Sahifa yuklanmoqda . . .


Zumrad va Qimmat

(O'zbek xalq ertagi)

Bir zamonda katta bir soy bo‘yida kichkina bir uy bo‘lar ekan. Bu uyda chol, uning Zumrad degan qizi, o‘gay ona va uning Qimmat degan arzanda qizi turar ekanlar. Kampirning Zumradni ko‘rgani ko‘zi, otgani o‘qi yo‘q ekan. U hadeb qizni urib, qarg‘ab, ertadan kechgacha ishlatarkan, bechoraga birpas ham tinchlik bermas ekan.
Zumrad chiroyli, odobli, muloyim, aqlli qiz ekan. Uni bir ko‘rgan kishi yana ko‘rsam deb orzu qilar ekan. Xullas, u juda ajoyib qiz ekan. Qimmat esa ishyoqmas, injiq va dimog‘dor ekan. Uning butun kuni urish-janjal va to‘polon bilan o‘tar ekan.
Zumrad erta bilan barvaqt ko‘zasini ko‘tarib, soy yoqalab buloq boshiga borarkan, yo‘lda uchragan lola gullar boshlarini egib, unga salom berarkanlar. Zumrad maysalar ustida o‘tirib dam olganida gullar uni olqishlar, bulbullar quvonib unga hikoyalar aytib berarkanlar.
Ammo xuddi shu gullar kampirning arzandasini sevmas, uni erkalamas ekanlar, chunki bu qiz ularni yulib tashlar, xushbo‘y gullarni hidsiz deb tepkilar ekan. Shuning uchun ham ular Qimmat kelar bo‘lsa, qovoqlarini solib, yumilib qolarkanlar.
Bularning hammasi yovuz kampirning g‘azabini keltirar ekan. Kampir esa, buni Zumraddan ko‘rarkan.
Bir kun kampir Zumradni yomonlab, cholga do‘q uribdi:
— Qizing beodob, ishyoqmas, uni haydab yubor! Bo‘lmasa sen bilan bir nafas ham birga turmayman!
Chol nima qilarini bilmay qolibdi. Axiri kampir:
— Qizingni o‘rmonga oborib adashtirib kel! U bilan birga turmayman! — debdi.
Chol qizini adashtirib kelish uchun tog‘-toshlarni kezib, bir o‘rmonga boribdi. Ota-bola o‘rmon ichida uzoq yurishibdi. Axiri quyuq soyali bir joyga borib to‘xtashibdi. Keyin chol o‘tin kesgani ketibdi. Zumrad yolg‘iz qolibdi.
Shu paytda birdan shamol turibdi. Chol esa o‘rmondagi bir katta daraxtga boltasini osibdi-da, unga og‘irroq tosh bog‘lab, qattiq itarib yuboribdi. Bolta u yoqdan bu yoqqa urilib to‘qillayveribdi.
Shamol juda kuchayibdi. Bolta shamol kuchi bilan uzoq vaqt daraxtga urilib “to‘q-to‘q” qilib tovush chiqaribdi.
Zumrad “Otam o‘tin kesayotibdi”, deb o‘ylab, otasini anchagacha kutibdi. Kech bo‘libdi, otasidan darak bo‘lmabdi. Shamol to‘xtabdi. Qiz o‘rmondagi chuchmomalarni terib yurib, bexosdan bolta osilgan daraxt tagiga borib qolibdi. Qarasa, otasi yo‘q emish.
— Voy sho‘rim qursin! Voy, otajon?! — deb uvvos solib yig‘lab, to‘rt tomonga yuguribdi. Hech kimdan darak bo‘lmabdi, qiz adashib qolibdi. O‘rmon unga yana ham vahimali bo‘lib ko‘rinibdi. Qiz qayoqqa borishini bilmay, axiri kichik bir so‘qmoqdan chopib ketaveribdi.
Zumrad uzoq yo‘l bosibdi. Qorong‘ida gullar uning yo‘lini yoritibdi. Ketaturib bir vaqt qarasa, uzoqda miltillagan chiroq ko‘rinibdi, itning hurigani eshitilibdi. Qiz o‘sha tomonga qarab yuraveribdi. Тezda kichik bir uyga yetibdi. Uyning derazasidan qarasa, bir kampir o‘tirgan emish. Qiz sevinib, kampir oldiga kiribdi, boshidan kechirgan voqealarni kampirga birma-bir aytib beribdi.
Uyga shunday chiroyli qizchaning kelganini ko‘rgan kampir juda quvonibdi. Bu kampir o‘rmonda yashaydigan sehrgar kampir ekan. Kampir qizning yig‘laganini ko‘rib:
— Ko‘p xafa bo‘lma, qizim, senga yordam beraman, — deb qizni ovutibdi. Qiz ham unga:
— Rahmat! Men sizni onamdek ko‘raman. Buyurgan ishingizni jonim bilan qilaman, — deb javob beribdi.
Shu choq kampirning uyi tepasiga juda ko‘p qushlar yig‘ilibdi, ular qizchani maqtab, sayrashibdi. Qushlar tilini bilgan sehrgar kampir yana ham quvonibdi. Xosiyatli qizga dunyoda topilmaydigan rasmli kitob va qo‘g‘irchoqlar berib:
— Oppoq qizim, shirin qizim! Do‘mbog‘im, munchog‘im! — deb qizning boshini silab erkalabdi.
Ular uzoq vaqt birga turishibdi. Kampir qizchani yaxshilab parvarish qilibdi. Zumrad ozoda qiz bo‘lgani uchun uyni supurib-sidirib, oynalarni artib-surtib, hamma yoqni chinniday qilib qo‘yar ekan. Buni ko‘rib kampir yana ham quvonar ekan.
Bir kun kampir qizga osh qilib bermoqchi bo‘lib:
— Тomdan o‘tin olib tush, qizim, — debdi. Qiz dik etib o‘rnidan turib:
— Xo‘p bo‘ladi, onajon, — deb darrov tomga chiqibdi.
Тom baland ekan, undan hamma yoq ko‘rinar ekan. Qiz atrofga qarab turib, birdan o‘z uyining tomini ko‘rib qolibdi. Yuragi orziqib yig‘lab yuboribdi. Buni eshitgan kampir:
— Nega yig‘laysan, jon qizim? — deb so‘ragan ekan. Qiz:
— Ko‘zimga uyimiz ko‘rindi, otamni sog‘indim, — debdi.
Kampir uni aldab-suldab yupatibdi, ikkovlari ovqat pishirib yeyishibdi.
Erta bilan kampir qizga:
— Narsalaringni yig‘ishtir, qizim! — debdi.
Qiz qo‘g‘irchoqlarini yig‘ishtiribdi. Kampir qizga:
— Тomda qizil va oq sandiq bor, oq sandiqni qoldirib, qizil sandiqni olib tush! — debdi-yu o‘rmonga kirib ketibdi. Bir vaqtdan keyin o‘rmondan saman ot qo‘shilgan bir arava yetaklab chiqib, qizni aravaga o‘tqazibdi.
— Qizil sandiqni uyga borgandan keyin och! — deb kampir qizga bir kalit beribdi.
Qiz kampir bilan qayta-qayta xayrlashib yo‘lga chiqibdi. Bir zumda arava qizning uyi oldida hozir bo‘libdi. Shu paytda uy eshigi oldida chol o‘z qizini sog‘inib, uning dardida yig‘lab o‘tirgan ekan. Qiz mehribon otasini ko‘rishi bilan:
— Salom, otajon! — deb otasining bag‘riga tashlanibdi.
Chol benihoyat xursand bo‘lganidan anchagacha ko‘z yoshlarini to‘xtatolmabdi. Axiri yig‘idan to‘xtab, qiziga:
— Oppog‘im, meni kechir, — debdi.
Ular uyga kirishibdi. Qizning kelgani hammaga ma’lum bo‘libdi. Qo‘ni-qo‘shnilar yig‘ilishibdi. Qiz qizil sandiqni ochishi bilan hamma hayron qolibdi: qizil sandiq asl mollar bilan liq to‘la ekan. Mol shuncha ko‘p, shu qadar ajoyib emishki, Zumradning butun umriga yetib ortar emish.
Bu narsa o‘gay onani og‘ir tashvishga solibdi.
U cholga qizi Qimmatni ham tezda o‘rmonga olib borib adashtirib kelishni buyuribdi. Chol “Xo‘p” deb, Qimmatni darrov o‘rmonga adashtirib kelibdi.
Kech kirganda Qimmat, xuddi Zumradga o‘xshab, bolta osilgan daraxt tagiga borib qolibdi. Adashganini sezibdi. Ho‘ng-ho‘ng yig‘lasa ham, lekin uni ovutadigan odam topilmabdi. Faqat uning ro‘parasida boyqushlar o‘tirib olib, qorong‘i, vahimali o‘rmonlar haqida sayrarmish. Bu kuylar Qimmatni vahimaga solibdi. U qo‘rqib o‘rmondan qocha boshlabdi. Qorong‘i tushgan paytda sehrgar kampirning uyiga kirib boribdi. Kampir uni yaxshi kutib olibdi, ovutibdi, mehmon qilibdi. So‘ngra qizga qarab:
— Xafa bo‘lma, qizim, o‘zim yordam beraman, — debdi.
Ammo Qimmat kampirga yaxshi so‘zlar topib aytolmabdi, chunki onasi unga yaxshi so‘zlar o‘rgatmagan ekan. Kampir uni sevmabdi, yaxshi ertaklar ham aytib bermabdi, dunyoda topilmaydigan suratli kitoblar va qo‘g‘irchoqlar ham bermabdi.
Qimmat ertadan qora kechgacha yalqovlanib o‘tiraverar ekan. Uyni yig‘ishtirib, supurmas ekan.
Bir kun kampir o‘rmondan qaytib kelib, unga:
— Тomdan o‘tin olib tush, qizim! — degan ekan, qiz:
— O‘zingiz olib tushing, malayingiz yo‘q! — debdi.
Kampir judayam xafa bo‘libdi, shunga qaramay qizni aldab-suldab tomga chiqaribdi. Lekin qiz o‘tin olib tushish o‘rniga tom boshida chinqirib yig‘layveribdi. Kampir buni eshitib:
— Nega yig‘laysan, qizim? —deb so‘ragan ekan, Qimmat yer tepinib:
— Uyimni ko‘rdim, ketaman, — deb yana ho‘ngrabdi.
Sehrgar kampir qizga:
— Juda yaxshi, tomdagi sandiqni olib tush, — debdi.
Qimmat sandiqni olib tushibdi. Keyin kampir qizga bir kalit uzata turib:
— Mana kalit, sandiqni uyingga borganingda ochasan, — debdi.
Qiz o‘sha onda yig‘isini ham unutib, oq sandiqni orqalab jo‘nabdi. Sehrgar kampir unga arava ham bermabdi, qiz og‘ir sandiqni ko‘targanicha uyiga piyoda kelibdi.
Qizning kelishini dastavval olapar it sezibdi. U Qimmatning onasi oldiga borib:
— Vov, vov, vov, — degan ekan, kampir quloq solmabdi, it yana vovullab:
— Opam kelayotirlar, orqalaganlari oq sandiq, ilon bilan liq to‘liq, — debdi.
Kampir g‘azablanib, o‘qlog‘i bilan itni urib, oyog‘ini sindiribdi.
— Mening aqlli qizim qimmatli mollar keltiradi, — debdi u.
Qizining kelganini ko‘rib kampir o‘zida yo‘q sevinibdi. Qo‘ni-qo‘shnilar yig‘ilibdi, sandiqni ochmoqchi bo‘lishibdi.
Shunda kampir bilan qizi ikkisi: “Yo‘q, ochmanglar!” deb o‘zlarini sandiq ustiga tashlabdilar. Keyin ikki qulog‘idan ko‘tarib uyga olib kiribdilar.
Yarim kecha payti ekan, kampir bilan qiz eshik-elikni yopib, sandiqni ochishibdi-yu birdaniga “Voydod, qutqaringlar!”, “Ajdar!”, “Voydod!” deb baqirishibdi...
Sandiqda kattakon ikkita ajdar yotgan ekan. Qoqvosh kampir bilan uning urishqoq qizi dodlashib, uyni gir-gir aylanishibdi, qo‘rqqanlaridan qulflangan eshikni ochisholmabdi.
Ikki ajdar kampir bilan qizni yutib, darchadan chiqib ketibdi.
“Dod, voy!” degan ovozni eshitgan qo‘ni-qo‘shnilar eshikni buzib ichkari kiribdilar. Qarasalar, hech kim yo‘q emish. Uyda yovuz kampirni ham, uning urishqoq qizini ham topolmabdilar.
Shundan so‘ng oq ko‘ngil Zumrad bilan ota ikkisi tinchgina yashab, murod-maqsadlariga yetibdilar.


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2016, 31-Dekabrda yuklangan

47512 marta ko'rildi

7 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
zumrad qimmat qiz o'tin sehrgar o'rmon chol kampir shamol tush gullar sandiq bolta ajdar uy arava qo'l qo'shni so'z mol tom o'gay daraxt
Muallif
Xalq og'zaki ijodi

Xalq og'zaki ijodi

Batafsil


Yangi Hayotiy-maishiy ertaklar Xalq og'zaki ijodi Hayotiy-maishiy ertaklari Xalq og'zaki ijodi asarlari