Sahifa yuklanmoqda . . .
Tug’ilgandan men sho’rlikning bag’rim qon,
Bir jismimda talashadi ikki jon.
Jon talashsam, tepamda charx urgan ul,
Kapalaklar odamlardan mehribon…
Oqqushlarim, oq yomg’irda ucharlar,
Saharlardan shudring-sharob icharlar.
Tanlamayin qabrlarni qucharlar,
Kapalaklar odamlardan mehribon…
Gulga qo’nsa, qanotlari botmaydi,
Ojizlarim birovga tosh otmaydi.
Bir kun yashar, bir-birlarin sotmaydi,
Kapalaklar odamlardan mehribon…
Bir qarasang, na kulbasi, uyi yo’q,
Na tovushi, na qo’shig’i, kuyi yo’q.
Kapalakning kambag’ali, boyi yo’q,
Kapalaklar odamlardan mehribon…
Kapalakning Ka’basidir hur dala,
Dalasida mehr to’la, nur to’la.
Baxtsiz bo’lsa, bari baxtsiz bir yo’la,
Kapalaklar odamlardan mehribon…
Oydin oqshom yodga tushding, o malak,
Seni o’ylab bo’ldi yana qon yurak.
Sevaman deb aldamaydi kapalak!...
Kapalaklar odamlardan mehribon!…
Muhammadga ishonmagan ey, mo’minlar,
O’lsam so’zim eslab, uyga cho’minglar:
Kapalakning qanotiga ko’minglar,
Kapalaklar odamlardan mehribon…
Sodda va xalqona tilda bitilgan samimiy she'rlari bilan millionlab muxlislar qalbini zabt etgan shoir. Uning millat va yurt istiqloli sharafiga bitgan go‘zal she’rlari o‘ziga xosligi bilano'quvchilar qalbida aks sado berdi. Muhammad Yusuf ijodi keyingi davr o‘zbek qo‘shiqchiligi rivojida muhim o‘rin tutadi. Milliy san’atimizning eng yirik va iste’dodli vakillaridan tortib, havaskor qo‘shiqchilargacha shoir she’rlarini kuyga soladilar.