Sahifa yuklanmoqda . . .
Yomg'ir - Asarlar - yomg'ir so'zi ishtirok etgan barcha asarlar
Hijron og'ir. Visol rohatbaxsh. Ammo bir necha soniyadan so'ng hijron kelishi kutilayotgan damlardagi visol-chi? Bu baxtmi yo dard? Azobmi yo rohat? Tun. Yomg'ir mayda-maydalab yog'moqda. Oshiq yuragi ham tilka-pora. So'nggi tun. Visolning so'nggi damlari. Tong ularni ajratishi muqarrar. Ammo ular hozircha birga... Tong otgach ularni qanday taqdir kutib turibdi? She'r ana shu dardli o'ylarning otashin ifodasi yanglig' dunyoga kelgan.
Ushbu she'rda g'oyat maftunkor manzara chiziladi: Tun. Borliqda yomg'ir ohistagina yog'moqda, shamol ham ohistagina qo'zg'oladi, bulutlar bag'ridan ko'ringan hilol ham ohistagina yumshoq nur to'kmoqda. Tun qo'ynida bir qizning ohistagina yig'layotgan tovushi quloqqa chalinadi. Qiz dardlari kaptar patidan ham mayin go'yo. Borliqni nafis tug'yonlar qoplagan...
Butun borliq mo'jiza. Tabiat o'z bag'riga ne-ne sinoatlarni berkitmagan deysiz. Har yil unda qanchadan qancha gul-u giyoh unib-sunadi, fasllar almashadi, kecha kumush qor bag'rida sokin orom olgan tog'-u toshlar bugun yana gullarga burkanadi. Har yil soyda qanchadan qancha suvlar oqib o'tadi. Bularning bari behikmat-behuda emas. Ularning barchasi o'zgarmas qoidaga - Oliy Qonunga bo'ysunadi.
Dunyoda nelar unutilmaydi deysiz? Qo'polliklar, achchiq zardalar, tahqirlar - bari-bari bir kun unut bo'ladi. Ammo yoshlikda bergan ko'ngil qalbda hamon yashar ekan, mayingina aytilgan xayr bir umr inson dilini iztirobga soladi. Eski joylar, tanish ko'chalar sizni o'ziga chorlaydi, xotiralar qalbingizda kuy chaladi. Biroq olislarda shodon qahqahalar yangraydi. Netong? Axir yoshlik hamisha haq...
Hayot juda go'zal. Yashamoq zavqli. Har bir nihoyaning ibtidosi bor. Qish qahratonidan so'ng bahor quyoshining zarrin yog'dusi olamni munavvar etib, dillarga hayot zavqini qaytaradi. Borliq nurlarga, gullarga va ko'm-ko'k maysalarga to'ladi. Maysalar qatida hayot toshadi. Maysalar bomba o'pqonlari-yu yong'in bo'lgan joylarni ham chetlab o'tmaydi. Borliqning barcha ayblarini yopib, odamlarga dunyoni yanada go'zal ko'rsatadi...
Ayol muhabbatining o’ziga xosligi shundaki, u naqadar kuchli, naqadar o’tli bo’lmasin, otashin tuyg’ular haqida ochiq aytilmaydi. Ayol qalbi qanchalar nozik bo’lmasin, olovli hislarni berkitishga qodir. Ayol hech kimga aytmagan so’zlarini, ko’ngil sirlarini she’r deb atalmish mo’jiza qatiga singdiribgina yengil tortadi. Mazkur she’r ham ayol muhabbatining samimiy iqroridir.
Bir tomchi suvda azim ummonlar siyrati zohir bo'lgani yanglig' har bir she'r shoirning qalbini aks ettiruvchi bir ko'zgudir. Bu ko'zguda shoirning butun haqiqati, e'tiqodi, quvonch-u qayg'ulari, dard-u dunyosi namoyon bo'ladi. "Tuyg'ular" deb atalgan mazkur o'ziga xos to'plamdan o'rin olgan she'rlar shoirning ko'ngil olamiga sayr etishingiz va uning shaxsini o'zingiz uchun kashf etishingizga yordam beradi.
Bu hikoyada ajoyib bir voqea tasvirlanadi. U ov qilish uchun yo'lga chiqqan odam tilidan yozilgan. Bir kuni u yomg'irda qolib ketadi va yo'lovchilar birrov qo'nib o'tishiga mo'ljallangan kamarchaga kirib jon saqlaydi. Kamarchada yana bir kishi bor edi. Sirtdan qaraganda oddiygina bo'lib ko'ringan bu odam hikoya so'ngida ovchi yigitni hayratda qoldiradi...
Bu she'r Toshbibi (Toshbu) ismli ayolning yoriga sadoqati, ahdiga vafosi, tugalmas bardoshi va metin irodasini tarannum etadi. Yorini og'ir jangga kuzatgan bu ayol kelinlik zeb-ziynatlarini sandiqqa tashlab, erkaklarning og'ir mehnatini o'z zimmasiga oladi. Kunni tunga ulab, dalalarda ishlaydi va turmushning butun mashaqqatlarini totadi. Nihoyat, eri jangdan qaytadi, ammo... bir qo'lidan ajragan holda. Biroq Toshbu yorini tirik ko'rmoqlikning o'zini bir buyuk baxt deb biladi...
Ushbu she’rda Mirtemirning vatanparvarlik tuyg’ulari to‘la namoyon bo‘lgan. U o‘zi tug’ilgan, ulg‘aygan, butun umrini yashab o‘tgan Vatanini butun o’ziga xosliklari bilan ta’riflab, yurt dushmanlariga nisbatan nafratini izhor qiladi.
Bulut — bu yomg‘ir darakchisi. Osmonda bulut paydo bo‘lishi bilan barchaning xayolidan yomg‘ir yog‘adi degan fikr o‘tadi. Shunga yarasha taraddud va ehtiyot choralari ko‘riladi. Albatta, bemavrid yomg‘ir yog‘sa, kayfiyat buziladi, ko‘ngil g‘ash tortadi. Bu, odatda, qop-qora bulut butun osmonni qoplab, kunni tundek qorong‘ilikka chulg‘agan damlarda bo‘ladi. Ammo shoirning qo‘liga qalam tutqizgan bu tabiat hodisasi yorug‘lik, to‘kinlik belgisi...
Cho‘lponning mazkur she’ri bolsheviklar qirg‘ini, sho‘ro mustamlakachilari tomonidan o‘lkamizning vayronaga, o‘likxonaga aylantirilgani haqida bo'lib, unda yurtimiz boshiga tushgan musibatlar o'ta haqqoniy va ayni paytda ta'sirchan qilib tasvirlangan.
She’rning yozilish tarixini shunday tasavvur etamiz: Cho‘lpon Moskvadagi bekatlarning birida, ehtimol, tramvayning kelishini kutib turganida kuz yomg‘iri asta yog‘a boshlaydi. Shoir yomg‘ir tomchilarining daraxt yaproqlarini yuvib, so‘ng yerga to‘kilayotgani va chuqurcha hosil qilayotganini ko‘radi. Chuqurchaga tushayotgan yangi tomchilar uni ko‘pirtirib yuboradi. Chuqurcha shoir tasavvurida jajji bir ko'lchaga aylanadi. Xayolning bu erkin o‘yinidan zavqlangan shoir bunday falsafiy xulosaga keladi...
Qadim zamonda bir chol bilan kampir bor ekan, ularning farzandi yo'q ekan. Chol o'tin terib sotib, tirikchilik qilar ekan. Har kuni o'tinga ketayotganida kampir unga qatirma qilib berar ekan. Chol qatirmani qo'yib, o'tin tergani ketsa, unga o'rgangan bir tulki kelib har kuni cholning qatirmasini yeb qo'yar ekan. Bir kuni chol o'tinga ketayotganida yo'ldan bir dona tuxum topib olibdi. O'tin teradigan joyga borganida birdaniga quyun ko'tarilibdi...