Sahifa yuklanmoqda . . .
Ishq - Asarlar - ishq so'zi ishtirok etgan barcha asarlar
Muhabbat qanchalar totli azob! Muhabbat qanchalar dardli saodat! Sevmoq og'riq, sog'inmoq g'am, hislarni dilda pinhon tutmoq azob, ishqdan bebahra dillar malomatiga sabr qilmoq mashaqqat, sevgan insonini yo'qotib qo'yishdan qo'rqib yashash dard, ayriliq azobiga bardosh bermoq, kelishiga umid juda oz bo'lgan insonning yo'llariga butun umr ko'z tikib o'tmoq, u bilan xayolan gaplashmoq nima ekanligini faqat bu hisni tuygan kishilargina anglay oladi... Mazkur she'rda ham yori bilan xayolan suhbat qurayotgan ayolning dilidagi dardli savollar aks etgan.
Shubhasiz, barcha maxluqotlar ichida inson eng aziz va mukarram zotdir. Ammo bu mukarramlikning yuki ham o'ziga munosib ravishda katta, sinovlari ham boshqalarnikidan og'irroq. Shu bois ba'zida inson hayotida shunday hollar ham bo'ladiki, u boshqa mavjudotlarga havas qiladi. Agar bu yorug' dunyoda inson bo'lib emas, oddiy bir maysa yoxud shamol bo'lib yaralganimda, balki qismatim o'zgacharoq bo'larmidi degan o'ylarga boradi. Mazkur she'r ana shu oniy hissiyotning satrlarga muhrlangan tasviridir.
Oshiq inson uchun hamma narsa - bu ishq. Ishq - bu hamma narsa. Oshiqning dardi ham, baxti ham, sevinchi ham, qayg'usi ham, o'ngi ham, tushi ham, hayoti ham, xayoli ham Ishq. U ishq bilan nafas oladi, u ishq bilan tirik. Shu sabab u o'z borlig'ini va bu dunyoda borligini ishqdan ayri tasavvur eta olmaydi. Ushbu she'rda ham aynan oshiq yurakning ko'ngil rozlari qalamga olingan.
Ushbu she'rda buyuk bir muhabbat tarixi yoritilgan. Ayol muhabbati... Qalbidagi ishq to'fonini, yuragidagi ishq otashini barchadan yashirgan, hatto yorning o'zidan ham pinhon tutgan ayolning matonat va sabotga yo'g'rilgan pokiza tuyg'ulari bilan tanishar ekansiz, beixtiyor muallif qalbiga qalban yaqinlik tuyasiz. Mayda tashvishlarga ko'milib yashayotganimiz bu dunyoda ana shunday buyuk dardlar yukini ko'tarib jimgina yashayotgan odamlar borligiga iqror bo'lasiz.
Mazkur she'rda o‘zini tinimsiz izlayotgan, xatti-harakatlarini ayovsiz taftish qilayotgan shaxsning ruhiy holatlari aks etilgan. Bu she’r hur tug‘ilgan va bir umr erkka talpinib yashagan shaxsning bu yo‘ldagi yaxshi-yomon, qilgan-qilolmagan amallari uchun yaratganga munojotidir. Shoir o‘zining buyuk xaloskorlik missiyasi borligini biladi. Chunki nohaqlik va adolatsizliklarga to'la bu olamni haq so‘zgina qutqarishi, go‘zallashtirishi mumkin. Shoir haqiqatga yetish uchun tasavvufdagi «Yetti vodiy»ni bosib o‘tishga, ruhini poklashga shay. Bu yo‘lda shoir o‘limiga-da rozi. Zero, haqiqat yo‘lida o‘lmoq haqqa yetmoqdir.
Ushbu she'r shoiraning qalbidagi og'ir hasrat - yordan judolik dardlarini ifoda etadi. Unda muallif sevgan kishisi o'zi bilan uning qalbini ham birga olib ketganini, shu bois qalbidan yiroq insonning irodasi ham ojiz bo'lib qolishini aytadi. Atrofda do'stlarning ko'p bo'lishi ham uni o'zini yolg'iz his etishdan asrab qololmaydi. Shoiraning dili to'la hasrat, faqat yorigagina atalgan so'zlari yuragini kuydirib, ko'zlaridan yoshlar bo'lib to'kiladi. U taqdirga bo'yin eggani bilan berahm ruhi yorimni topib ber, deya turib olgan bo'lsa, bunga ne chora qilsin?
Zulfiyaxonim vafo va sadoqat ramziga aylangan o'zbek shoirasidir. Ushbu she'r butun umr o'z yoriga sodiq o'tgan ayol qalbi navolaridir. Unda yolg'izlik iztirobi va ayollik irodasi o'ziga xos tarzda samimiy ifoda etilgan. Unda naqoratday takrorlanuvchi "Tirik ekan nega tashlab ketmading?!" kalimasi o'quvchi qalbini larzaga solishi shubhasiz.
Bu she'r ayol sha’niga, sadoqat hurmatiga, fidoyilik hikmatiga bitilgan qo‘shiqday jaranglaydi. Hissiy shiddat, hayajon po‘rtanasi, so‘zlarda nafas olayotgan jon kitobxonni larzaga soladi. Bunday she’rlarni tuyg‘u tug‘yonlarisiz o‘qish mumkin emas. Bu she’r har qanday, hatto johil odamning ham yuragidagi qorong‘u burchaklarni yorita oladi. Unda balqigan toza samimiyat odamlarni bir-biriga yanada samimiyroq qiladi, insonga toza nazar bilan qarashni o‘rgatadi. Poklik qadriga yetishga undaydi.
Muhammad Yusufning «Surat» she’ri shoirning o‘z ichki dunyosini kashf etishga urinishi aks etgan asardir. She’rning lirik qahramoni «Men bir g‘alatiman, Men alohida» der ekan, uning bu e’tirofini aslo kibrga, manmanlik da’vosiga yo‘ymaslik lozim. Uning boshqalardan farqli birgina, biroq nihoyatda muhim fazilat bor. U ham bo‘lsa, olam va odamni ko‘ngil ko‘zi bilan ko‘rishi, idrok etishidir.
Yaxshi she'r hech qanday ta'rif-u tahsinga muhtoj emas. Mazkur she'rda ham shoirning mo'jizakor qalamidan to'kilgan ma'no nozikliklari o'ziga xos tarzda ifoda etilgan bo'lib, u necha yillardan beri xalqimiz qalbidan chuqur joy olib kelmoqda.
Usmon Nosirning «Yurak» she’ri shoirning insoniy xarakterini va ijodiy taqdirini o‘zida mujassam etgan she’rlar sirasiga kiradi. Shoir Yurak obrazini o‘zining ilhomi, ijodiy intilishlari, his-tuyg‘ulari, orzu-o‘ylarining mujassam timsoli deb biladi. Ya’ni uning Yurakka murojaati, aslida, o‘z shaxsiga, ijodiga murojaatidek yangraydi.
Ushbu g'azal muhabbatning go'zal bir madhi bo'lib, u qalbingizda go'zal hislar uyg'otishiga ishonamiz.
Mazkur g'azal ishqiy lirika mahsuli bo'lib, unda lirik qahramonning qalb tug'yonlari Cho'lponga xos samimiyat va san'atkorlik bilan aks ettirilgan. Shoirning mahorati shundaki, u tasvirda ko'ngilning eng nozik kechinmalarigacha ifodalay olgan.
Ushbu g'azal lirik qahramon va Kashmir go'zali o'rtasidagi suhbat tarzida bitilgan bo'lib, u shoirning qalbi to'ridagi hasratlarni ham namoyon etadi. G'azal so'ngida go'zal yor oshiqdan: "Ey bechora, nega o'z vataningni tark etding?" deya so'raydi. Shunda yigit: "O'z vatanidan yiroqda yashash taqdirda bor ekan-da..." deya javob beradi...
Ma’shuqaning e’tiborsizligi, noz-u adolari sabab hijron azobidan aftoda holga kelgan oshiqning chegara bilmas iztiroblari, nolalari o‘ta ta’sirchan aks ettirilgan bu she’rning oltinchi baytida nafaqat shu g‘azalning, balki shoir ijodining mohiyati aks etadigan fikr aytiladi…
Ushbu g‘azalda Komilning muhabbat domidagi oshiq holatini tasvirlash mahorati qanchalik yuqori ekanligi namoyon bo‘ladi. Shoir she’rning har baytida ifodalanishi ko‘zda tutilgan asosiy ma’noni aks ettiruvchi so‘zni takrorlash yo‘li bilan alohida bir satr holiga keltiradi. Bu usul g‘azalda ko‘zda tutilayotgan asosiy ruhiy holatga e’tibor tortadi.
Ushbu murabba’ adabiyot ixlosmandlari o’rtasida juda mashhur bo’lib, dastlabki misralardanoq chuqur dard, qayg’uli ohang kishini o’z og’ushiga oladi. Ammo aynan shu dard o’quvchini o’ziga maftun qiladi. Zero, dard insonlarni bir-biriga yaqinlashtiruvchi sehrli kuchga ega…
Ushbu g’azal Fuzuliy she’riyatining yuksak cho’qqilaridan biridir. Unda Alloh jamoliga chin dildan intilgan oshiq holati butun shiddati, to’foni, harorati bilan berilgan. Darhaqiqat, vasl beradigan shifoning qadrini hajr sababli bemor bo’lgan oshiqdan, zavq-shavqning tiniqligi va shirinligini yor diydoriga tashna odamdan so’ramoq kerak.
Shoirning muhabbat lirikasida ushbu g'azal o’ziga xos maqomga ega. Bu she’rda oshiq ma’shuqadan marhamat kutadi. Yordan hajr tunida fig’on chekayotgan oshiqqa rahm etishni o’tinadi. Mahbuba shu qadar sitamkorki, uning jabri zo’rligidan oshiq joni tanasini tashlab ketar holga yaqinlashib qolgan...
Ushbu g'azal Ogahiy lirikasidagi eng e'tiborli g'azallardan biri sanaladi. Uning lirik qahramoni taqdiri ham o'zgacha. Oshiq tun-u kun ishq o'tidan nola-fig'on chekadi, jon-u jismi azoblanadi. Hatto u shu qadar ko'p ko'zyosh to'kadiki, bu yoshlar qirg'oqsiz ummonga aylanadi. Ammo ma'shuqadan hech qanday javob yo'q. U oshiq holiga beparvo yuraveradi. Ammo bir kun unga oshig'ing ishqingda daryo-daryo ko'zyosh to'kib o'ldi deyishadi. Shunda qiz javob beradi: "Mening ham ko'zyoshlarim daryo-daryo"...
Nodirabegimning hijron haqidagi she’rlari orasida «Firoqnoma» asari kuchli tug’yonlari bilan alohida ajralib turadi. Ushbu she'r ijodkorning hayotidagi og'ir judolik va u tufayli shoira qalbida paydo bo'lgan iztiroblarni tasvirlaydi. She’rda firoq iskanjasida to’lg’anayotgan qalb, falak sinovlari oldida ojiz-u notavon oshiq holati g’oyat ta’sirli ch’izilgan.
Ushbu g'azal favqulodda teran fikrlarga boyligi, ifodaning kutilmagan tarzda yorqinligi bilan kishini o’ziga tortadi. She’rning lirik qahramoni dunyoni imtihon etishga, "Sayri chamani jahon" etib ketishga chorlanadi. Asarning eng yuqori nuqtasida shoira "Sen dunyoga nima uchun kelding?! Buni amalda ko'rsatib ket!" deya xitob etadi...
Mazkur g'azal hasbi hol ruhida bo'lib, unda Uvaysiy o'z qalbining eng inja sirlarini qalamga olgan. Uni o'qish orqali siz shoiraning ko'ngil olamiga sayr etasiz.
Uvaysiyga qadar sevish va u haqda yozish ham asosan erkaklarga xos sifatlar deb qaralgandi. Uvaysiy ayolning gulday nozik qalbi tebranishlarini o’zbek adabiyotiga olib kirgan ijodkorlardandir. Ushbu g'azal ham ayol muhabbatining ifodasidir.