Sahifa yuklanmoqda . . .
1. Dodimni eshitgil, qodir Allohim,
Ishq sensan, oshiq ham sen, men qulingman.
Loyiqman qahringga, do‘zaxim — bog‘im
Omonat devorman, o‘tman, kulingman.
Rub’i maskun ichra sayyod, o‘zim sayd,
Ortiq madorim yo‘q, voqifsan axir.
Manglayda yozilgan farmoningni ayt,
Da’vat qil, gunohkor bandangni chaqir.
Iymon ber ruhimga, jismimga jon ber,
Loyimni qorishtir, poklab ber menga,
Ojiz tomirimga pokiza qon ber.
Ravshan qil, qoramni oqlab ber menga,
Oxirat ilmidan qil meni ogoh.
Murodim sha’mini so‘ndirma, Alloh.
2. Moziyga urilib sinar ovozim,
Umr o‘tib borar benaf, benavo —
Nahotki bu — qo‘lim? Bu — mening sozim?
Allohdan so‘rayman — Nechun bu jafo?
Jami judoliklar jonimga yetdi,
Ol, deyman, Allohim, omonatingni.
«Tavba qil, — dedi Ul, bir Kitob tutdi —
Muroding mustajo, mingil otingni.
Ummonlar yo‘lingda, jangal yo‘lingda,
Noma’lum har joyda qurilgan doring.
Olamning kalidi sening qo‘lingda,
Jafo habibingdir, xiyonat — yoring».
Allohim, lahza — men, sen ersa mangu,
Taskin berganingmi, shafqatingmi bu?!
Semurg‘ qushim, podsho qushim, xush kelding,
Yetti gumbaz, yetti vodiy sarvari.
Vasling ne’matidan bahravar qilding,
Intizor joningman, yo‘lsiz, sarsari.
Nola aylab Semurg‘ dedi: — Ey, bedor,
Chorlar seni bir uborim. Bor. Ishon!
Rub’i maskun — yer yuzi.
Sen fano vodiysi, Haq qoshiga bor,
Yer-u osmon cho‘kmakdadir benishon.
Vahshiy dunyo, qonxo‘r dunyo quturdi,
Inson faryodiga to‘ldi koinot.
Nabiylar, dohiylar, shoirlar turdi,
Chora, chora, deya so‘rdilar najot...
Allohim, bilursan, qay sori ketdim,
Allohim... men o‘ldim...
Men senga yetdim...
1994
O'zbek milliy modern she'riyatining asoschilaridan biri va eng yirik vakili. Birinchi she’ri 1957-yilda e’lon qilingan. „Karvon yo’li“ (1968), „Aks-sado“ (1970), „Tasvir“ (1973), „Xotirot“ (1974), „Ko’zlar“ (1976), „Qaytish“ (1981), „Sabr daraxti“ (1986), „Sukunat“ (1991), „Tavba“ (2001) she’riy to’plamlari nashr etilgan. Rauf Parfi lirik qahramon ruhiy olamining nozik evrilishlarini mahorat bilan tasvir etuvchi she’rlari bilan tanilgan. Shoir so’zning rang va ohanglaridan, she’riy tasvir vositalaridan o’ziga xos uslubda foydalanadi. She’rlari bir necha xorijiy tillarga tarjima qilingan. Rauf Parfi Bayronning „Manfred“, Nozim Hikmatning „Inson manzaralari“, Mahmud Hodiyning «Ozodlik lavhalari» («Alvohi intiboh»), Karlo Kaladzening „Dengiz xayoli“, A. Dyumaning «Uch sarboz» va boshqa jahon she’riyati klassiklarining asarlarini o’zbek tiliga tarjima qilgan.