Sahifa yuklanmoqda . . .
In - Asarlar - in so'zi ishtirok etgan barcha asarlar
Dunyo va hayot haqida har kim o'z falsafasiga ega. Ammo insoniylik qiymati shundaki, u faqat bu dunyoni emas, balki oxirat hayotini ham o'ylab yashaydi va ezgu amallar qilmoqqa intiladi. Zero, ana shu ezgu amallar insonning bu dunyoda yaxshi nomga, oxiratda esa ajr-u mukofotga erishuviga sabab bo'ladi. Mazkur she'r buning aksi o'laroq yo'l tutganlar qismati haqida hikoya qiladi.
Inson hayotida shunday damlar bo'ladiki, umr yo'llari aro odimlashdan bir dam to'xtab, ortiga nazar solgisi va bosib o'tgan manzillarini bir-bir sarhisob qilgisi keladi. Bunda inson goho amalga oshirgan ezgu ishlari, erishgan yutuqlari, olgan saboqlarini ko'rib quvonsa, goho bilib-bilmay qilgan xatolari, yanglishish va yo'qotishlarini o'ylab, qalbi mahzun bo'ladi. Ushbu she'r ham ana shunday falsafiy mushohadalar ifodasidir.
Ushbu she'rda muallif bahorning gulga burkangan go'zal manzarasini tasvirlar ekan, uni ramziy ma’noda qo‘llaydi. «Bir kaft bog‘», ya’ni yaxlit bir manzil - Vatanda turlicha tarovat, turli bo‘y tarqatuvchi daraxtlar bor. Ularning har biri o‘zicha ko‘rk, o‘ziga xos meva-yu hosil beradi. Go‘yo har bir daraxt bu bir-biriga o‘xshamaydigan millat va elatlar. Ularning har birining o‘z tarixi, o‘z urf-u odatlari, yashash tarzi bor. Lekin ular bitta bog‘da - bir maskanda, ya’ni bir Vatanda - O‘zbekistonda jam bo‘lganlar.
She'rda sokin va go'zal oqshomlarning birida hind diyorida bo'lib o'tgan ajoyib mushoira - shoirlar musobaqasi, ya'ni she'riyat bayrami tasvirlangan. Tadbirning o'ziga xos jihati shunda ediki, u muhtasham zalda emas, balki shundoqqina tabiat qo'ynida - hind xalqi odatiga mos ravishda oddiygina chodirda bo'lib o'tadi. Bir tasavvur qiling-a, bir yoqda oqshom sururi, bir yoqda gullar hidi, bir yoqda salqin shabboda va bir yoqda shoirlar bahsi davom etmoqda...
Urush. Qanchadan qancha mamlakatlarning vayronaga aylanishiga, qanchadan qancha odamlarning boshpanasiz qolishiga sabab bo'lgan, otani o'g'ildan, o'g'ilni esa otadan ayirgan dahshatli ofat. Ushbu she'rda shoiraning ona qalbi urushga qarshi oyoqqa turadi va unga qarata: "Urush, noming o'chsin jahonda!" deya baralla hayqiradi...
Mazkur she'r Zulfiya o'z umr yo'ldoshining porloq xotirasiga atab yozgan asarlardandir. U bahor faslining kirib kelishi tasviri bilan boshlanadi. Odatda ko'klam kelishi quvonch-u shodlik bilan qarshi olinsa, bu bahor alam va ko'zyosh bilan kutib olinadi. Bahor esa hayron boqqancha shoiradan yori qaydaligini so'roqlaydi. Ayolning tillari bir javob aytishga ojiz bo'lganidan uni jimgina shoir qabriga boshlab boradi...
"Shu kunlarda bahorga zorman"... Qiziq, shoira bahor deganda nimani nazarda tutdi ekan? Yoshliknimi? Muhabbatnimi? Yorqin hislarnimi? Ilhomnimi? Yoxud sevgan yoriga bo'lgan sog'inchni ifoda etdimikan u? Bu haqda darhol hukm chiqarib yuborishdan yiroqmiz. Har bir o'quvchi mazkur she'r mutolaasi orqali o'z fikr-mulohazalariga ega bo'lgani ma'qul...
Ishq va Oshiqlik... Bu so'zlarni ta'riflamoqqa, uning mazmunini sharh etmoqqa zabonlar zabun-u qalamlar ojiz. Oshiqning ishq makon etgan ko'nglidan qanday hislar kechishini hech kim mukammal tasvirlab berolmaydi. Uni faqat chinakam oshiqlargina his etishi mumkin. Mazkur she'rni oshiq yurakning ko'ngil rozlari sifatida qabul etish mumkin.
Mazkur she'r chuqur insoniy iztiroblarni, umidlarni, hayotga chanqoq muhabbat bilan qorishiq ishtibohlarni va ulardan yangi unib chiquvchi umid kurtaklarini teran tasvirlash jihatidan qimmatlidir. Undagi lirik qahramon timsolida zamonga katta umid bilan qaragan, lekin umidlari erta xazon bo‘la boshlagan, katta va’dalarga uchib, sarosimalar girdobida qolgan avlodning umumlashma qiyofasi aks etadi.
Bu she'r ayol sha’niga, sadoqat hurmatiga, fidoyilik hikmatiga bitilgan qo‘shiqday jaranglaydi. Hissiy shiddat, hayajon po‘rtanasi, so‘zlarda nafas olayotgan jon kitobxonni larzaga soladi. Bunday she’rlarni tuyg‘u tug‘yonlarisiz o‘qish mumkin emas. Bu she’r har qanday, hatto johil odamning ham yuragidagi qorong‘u burchaklarni yorita oladi. Unda balqigan toza samimiyat odamlarni bir-biriga yanada samimiyroq qiladi, insonga toza nazar bilan qarashni o‘rgatadi. Poklik qadriga yetishga undaydi.
Ushbu asar inson sha'niga bitilgan qasidadir. Unda insonning botiniy va zohiriy olamidagi chigalliklar va murakkabliklar o'ta nozik tarzda ifodalangan. Xususan, shoir unda insonning bugungi kamoloti, inson dahosining zakovati, fan-texnika bobida erishgan mislsiz zafarlari haqida yozar ekan, bu taraqqiyot tufayli bugungi kunda inson jahon ayvoniga "arkon" (ustun) darajasiga ko‘tarilganini ayta turib, shu "arkon" ayni paytda "vayron" ekanini ham pisanda qilib o‘tadi...
She'r hayotning go'zal bir oni - tong lavhasidan hikoya qiladi. U majoziy xarakterda. Tong ko'zlarini erinib ochar ekan, butun olam munavvar bo'lib, yorishib ketadi. Tabiatdagi har bir mavjudot, hatto mitti hasharotlar ham bu go'zallikni his etadi, qalbi zavq-u shavqqa, betimsol lazzatga to'ladi. She'rning shu yerida badiiy kashfiyot bor: shoir chumolining shu paytga qadar ulug'lanib kelgan xislati - mehnatkashligiga salbiy munosabatini bildiradi! Turmushning ikir-chikirlari bilan o'ralashib, hayotning unutilmas lahzalariga beparvo qarash, uning go'zalligini ko'rmay olamdan o'tib ketish dunyoni masxara qilish bilan teng, deydi shoir...
“Sokin isyon”... Bu ikki so'z aslida bir qozonda qaynamaydi − sokinlik isyonni, isyon sokinlikni inkor etadi. Hech ham qovushmaydi ular go'yo. Lekin Shavkat Rahmonning o’zini shaxsan tanigan, yaqindan bilganlar bu ikki ters holat uning shaxsiyatida nihoyatda munosib ravishda qovushganini, bir-biri bilan rosa chiqishganini ko'radi. Shoirning bu sokin isyoni qayg'uli yoki g'azabga minilgan onlardagina emas, balki “eng baxtiyor lahzalarda ham” so'nmaydi. Chunki uning tuyg'ulari yuzada emas...
Mazkur she’r Shavkat Rahmon ijodi o'zak masalasiga − Vatan mavzusiga to'g'ridan to'g'ri bog'lanadi. Axir, Vatan sari faqat ochiq ko'z bilan boriladi! Vatanni faqat ko'zi ochiqlargina taniydi! Chinakam vatanparvar ko'zini yirikroq ochadi, mayliga ochiqligi tufayli yashashi qiyinroq bo'lsin, mayliga ko'zlari qamashsin va yo og'risin...
Mazkur she’rda suyganiga yetolmagan lirik qahramonning ruhiy qiynoqlari badiiy aks topgan. Unda butun olomon bir taraf, oshiq yurak esa mutlaqo boshqa taraf. "Yashash kerak, sevish shart emas!" deb hisoblaydigan kimsalar uchun ishq va vafo to‘g‘risidagi gaplar deyarli hech narsani anglatmaydigan - «bekorchi safsata»dir. Ular jismning begona bo‘lishi ruhning begonalashuvini aslo anglatmasligini hech tan olgilari kelmaydi. Biroq she’rning lirik qahramoni uchun hayot qoidasi boshqacha: "Sevish kerak... yashash shart emas!"
Muhabbatning go'zal kechinmalari samimiy va beg'ubor tarzda ifodalangan bu she'r barcha oshiqlarning madhiyasiga aylanib ketgan desak adashmaymiz. Qalbiga otashin hislar mehmon bo'lgan yigitlar hijron tunlari-yu umid tonglarida bu she'rni pichirlab yuradilar. Sababi bu satrlar ko'ngil so'zlari. Ko'ngildan chiqqan so'z ko'ngilga oson yetib boradi va u yerni umrbod maskan etadi.
Odamni odam qilib turgan, uning hayotiga insoniy mazmun baxsh etadigan inja tuyg‘ular, avvalo, mehr va muhabbatdir. Shu tuyg‘ular tufayli olamda hayot davom etadi, tiriklik tantana qiladi. Zero, ota-onaning farzandga mehri, akaning singilga achinishi, do‘stning do‘stga madadi, yigitning qizga muhabbati... Insonlararo munosabatlarning asosida, aslida mana shu tuyg‘ular yotibdi...
Muhammad Yusufning «Vatanim» she’rida vatanga muhabbat hissi juda samimiy va sodda ifoda etilgan. Shoirning ona yurtdan tuygan mehri xuddi singilning, onaning mehridek iliq, u bir aka bo‘lib, bir o‘g‘il bo‘lib, bu mehrga javob bergisi, agar shu yurt «o‘g‘lim» deya unga mushtoq bo‘lsa, har qanday mushkulot qarshisiga chiqqisi, kelgusi padarkushlardan kelajak ulug‘beklarini pana qilib quchgisi keladi...
Bu hikoyada ajoyib bir voqea tasvirlanadi. U ov qilish uchun yo'lga chiqqan odam tilidan yozilgan. Bir kuni u yomg'irda qolib ketadi va yo'lovchilar birrov qo'nib o'tishiga mo'ljallangan kamarchaga kirib jon saqlaydi. Kamarchada yana bir kishi bor edi. Sirtdan qaraganda oddiygina bo'lib ko'ringan bu odam hikoya so'ngida ovchi yigitni hayratda qoldiradi...
Ushbu hikoyada odamning butun boshli taqdiri hikoya qilinadi. Unda Rahima ismli ayolning hayoti, kechmish-kechinmalari qalamga olinishi misolida o'quvchi umr va uning mazmuni haqida chuqur falsafiy mushohada yuritish imkoniga ega bo'ladi.
Asar o'zbeklar haqida, yana ham aniqrog'i, o'zbek millati, uning mentaliteti haqida. Unda o'zbeklarning soddaligi, mehmondo'stligi, ochiqko'ngilligi, bag'rikengligi, saxovatpeshaligi kabi ezgu fazilatlari bilan birga ayrim salbiy jihatlari ham yaqqol ochib berilgan.
Bu she'rda so'zlangan hikoyat sizni chuqur o'yga tolishga majbur etadi. Hikoyat bir sodda va kamtarin inson hamda uning badfe'l xotini haqida. Bu inson bir umr xotini tomonidan yetgan jabrga sabr etib yashaydi va dunyodan o'tadi. Bir kun tunda xotini uning qabriga sham ko'tarib boradi, ammo ne ko'z bilan ko'rsinki...
Bu she'r nozik yumor bilan sug'orilgan bo'lib, u dangasalar va umuman dangasalik haqida. Qizig'i shundaki, unda shoir yalqovlikni illat emas, fazilat deb biladi. U odamlardan dangasalikka qarshi kurashishni emas, dangasalarni tinch qo'yishni so'raydi. Hatto bu yorug' dunyoda dangasalar borligi uchun shukr qiladi. Nega? Buni she'rni to'liq o'qigach bilib olishingiz mumkin.
She'rda o'zbek millati vakillari uchun hazrat Navoiyni o'qish zarurati borasida so'z boradi. Darhaqiqat, hazrat Navoiy asarlari bizga iymon-e'tiqod, or-nomus, vafo-sadoqat, hayo-yu iffat, ishq-u oshiqlikdan saboq beradi. Modomiki, ajdodlari ma'rifatga oshno el farzandlari ulardan bebahra ekan, bu katta kulfat. Shu bois hazrat Navoiy hikmatlaridan ta'lim olmoq bizning burchimizdir.