Sahifa yuklanmoqda . . .
Yosh - Asarlar - yosh so'zi ishtirok etgan barcha asarlar
G'.G'ulom bu she'rda «o‘zbek otasi»ning bo‘rtma, umumiy, hamma uchun tanish, yaxlit siymosini aks ettirgan. Unda otalarimizga xos bo‘lgan jamiki fazilatlar o‘zining yorqin ifodasini topgan. Ularning samimiyligi, jonsarakligi, har doim ham oshkor qilinavermaydigan farzandga mehr-u muhabbati, kuzatuvchanligi, tantiligi, andishasi... barcha-barchasi shu she’rda namoyon bo‘ladi.
Inson bolasi yaralibdiki, qullikka, erksizlikka, mutelikka qarshi kurashib keladi. Tabiatan erk farzandi bo‘lgan shoir uchun o‘zidan minglab yillar ilgari o‘tgan insonlar qismati ham begona emas. U erksizlikning har bir qurbonini o‘z tug‘ishganiday ko‘radi, zolimlardan ularning xunini so‘raydi. Mazkur she'r go‘yo Usmon Nosirning o‘zini kutayotgan og‘ir erksizlik, surgun zulmatlariga oldindan ko‘targan isyonidek yangraydi!
Ushbu she'rni shoirning o'z hayoti - yoshlik umri haqida bitgan o'ziga xos iqrornomasi deyish mumkin. Unda shoir yoshligi qanday o'tgani haqidagi xotiralarini bayon etadi.
Bu she’rda go‘yo hali bolalik zavqidan voz kechishni istamagan shoir ko‘ngli bilan real hayotning achchiq-chuchugini totib, sergak torta boshlagan shoir aqli o‘zaro muloqotga kirishadi.
Ushbu she'r U.Nosirning Samarqanddan onasiga yozgan she’riy maktubi bo'lib, unda shoir bolaligida ko‘rgan sargardonliklarini tabiat manzaralariga uyg‘un holda qayta jonlantiradi, o‘quvchini o‘z xotiralariga oshno etadi.
Bu she'r Abdulla Avloniyning ma’rifatparvarlikni targ‘ib etuvchi asarlaridan biri bo'lib, unda shoir maktabning ilm-madaniyat manbai ekaniga alohida e'tibor qaratadi.
Xalqimiz «Til bilgan el biladi», deb bejizga aytmaydi. Ushbu she'r ham chet tillarini o‘rganishga da’vat qilishi bilan muhimdir. Shoir tilni insonlar, turli millatga mansub kishilarni birlashtiradigan, do‘stlashtiradigan «robitai olamiyon» - kishilarning aloqa vositasi deb ataydi. Shuning uchun ham o‘zgalar tilini ona tilidek bilish «foydai kondir» deydi.
Shoir hayotida chuqur iz qoldirgan iztirobli sevgi tarixi bu she’rning yozilishiga turtki bergan. Unda ko‘nglining suygan yoridan ayrilgan lirik qahramon iztiroblari quyuq badiiy bo‘yoqlarda ta’sirli ifodalangan.
Biz bu she’rni o‘qir ekanmiz, 20-yillarda mustamlakachi bolsheviklar tufayli o‘zbek yurti va o‘zbek xalqining boshiga tushgan falokatlarni ko‘rgandek bo‘lamiz. Shoir bu balo-ofatlarni keltirgan, o‘lkamizni vayron etib, daryo-daryo qonlarni oqizgan yovuzlarni la’natlamaydi, ularga g‘azab va nafrat toshlarini otmaydi, balki mudhish tarixning shohidi sifatida yuragidan oqib turgan ko‘z yoshlari bilan tarix sahifalariga qayd etadi.
Mazkur g'azal ishqiy lirika mahsuli bo'lib, unda lirik qahramonning qalb tug'yonlari Cho'lponga xos samimiyat va san'atkorlik bilan aks ettirilgan. Shoirning mahorati shundaki, u tasvirda ko'ngilning eng nozik kechinmalarigacha ifodalay olgan.
Ushbu g’azal Fuzuliy she’riyatining yuksak cho’qqilaridan biridir. Unda Alloh jamoliga chin dildan intilgan oshiq holati butun shiddati, to’foni, harorati bilan berilgan. Darhaqiqat, vasl beradigan shifoning qadrini hajr sababli bemor bo’lgan oshiqdan, zavq-shavqning tiniqligi va shirinligini yor diydoriga tashna odamdan so’ramoq kerak.
Ushbu g'azal Ogahiy lirikasidagi eng e'tiborli g'azallardan biri sanaladi. Uning lirik qahramoni taqdiri ham o'zgacha. Oshiq tun-u kun ishq o'tidan nola-fig'on chekadi, jon-u jismi azoblanadi. Hatto u shu qadar ko'p ko'zyosh to'kadiki, bu yoshlar qirg'oqsiz ummonga aylanadi. Ammo ma'shuqadan hech qanday javob yo'q. U oshiq holiga beparvo yuraveradi. Ammo bir kun unga oshig'ing ishqingda daryo-daryo ko'zyosh to'kib o'ldi deyishadi. Shunda qiz javob beradi: "Mening ham ko'zyoshlarim daryo-daryo"...
Mazkur g'azalda shoir dilbarning afsonaviy tasvirini beradi. Uning olamni gado qilgulik portretini chizadi. Shu asnoda oshiqni unga bog’lab turgan insoniy rishtalarni ham ko’rsatadi. Oshiq javobsiz, umid qilmaydigan muhabbati bilan yorga intiladi. U ma’shuqaga yetishishdan emas, balki intilishning o’zidan masrur...
«Sog‘indim» radifli g‘azal shoiraning o‘g‘li Muhammadxonning sarbozlikka yuborilishi munosabati bilan farzandidan judo onaning iztiroblari, sog‘inchini aks ettiradi.
Bu tuyuq "yetti yosh" so'zlarining tajnisi asosida yuzaga kelgan bo'lib, unda shoirning chuqur hayotiy falsafasi yashiringan.
Ushbu muxammas mashhur shoir Fuzuliyning "Etdigumdandur" radifli g'azaliga bitilgan bo'lib, unda ko'ngil holatining eng yashirin va sirli jihatlari nazokat bilan tasvirlangan.
Mazkur g'azalda shoir yor istig’nolaridan ozor chekkan oshiqning aftoda holati, tushkun kayfiyatini o’ynoqi tarzda, yengil ohanglarda tasvirlaydi. Holatning og’irligi bilan tasvirning yengilligi o’rtasidagi ziddiyat natijasida yuzaga kelgan badiiy qiymat she’rlarning yoqimliligini oshiradi. Ular she’rxonga tez ta’sir qiladi va uzoq vaqt esda saqlanib qoladi.
Yorga yetar kun bormu, yoronlar?! Dunyo - sinov maskani. To tirik ekan, odamzot Yorga yeta olmaydi. Biroq o'lim ham hali Yorga yetmoqqa kafolat emas. Yorga yetmoq uchun bu dunyo o'nqir-cho'nqirliklari uzra to'g'ri yo'lni - Yor dargohiga olib boruvchi yo'lni bexato topib, so'ng shu yo'ldan ilgari yurmoq lozim. Bu esa anchayin mashaqqatli va mas'uliyatli vazifa, har bir mo'minning insoniylik burchidir...
So‘fiy shoirlarni ilohiy ishq kuychilari deyishadi. Lekin ishqni kuylashda har bir shoirning o‘z yo‘li, ovozi, o‘zgachaligi bor. Ahmad Yassaviy ishqi ilohiyni rasmiy shariat doirasidan uzoqlashmagan holda sharh etadi. Navoiy ishqni mushohada qiladi, har qanday yonish-kuyishlarda ham o‘ychanlik, bosiqlik unga xos. Mashrab esa ko‘nglidagi ishq olovi qanday bo‘lsa, uni shundayligicha she’rga ag‘daradi. Ollohga bo‘lgan muhabbatini ochiq izhor etadi. Quyidagi g'azal ham Mashrabning hayoti bayonnomasi deyish mumkin.
Oddiy kishining Allohga muhabbati, undan qo’rquvi tagida jannatga yetishish maqsadi turadi. Mutasavvuf uchun bunday maqsad ta’magirlik hisoblanadi. So’fiy Yaratganning jamoliga yetishishnigina o’ylaydi. Unga Yaratganga muhabbat sababli jannatga erishish va do’zaxdan qutulib qolishni niyat qilish -uyat. Chunki go’yo muhabbati uchun haq talab qilganga o’xshab qoladi. Chin ishq beg’araz bo’lmog’i kerak. So'fiyoda uslubda bitilgan mazkur g'azalda shoir ishqining butun mazmun-mohiyati oynadagidek namoyon bo’lgan.
Mazkur muxammasda bir tomondan, shoirning shirin o’tmish xotiralari, ikkinchi tomondan, oyoqosti qilingan izzat-nafs, bir vaqtlar saltanatning yuksak maqomlarida bo’lgan arbobning tuban ijtimoiy mavqega tushib qolganidagi iztirobli o’ylari aks ettirilgan.
Boburning mazkur g’azalida visol sog’inchi ifodalangan. Shoir kuz manzarasini chizadi. Bu manzara podshoh shoirning taqdiriga mos keladi. Muallifning munosabati hamda tuyg’ulari sharhi she’rdagi sog’inch va dardni, ayriliq fojiasini kuchaytirib boradi. Shoir umrning ayriliqda o’tayotganidan zorlanib, «lolarux» (lola yuzli)dan rahm qilishini o'tinadi. Kuz ko’klamdan qanchalik uzoq bo’lsa, oshiq ham ma’shuqadan o’shanchalik yiroq...
Hazrat Navoiy iste'dodining ilk namunalaridan bo'lgan ushbu g'azal mavlono Lutfiyning lutfiga sazovor bo'lgan va she'riyat maydonida g'azal mulkining sultoni paydo bo'lganidan darak bergan edi. G'azal benihoya go'zal o'xshatish bilan boshlanadi: "Yorim yuzlarini yopar ekan, mening ko'zlarimdan har lahza yosh sochiladi, bu go'yo quyosh g'oyib bo'lgach, osmonda yulduzlar paydo bo'lishiga o'xshaydi".
Ayol - tabiatning eng go'zal xilqati. Agar u o'z xulqida ezgu fazilatlarni jamlasa, uning qadri shunchalar baland bo'ladiki, u bamisoli quyosh singari butun olamni munavvar etib turadi. Ushbu qit'ada buyuk shoir ana shu haqiqatni o'ziga xos go'zal shaklda ifodalab bergan.