Sahifa yuklanmoqda . . .
Is - Asarlar - is so'zi ishtirok etgan barcha asarlar
Olam gardishidan o’z bahrangni ol, Shodlik taxtiga min – qo’lda may halol, Boysunsang-sunmasang xudo zor emas, Olamda baxtingni o’rinlatib qol.
Deding: “Haqiqat ne? Nimadir odam?” So’zlasam, cho’zilib ketadir qissam, Haq uni undirib daryo qa’ridan, Qa’riga otadi yashatmay bir dam.
Yemak-ichmakka yo’q erdi ehtiyoj, Seni shunday qildi, endi ne iloj? Ne bermish – barini qaytib olgusi, Aslingga qaytarur oxir bu rivoj.
Yo Alloh, ul go’zal oyni yaratib, Sochi-sunbulidan anbar taratib, Unga qaramagil deya buyursang, Zulm-ku, dil shavqin o’zing qo’zg’otib.
Pok-u ahil, oqil kishiga o’rtoq Bo’l-u, noahildan qochaver yiroq, Dono senga zahar tutsa ham ichgil, Qo’l cho’zmagil sharbat tutsa ham ahmoq.
Sitamgar, o’tkinchi davrondan qo’rqma, Ko’rgilik o’tadi – jahondan qo’rqma, Chekma g’am – naqd umring ishratda o’tkaz, Naqd shundoq, kelajak zamondan qo’rqma.
Xayyom, ichkilikdan kayf qilib, shod bo’l, Bir dam go’zal bilan o’ltirib, shod bo’l, Jahonda har ishning poyoni – yo’qlik, Yo’qlig-u borlikni bir bilib, shod bo’l.
Do’zax-u jannatni kim ko’rgan, ey dil? U dunyo xabarin kim bergan, ey dil? Qo’rquv-umidimiz shulardan, ammo Nom-u nishonasin kim bilgan, ey dil?
Afving bor – gunohdan qo’rquv bilmayman, Rizq berding- yo’l ranjin ko’zga ilmayman, Rahmingdan oq yuz-la tursam Mahsharda, Nomim qora deya tashvish qilmayman.
Ajal bosh egdirsa, bo’lmasa chora, Dastidan tan-u dil bo’lsa yuz pora, Tuprog’imdan faqat ko’za yasangiz, Mayning hidi tegib, tirilsam zora.
Olam tuzog’idan ozod emasmiz, Bir nafas olmoqdan hech shod emasmiz, Hayotga ko’p shogird bo’ldig-u hanuz Dunyoning ishiga ustod emasmiz.
Ey charx, gardishingdan emasman xursand, Ozod et, yarashmas menga hech bul bad, Nodon, noahilga gar karam qilsang, Men ham emasman-ku ahli donishmand?
Ey tun-kun dunyoga ko’z tikkan kishi, Aqlingni jo’ymasin dunyo tashvishi, Axir esingni yig’, hushyorroq bir boq, Nedir boshqalarga uning qilmishi.
Bu bepoyon osmon holidan oson Xabar topdi faqat ikki tur inson: Yo yaxshi-yomondan xabardor olim, Yo o’zin bilmas mast – aqli parishon.
Dardga chalinmish bu dili vayronam, Ishqdan uyg’onmadi sarmast jononam, Oshiqlik sharobin berganlari kun, Jigarim qoni-la to’ldi paymonam.
So’zimga quloq os, ey do’sti a’lo, Dunyo ishlarini o’ylama aslo, Qanoat go’shasin aylabon makon, Olam ishlarini qilgil tomosho.
Shod bo’l, senga solmish savdoni azal, Xohishingdan o’zga g’avg’oni azal, Taqdiringni kecha aniqlaganlar, Qissam ne, yozgach bu qazoni azal.
Shuhrat topsang, kishilar hasadi yomon, Yolg’iz qolsang, sendan qilishar gumon, Hizr bo’lsang hamki, hech kimni bilma, Seni ham bilmasain, mayli, biror jon.
Bir kosa sharob-la ko’nglimni shod et, Na o’tmish, na kelmish kuningni yod et, Zindoniy qilingan omonat jonni Aqlning bandidan lahza ozod et.
Kechagina qishloqdagi qizlarning bari Menga sirli qoshlar qoqib qarashardi. Qarashmasa, uylariga tunda borib, Toshlar otib qochar edim, yarashardi. Sahargacha atrofida aylanishib, Dilxun uyga qaytar edim,bilishardi. "Kimni kutib turibdi bu yigitcha",deb, Devor osha mo'ralashib kulishardi...
Qiyosi yo'q uning mehri bir daryo, O'xshasa o'ziga o'xshaydi O'zbek. Boshqa millatlarni bilmadim, ammo, Dunyoda bolam deb yashaydi O'zbek! O'nta bo'lsa o'rni boshqa uning-chun, O'g'lim otashimdan yaralgan uchqun. Qizim parilardan chehrasi gulgun, Qoshlari qalam deb yashaydi O'zbek!..
Tug’ilgandan men sho’rlikning bag’rim qon, Bir jismimda talashadi ikki jon. Jon talashsam, tepamda charx urgan ul, Kapalaklar odamlardan mehribon… Oqqushlarim, oq yomg’irda ucharlar, Saharlardan shudring-sharob icharlar. Tanlamayin qabrlarni qucharlar, Kapalaklar odamlardan mehribon…
Aylanaman, Sharqni kezib aylanaman, Iboli bir yor topolmay o'ylanaman. O'z yurtimning suluvlari til uqmasa, Uzun ko'ylak turkman qizga uylanaman... Ko'zim tushsa yuzlari lov-lov yonadi, Yelkasida qirqta chaman tovlanadi, Kesilmagan kokillari to'lg'onadi, Uzun ko'ylak turkman qizga uylanaman...
G'irot mingan Go'rog'li Bobom qani, aytinglar, Qo'ng'irotlik Alpomish Og'am qani, aytinglar... Tustovuqday tovlangan Olam qani, aytinglar. Ko'lda kiyik ovlangan Dalam qani, aytinglar...