Sahifa yuklanmoqda . . .
Qiyosi yo'q uning mehri bir daryo,
O'xshasa o'ziga o'xshaydi O'zbek.
Boshqa millatlarni bilmadim, ammo,
Dunyoda bolam deb yashaydi O'zbek!
O'nta bo'lsa o'rni boshqa uning-chun,
O'g'lim otashimdan yaralgan uchqun.
Qizim parilardan chehrasi gulgun,
Qoshlari qalam deb yashaydi O'zbek!
Bir qo'lda belanchak, bir qo'lda Qur'on,
Bir yelkada ketmon, birida iymon.
Barchaga barobar oftobsimon,
Yashnasin olam deb yashaydi O'zbek!
Bobolari qaysi yigitlardan kam,
Momolari xushro'y yuzdan oshsa ham.
Zurryodlari bo'lsa bitta uyga jam,
To'shak yetmay to'nin to'shaydi O'zbek!
Ehtirom etganga ehromlari bor,
Kekkayganga bo'yin egmaydi zinhor.
Beshik to'la jajji islomlari bor,
Tosh o'tmas qo'rg'onga o'xshaydi O'zbek!
Qiyosin topdingmi aytgin Muhammad?
O'xshasa o'ziga o'xshaydi O'zbek.
Yomon she'r yozsang ham, betingdan o'pib,
Kam bo'lma bolam, deb yashaydi O'zbek!
Sodda va xalqona tilda bitilgan samimiy she'rlari bilan millionlab muxlislar qalbini zabt etgan shoir. Uning millat va yurt istiqloli sharafiga bitgan go‘zal she’rlari o‘ziga xosligi bilano'quvchilar qalbida aks sado berdi. Muhammad Yusuf ijodi keyingi davr o‘zbek qo‘shiqchiligi rivojida muhim o‘rin tutadi. Milliy san’atimizning eng yirik va iste’dodli vakillaridan tortib, havaskor qo‘shiqchilargacha shoir she’rlarini kuyga soladilar.