Sahifa yuklanmoqda . . .
Ich - Asarlar - ich so'zi ishtirok etgan barcha asarlar
Chinakam ayriliq sevganingdan olisda yashamoq emas. Chunki ko'ngillar bir ekan, bir kun topishmoqqa umid bor ekan, masofalar olisligi ayriliq sanalmaydi. Chinakam ayriliq sevganing bilan yo'llaring ayro bo'lishi. Har bir daqiqa, har bir soniya uni bag'ringdan yulib ketayotganini his etib turishdir. U seni, sen esa uni hech qachon yodingdan chiqara olmasang-u, uni sendan atigi bir necha qadamli yo'l ajratib tursa-yu, yoniga borolmasang, unga eltuvchi yo'llaring hijron dashtida g'oyib bo'lgan bo'lsa, bu haqiqiy hijrondir.
Shoirlar dunyoni o'zgacha ko'radi, ular boshqalarga o'xshamaydi, deydilar. Darhaqiqat, shunday. Sababi ularda olamning ko'zga ko'rinmas sir-asrorlarini-da ko'ra oluvchi ko'z, boshqalar dardini ham his qila oluvchi qalb, hayot ma'nosi va yashamoq mohiyati haqida mulohaza qila oluvchi uyg'oq idrok mavjud. Biroq buncha fazilatlarni o'zida jamlab yashashning o'zi bo'lmaydi. Shoirlik - o'ta mas'uliyatli va sharafli ish. U qalbga she'riyat pichog'ini sanchib yashamoqdir.
Yurakning tub-tubida bo’luvchi ba’zi tuyg’ularni ta’riflamoqqa so’z topilmaydi. Chunki qanchalar chiroyli, qanchalar yoqimli so’z aytmang, uning nasifligi, shaffofligiga zarar yetkazayotganday bo’lasiz. Shu bois ushbu she’rga ta’rif bermaymiz. Zero, u ta’rifdan tashqarida. Uni faqat o’qish va his qilish mumkin…
Shubhasiz, barcha maxluqotlar ichida inson eng aziz va mukarram zotdir. Ammo bu mukarramlikning yuki ham o'ziga munosib ravishda katta, sinovlari ham boshqalarnikidan og'irroq. Shu bois ba'zida inson hayotida shunday hollar ham bo'ladiki, u boshqa mavjudotlarga havas qiladi. Agar bu yorug' dunyoda inson bo'lib emas, oddiy bir maysa yoxud shamol bo'lib yaralganimda, balki qismatim o'zgacharoq bo'larmidi degan o'ylarga boradi. Mazkur she'r ana shu oniy hissiyotning satrlarga muhrlangan tasviridir.
Ushbu she'rda muallif bahorning gulga burkangan go'zal manzarasini tasvirlar ekan, uni ramziy ma’noda qo‘llaydi. «Bir kaft bog‘», ya’ni yaxlit bir manzil - Vatanda turlicha tarovat, turli bo‘y tarqatuvchi daraxtlar bor. Ularning har biri o‘zicha ko‘rk, o‘ziga xos meva-yu hosil beradi. Go‘yo har bir daraxt bu bir-biriga o‘xshamaydigan millat va elatlar. Ularning har birining o‘z tarixi, o‘z urf-u odatlari, yashash tarzi bor. Lekin ular bitta bog‘da - bir maskanda, ya’ni bir Vatanda - O‘zbekistonda jam bo‘lganlar.
Xorijiy safar taassurotlari asosida yaratilgan bu she’r qaramlikka, mutelikka qarshi o‘tkir aybnoma kabi yangraydi. Faqat bugina emas, unda qaramlik dunyosining shafqatsizligi-tirikchilik, kundalik hayot tashvishlari tirik mavjudotni, odam zotini ne ko‘ylarga solishi ramziy tarzda butun dramasi, keskinligi bilan ko‘rsatiladi. She'rni o‘qib, alam-iztirob bilan qalamga olingan hodisa, ya’ni to‘qaylar podshohi arslonni charsillab yonib turgan olov halqa ichidan sakrab o‘tishga majbur qilgan, sher zotini masxaraboz qo‘liga berib, gumroh tomoshabin-olomon uchun ermak-tomoshaga aylantirgan kuch nima, degan savolga o‘zingiz javob topasiz.
Bu she’r Shavkat Rahmonning o’z o’limi haqida bitgan bashorat she’ridir. U o'limini erkakchasiga qarshi oldi. Chunki bu dunyoga u shunchaki kelmaganidek, shunchaki ham yashab o'tmagan edi. Har kim qatori u ham bir vazifa bilan keldi va shu vazifasini maromiga etkazib bajardi. So'ngra vaqtinchaga bizlarni tashlab, erta bir kun hammamiz ham boradigan makonga − bu dunyodagi xizmatlarining mukofotini olishga ketdi. Jisman o'limi esa biz muxlislarini ma'naviy shaxsi − she'rlari atrofida birlashtirdi.
Muhammad Yusufning «Surat» she’ri shoirning o‘z ichki dunyosini kashf etishga urinishi aks etgan asardir. She’rning lirik qahramoni «Men bir g‘alatiman, Men alohida» der ekan, uning bu e’tirofini aslo kibrga, manmanlik da’vosiga yo‘ymaslik lozim. Uning boshqalardan farqli birgina, biroq nihoyatda muhim fazilat bor. U ham bo‘lsa, olam va odamni ko‘ngil ko‘zi bilan ko‘rishi, idrok etishidir.
She'rda o'zbek millati vakillari uchun hazrat Navoiyni o'qish zarurati borasida so'z boradi. Darhaqiqat, hazrat Navoiy asarlari bizga iymon-e'tiqod, or-nomus, vafo-sadoqat, hayo-yu iffat, ishq-u oshiqlikdan saboq beradi. Modomiki, ajdodlari ma'rifatga oshno el farzandlari ulardan bebahra ekan, bu katta kulfat. Shu bois hazrat Navoiy hikmatlaridan ta'lim olmoq bizning burchimizdir.
"Q" harfining takroriga asoslangan ushbu she'rni alliteratsiya san'atining yorqin namunasi deyish mumkin. Unda shoir shakl va ma'no uyg'unligini saqlagan holda bir harf bilan boshlanuvchi so'zlarni go'yo dur donalarini marjon ipiga terganday terib chiqadi va o'zining tom ma'nodagi so'z san'atkori ekanligini go'zal tarzda namoyish etadi.
Ushbu she’rda Mirtemirning vatanparvarlik tuyg’ulari to‘la namoyon bo‘lgan. U o‘zi tug’ilgan, ulg‘aygan, butun umrini yashab o‘tgan Vatanini butun o’ziga xosliklari bilan ta’riflab, yurt dushmanlariga nisbatan nafratini izhor qiladi.
«Monolog» she’ri sevgi-muhabbat mavzusi mutlaqo yangi nuqtayi nazardan turib yoritilgan, talqin etilgan o‘lmas asar hisoblanadi.She’r lirik qahramoni shunga qadar hamma qulluq qilib turgan, ta’rifiga tahsinlar keltirayotgan sevgiga... qarshi bosh ko‘taradi...
Ushbu shoir otashin qalb sohibi bo'lmish shoirning o'z sevgan yoriga dil izhori bo'lib, unda oshiq o'z ma'shuqasiga ko'ngil sirlarini bayon etar ekan, agar vatan chorlagudek bo'lsa, qo'lyozmalarini tashlab, shinel kiyib, janglarga kirishga ham tayyorligini aytadi.
Agar siz Cho'lponning xalqqa bergan ta'rifini bilmoqchi bo'lsangiz, albatta, ushbu she'r bilan tanishing. Shuningdek, unda shoirning yurt ozodligi haqidagi yorug' o'ylari ham o'z ifodasini topgan.
Ushbu she'rda Cho'lponning otashin ruhi aks etgan. U ko'ngilga qarata murojaat qilib, o'zini qiynayotgan barcha og'riqli savollarni beradi, dil dardlarini bayon etadi hamda uni hamisha ozod va hur bo'lib qolishga chorlaydi.
Zavqiy 1905-yilning avji yozida savdo bilan shug‘ullanib o‘zgalarning haqiga xiyonat qiladigan qirq olti nafar baloxo‘rni fosh etib bitilgan «Hajvi ahli rasta» she’rini maxsus qog‘ozga katta harflar bilan yozib, Mo‘ymarak ataluvchi saylgohning eng gavjum joyidagi terakka ilib qo‘yadi. She’rda haromdan hazar qilmaydigan savdogar, boy va sudxo‘rlar ochiqchasiga o‘rinli tanqid qilingan va mahorat bilan kulgiga olingan edi…
Ushbu g’azalda o‘ta jo‘n maishiy buyum bo‘lmish po‘stin tufayli shoirda paydo bo‘lgan fikrlar, uning ko‘nglidan kechgan tuyg‘ular o‘z aksini topgan.
Ushbu chiston oddiy chiston sanalib, unda yong'oqning xususiyatlari ko'rsatib berilgan.
Ishqi ilohiy, shoir Mashrab o'zi iqror bo'lganidek, unga dunyoga kelgan kunidan beri hamroh edi. Bu ilohiy tuyg'u bilan u dunyo kezdi, sarsonlik va malomat o'qlariga nishonlik azobini totdi va hatto dor ostiga bordi. Ammo buning uchun dilida zarra qadar o'kinch va pushaymonlik tuymadi, aksincha, uning dard-u fikri faqat Yor vasliga yetmoq bo'ldi. Ushbu muxammas ham shoirning o'z sevganiga murojaati - munojotidir.
G‘azal tamoman turkona ruhda bitilgan. An’anaviy yetti baytdan iborat. Ishq mavzusi qalamga olingan. Biroq bu yerda zimdan ilohiy ishq ko‘zda tutilganini unutmaslik kerak. G‘azalning tili – sodda, ravon. Murakkab, falsafiy – tasavvufiy so‘z va timsollar uchramaydi hisob. Bugungi o‘quvchi uchun ham tushunarli. Yengil kayfiyat, ayricha bir ishqiy zavq bilan o‘qiladi. Hozirgacha hofizlarimiz bu g‘azalni qo‘shiq qilib kuylayotgani ham shundan bo‘lsa kerak. Bu g‘azal ham mumtoz yo‘lda, ham zamonaviy estrada usulida ashula qilingan.
Muhabbat! Eng nafis tuyg'u! Biz muhabbat mavzusidagi asar deganda o'ta kelishgan yigit va husnda tengsiz qiz o'rtasidagi munosabatlar haqidagi asarlarga o'rganib qolganmiz. Ammo oddiy odamlar o'rtasidagi sevgi-chi? Yoki ularda bunday hislar bo'lmaydimi? Bo'ladi, albatta. Faqat ulardagi tuyg'u shu qadar o'ziga xos, shu qadar betakrorki, u sizni ham maftun qilishi ayon. Odatiy mavzuning yangicha talqini. O'qing. Bu juda qiziq.
Insoniyat tarixida eng dahshatli qirg‘inbarot - Ikkinchi jahon urushi millionlab kishilar yostig‘ini quritishdan tashqari odamlar ongi, ruhiyatida ham yomon o‘zgarishlar yasadi. Ochlik, muhtojlik odamlarni asabiy, bir-biriga g‘anim qilib qo‘ydi, ayrimlarni egri yo‘lga boshladi. «Urushning so‘nggi qurboni» hikoyasi qahramoni Umri xola urush ketayotgan joylardan minglab kilometr uzoqda bo‘lsa-da, halok bo‘ladi. Umri xola o‘limi sabablarini asarni o‘qigach anglab olasiz.
O‘tgan zamonda Qo‘qon shahrida bir podsho yashagan ekan. Bu podshoning bitta-yu bitta jonon piyolasi bor ekan. Yer yuzini ming marta aylanib chiqsangiz ham bunaqangi piyolani topolmas ekansiz. U shu qadar chiroyli ekanki, qorong‘i tunni oy nuri kabi yoritar ekan. Podsho piyolani tilla sandiqning ichida saqlar ekan. Piyola turgan uyning atrofida bir qancha qo‘riqchilar turar ekan. Agarda podshoning choy ichkisi kelsa, ishonchli odamini yuborib, jonon piyolasini oldirtirar ekan...
Bobo sholg'om ekibdi. Sholg'om kattakon bo'lib, o'sib yetilibdi. Bobo sholg'omni tortib olgani boribdi. Tortib, tortib, yerdan tortib ololmabdi. Bobo buvini yordamga chaqiribdi. Buvi boboni, bobo sholg'omni tortibdi-toritibdi, biroq sholg'om o'rnidan qo'zg'almabdi. Buvi nabirasini chaqiribdi. Nabira buvini, buvi boboni, bobo sholg'omni tortishib-tortishib, bu safar ham tortib olisholmabdi. Nabira kuchukni chaqiribdi...