Sahifa yuklanmoqda . . .
Ulug‘bekka
Nevaram quyunday otilib kirib,
Qalamim tagidan qog‘ozni yular.
Damda varrak yasab ko‘kka uchirib,
Izidan qop-qora ko‘zlari yurar.
Varrak tortar shekil, murg‘akni kuch-la
Oyoq tirab siltar dakani kibor.
Ayrilib qog‘ozdan, she’rdan va hushdan
Boqaman varrakboz jonga baxtiyor.
Naq bobosi siyoq zehnday tiyrak,
Ko‘kish alangada yonar soch-u qosh.
Borlig‘i ezgu bir o‘t bo‘lsa kerak,
Tomirlarda qonmas, kezadi quyosh.
Daka varrak tiniq zangori fazo
Tubiga intilar, sho‘ng‘ir naq xayol.
Talpingan ko‘ksingda, bolakay, ne bor,
Sen iqbolga, senga ne tutar iqbol?
Nevara bo‘lmasa, odamzod albat,
O‘zi kashf etardi, kashf etganday baxt.
Yigirmanchi asr o’zbek adabiyotining barkamol ijod sohibasi. She’riyatida inson ruhiyatining shodon, mahzun xilma-xil kechinmalari, davr to’fonlari va yashash mohiyatiga doir ulug’vor falsafiy qarashlar mujassam. She’r-u dostonlari umumbashariy g’oyalari bilan, ularning jozibali hamda san’atkorona ifodasi bilan o’zbek va dunyodagi boshqa ko‘plab xalqlar she’riyat muxlislarining qalbidan mustahkam joy olgan.