun kerak bo‘ldi senga ko‘z yoshim,

Nechun kerak, rubob, senga shuncha g‘am!

 

Eshilib, to‘lg‘anib infanadi kuy,

Qaylardan kelmoqda bu ohu faryod.

Kim u yig‘layotgan, Navoiymikin,

Va yo may kuychisi Hayyommikin, dod!

 

Bas, yetar, cholg‘uchi, bas qil sozingni,

Bas, yetar, ko‘ksimga urmagil xanjar,

Nahotki dunyoda shuncha g‘am bordir...

Agar shu «Munojot» rost bo‘lsa agar.

 

Agar aldamasa shu sovuq simlar,

Gar shul eshitganim bo‘lmasa ro‘yo.

Sen beshik emassan, dorsan, tabiat,

Sen ona emassan, jallodsan, dunyo!

 

Eshilib, to‘lg‘anib ingranadi kuy,

Asrlar g‘amini so‘ylar «Munojot».

Kuyi shunday bo‘lsa, g‘amning o‘ziga

Qanday chiday olgan ekan odamzod!


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2016, 24-Dekabrda yuklangan

2406 marta ko'rildi

6 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
bas kuy g'am munojot soz ohang cholg'u ko'z yosh hanjar rubob dunyo tabiat tingla
Muallif
Abdulla Oripov

Abdulla Oripov

O’zbek she’riyatining yorqin, betakror siymosi. O’ziga xos uslub, she’riy ovoz sohibi. Lirik qahramoni dunyoning sir-sinoatiga oshufta va undan hikmat izlovchi, komillik va ezgulik tantanasiga jo’shqin qalb shijoati bilan intiluvchi serfazilat inson. Dramatik dostonlari, jahon adabiyoti durdonalaridan qilgan tarjimalari ham mashhur.

Batafsil


Yangi She'rlar Abdulla Oripov She'rlari Abdulla Oripov asarlari