Sahifa yuklanmoqda . . .
Tom - Asarlar - tom so'zi ishtirok etgan barcha asarlar
Mazkur she’r muallifning nevarasi Ulug‘bekka atalgan bo‘lib, she’rning yaratilishiga turtki bergan ham shu bolajonning o‘zi. Bahor chog‘i yozuv stolida o‘tirgan lirik qahramonning xayollarini dabdurustdan to‘zitib, xonaga nevarasi kirib keladi. She’r bitilayotgan qog‘ozdan olib, varrak yasaydi va uni osmonga uchiradi. Nevarasining xatti-harakatlarini kuzatib turgan shoira uning ko‘rinishi, qiliqlarida vafot etib ketgan bobosiga o‘xshash jihatlarni ilg‘aydi va beixtiyor aziz xotiralarga beriladi...
Xorijiy safar taassurotlari asosida yaratilgan bu she’r qaramlikka, mutelikka qarshi o‘tkir aybnoma kabi yangraydi. Faqat bugina emas, unda qaramlik dunyosining shafqatsizligi-tirikchilik, kundalik hayot tashvishlari tirik mavjudotni, odam zotini ne ko‘ylarga solishi ramziy tarzda butun dramasi, keskinligi bilan ko‘rsatiladi. She'rni o‘qib, alam-iztirob bilan qalamga olingan hodisa, ya’ni to‘qaylar podshohi arslonni charsillab yonib turgan olov halqa ichidan sakrab o‘tishga majbur qilgan, sher zotini masxaraboz qo‘liga berib, gumroh tomoshabin-olomon uchun ermak-tomoshaga aylantirgan kuch nima, degan savolga o‘zingiz javob topasiz.
Shoirning ona zamin qismati haqidagi alamli o‘ylari «Sirdaryo o‘lani» she’rida o‘ziga xos tarzda ifodalangan. Bu she’r xalq o‘lanlari ruhi, ohangida bitilgan: bir tomonda ona daryoning go‘zal ta’rif-tavsifi, ikkinchi tomonda shoirning daryoning hozirgi holati, achchiq qismatidan bezovtaligi, tashvish-zorlari. Undagi o‘ta samimiy, cheksiz mehr, o‘kinch to‘la satrlar xuddi xalq o‘lanlaridagi kuygan dilning o‘tli zorlari singari o‘quvchi qalbining tub-tubigacha yetib boradi, uni titroqqa soladi...
Umr... Avvalboshda hech poyoni yo'qday bo'lib ko'rinuvchi, ammo qancha yurganingni bilmay manzilga eltib qo'yuvchi yo'l... Hayotingdagi kunlaringni bir-bir yo'qlik qa'riga to'kuvchi qumsoat. Avvaliga beparvo qaragan odam qumsoat yarimlar ekan, birdan xushyor tortib, o'tgan umrini sarhisob qila boshlaydi. Shunda o'zi yo'l qo'ygan xatolarni ko'rib, ko'zi yoshga, qalbi g'ashga to'ladi. Ularni tuzatmoq uchun ham yana yashagisi keladi. Ammo nachora: "umrni qumsoat singari to`nkarib bo`lmas"...
She'rda qalbning mo'jizakor xislatlari tasvirlanadi. Darhaqiqat, ko'ngil o'z bag'rida dahshatli dolg'alar silsilasini saqlovchi ummon, o'z qa'rida vulqonlarni berkitgan zamin, u bir o'zga olam, butun boshli sayyora. Ammo... ammo uni o'z mehvaridan chiqarib yubormoq uchun atom jangi shart emas, birgina o'ylamay aytilgan kalom ham uni vayron qilishi mumkin!
Ushbu she’rda Mirtemirning vatanparvarlik tuyg’ulari to‘la namoyon bo‘lgan. U o‘zi tug’ilgan, ulg‘aygan, butun umrini yashab o‘tgan Vatanini butun o’ziga xosliklari bilan ta’riflab, yurt dushmanlariga nisbatan nafratini izhor qiladi.
Mazkur she'rda muallif juda samimiy tarzda hozirga qadar «Vatan» degan muqaddas so‘zni ko‘p bor eshitib, shunchaki tilga olib yurganini, uning chin mazmun-mohiyatini esa endigina kashf qilganini e’tirof etadi. Vatan o‘z farzandlariga hech qanday shartsiz, tamasiz ona bo‘lishligini shoir teran anglaydi.
Ushbu g'azal muhabbatning go'zal bir madhi bo'lib, u qalbingizda go'zal hislar uyg'otishiga ishonamiz.
Ushbu she'r chin do'stlik haqidagi qiziq bir hikoya bo'lib, unda safarga chiqqan ikki do'stning bir-birlariga qanchalik vafodor ekanliklari ko'rsatiladi.
Cho‘lponning mazkur she’ri bolsheviklar qirg‘ini, sho‘ro mustamlakachilari tomonidan o‘lkamizning vayronaga, o‘likxonaga aylantirilgani haqida bo'lib, unda yurtimiz boshiga tushgan musibatlar o'ta haqqoniy va ayni paytda ta'sirchan qilib tasvirlangan.
She’rning yozilish tarixini shunday tasavvur etamiz: Cho‘lpon Moskvadagi bekatlarning birida, ehtimol, tramvayning kelishini kutib turganida kuz yomg‘iri asta yog‘a boshlaydi. Shoir yomg‘ir tomchilarining daraxt yaproqlarini yuvib, so‘ng yerga to‘kilayotgani va chuqurcha hosil qilayotganini ko‘radi. Chuqurchaga tushayotgan yangi tomchilar uni ko‘pirtirib yuboradi. Chuqurcha shoir tasavvurida jajji bir ko'lchaga aylanadi. Xayolning bu erkin o‘yinidan zavqlangan shoir bunday falsafiy xulosaga keladi...
Hapalak – Maxmurning ona qishlog’i nomi. Ushbu she’rda mazkur qishloqning ayanchli ahvoli, qishloq aholisining og’ir turmush sharoiti hajviy yo’sinda tasvirlanadi.
«Qoplon» hikoyasi satirik asarning yaxshi namunasi bo‘lib, kishilardagi xushomadgo‘ylik, laganbardorlik, o‘z manfaati yo‘lida andisha-mulohazaga bormay surbetlarcha ish tutishi, odamlarni amal kursisiga qarab munosabat ko‘rsatishi kabi yaramas illatlar tanqidiga bag‘ishlangan. Hikoyadagi Qurbonboy obrazi misolida yozuvchi o‘zini hali tanimagan rahbarlar pinjiga kirishning nozik yo‘llarini topib olgan, hech bir istiholasiz laganbardorligini oshkora ko‘rsatib yurishdan orlanmaydigan, vaqti kelganda shartta yangi boshliqqa xizmat qilib ketaveradigan oriyatsiz, ablah bir shaxs qiyofasini ko‘rsatib beradi.
O‘tgan zamonda Qo‘qon shahrida bir podsho yashagan ekan. Bu podshoning bitta-yu bitta jonon piyolasi bor ekan. Yer yuzini ming marta aylanib chiqsangiz ham bunaqangi piyolani topolmas ekansiz. U shu qadar chiroyli ekanki, qorong‘i tunni oy nuri kabi yoritar ekan. Podsho piyolani tilla sandiqning ichida saqlar ekan. Piyola turgan uyning atrofida bir qancha qo‘riqchilar turar ekan. Agarda podshoning choy ichkisi kelsa, ishonchli odamini yuborib, jonon piyolasini oldirtirar ekan...
Bir zamonda katta bir soy bo‘yida kichkina bir uy bo‘lar ekan. Bu uyda chol, uning Zumrad degan qizi, o‘gay ona va uning Qimmat degan arzanda qizi turar ekanlar. Kampirning Zumradni ko‘rgani ko‘zi, otgani o‘qi yo‘q ekan. U hadeb qizni urib, qarg‘ab, ertadan kechgacha ishlatarkan, bechoraga birpas ham tinchlik bermas ekan. Zumrad chiroyli, odobli, muloyim, aqlli qiz ekan. Uni bir ko‘rgan kishi yana ko‘rsam deb orzu qilar ekan...
Baxt nima o'zi? Uning biror bir o'lchovi bormi? Bor,albatta. Faqat bu mezon har kim uchun har xil. Kimlar uchundir doimiy bo'lgan turmushning aqalli yuzdan birini his qilishning o'ziyoq kim uchundir buyuk baxt. Binobarin, chinakam baxt bag'rida yashayotgan kishi o'zini baxtsiz his qilishi va aksincha, kimlardir og'ir sharoitda ham o'zini baxtli his qilishi mumkin. Ushbu hikoya qahramoni ham komil ishonch bilan "Men dunyodagi eng baxtli insonman!" deydi. U chindan ham baxtlimidi? O'qib, o'zingiz xulosa qiling.
Kutilmaganda notanish odamdan kelgan xat insonga qanday ta'sir qilishi mumkin? Buning ustiga xatda g'ayrioddiy so'zlar bitilgan bo'lsa... Albatta, bu xat mazmuni va xatni olgan insonning o'sha paytdagi holatiga bog'liq. Zero, bunday maktublar inson kayfiyatiga jiddiy ta'sir etibgina qolmay, uning hayotini butunlay yangi o'zanga burib yuborishi ham mumkin. Ushbu hikoya bu fikrning yaqqol isbotidir.