Sahifa yuklanmoqda . . .
Audio bu yerda yuklanmadi, iltimos ushbu aloqani bosing
Bir kimsa umrining soʻngiga qadar,
Yigʻdi mol-u dunyo, yigʻdi siym-u zar.
Uni qiziqtirdi na doʻstning holi,
Va na qoʻshnisining oʻksik ahvoli.
U chindan mol-mulkning jilovin tutdi,
Faqat nafs ortidan ot surib oʻtdi.
Bir kuni ba hukmi taqdiri azal,
Shamshirin koʻtarib keldi-ku ajal.
Endi na siym-u zar qutqara olur,
Na billur, na gavhar qutqara olur.
Rozi yo norizo - farqi yoʻq mutloq,
Bunday choq chorasiz hatto doʻst-oʻrtoq.
Beshafqat ajalga berar ekan tan,
U dedi: «Shu ekan, dunyo shu ekan».
Marhumga marhumlik koʻrilgay loyiq,
Uni qabristonga eltdi xaloyiq.
Uyum tuproq boʻldi quvonchi-gʻami,
Kimdir boqib dedi: «Shunga shunchami»...
O’zbek she’riyatining yorqin, betakror siymosi. O’ziga xos uslub, she’riy ovoz sohibi. Lirik qahramoni dunyoning sir-sinoatiga oshufta va undan hikmat izlovchi, komillik va ezgulik tantanasiga jo’shqin qalb shijoati bilan intiluvchi serfazilat inson. Dramatik dostonlari, jahon adabiyoti durdonalaridan qilgan tarjimalari ham mashhur.