Sahifa yuklanmoqda . . .

Rauf Parfi O'zturk Asarlari

Rauf Parfi O'zturk Asarlari - Sahifamizdan o'zbek va jahon adabiyotining eng sara namunalari o'rin olgan bo'lib, ular sizni tafakkurning cheksiz osmonida parvoz qilmoqqa chorlaydi.

Oshiqlarga kun va tun tushunchalari begona. Ular uchun bu tushunchalar boshqacharoq ma'no anglatadi. Yor bilan o'tgan kechalar ham kunduz, yorsiz kechgan kunlar ham tundir. Oshiqlar uchun bahor va kuz tushunchalari ham o'zgacha. Qalblarida visol gullari ochilgan damlar borliqda kuz hukmron bo'lsa-da, ular uchun ko'klam, hijronda kechgan lahzalar qay fasl bo'lmasin, oshiq ko'ngillar uchun kuzdir. Sevishganlar ko'ziga hajr chog'ida har chechak bir tikan, yaproqlar esa xazon bo'lib ko'rinadi...

460
She'r
Rauf Parfi O'zturk

Ilohiy tuyg'uga bezak shart emas. Muhabbatning o'zi go'zal. Chin oshiqlik tilda emas, dilda bo'ladi. Haqiqiy oshiq ma'shuqasining qo'lini tutmoq u yoqda tursin, hatto ko'zlariga tik qaramoqqa, bir so'z demoqqa ham ojiz sezadi o'zini. Sababi oshiqlik - xokisorlikdir. Oshiq ma'shuqasining darajasini hammadan yuqori ko'rganidan unga dil rozini bayon etmoqqa andisha qiladi. U faqat tushlaridagina yor huzuriga borishi mumkin. Biroq tushlar tugasa hamki, oshiqdan bir sado chiqmaydi...

414
She'r
Rauf Parfi O'zturk

Faqat zaminiy g'uborlardan xoli bo'lib, osmoniy poklikka yetgan qalblardagina ilohiy tuyg'u - muhabbat maskan quradi. Shu bois oshiq ko'ngillarga zamin tor. Ular dunyoning sho'rishlari, turfa g'avg'olari-yu savdolaridan uzoq bo'lmoq istaydilar. Oshiqlar o'z sevgan yorlarini bu dunyo va ahli dunyo g'urbatlaridan uzoqqa - olis-olislarga olib ketishni xohlaydilar. Ushbu she'rda ana shunday chinakam ishq va oshiqlikning mo'jizakor tasviri berilgan.

536
She'r
Rauf Parfi O'zturk

Bir tomchi suvda azim ummonlar siyrati zohir bo'lgani yanglig' har bir she'r shoirning qalbini aks ettiruvchi bir ko'zgudir. Bu ko'zguda shoirning butun haqiqati, e'tiqodi, quvonch-u qayg'ulari, dard-u dunyosi namoyon bo'ladi. "Tuyg'ular" deb atalgan mazkur o'ziga xos to'plamdan o'rin olgan she'rlar shoirning ko'ngil olamiga sayr etishingiz va uning shaxsini o'zingiz uchun kashf etishingizga yordam beradi.

520
She'r
Rauf Parfi O'zturk

Oydin kecha. Oppoq tun. Gupillab qor yog'moqda. Borliqda sukut. Butun olam tun ko'rpasida oppoq tush ko'rmoqda. Yolg'iz shoir uyg'oq. Shoir qalbi notinch, xayollari bezovta. Zero, butun borliq unga kimnidir eslatmoqda... U kim bo'ldi ekan? Buni she'rni o'qigach bilib olishingiz mumkin.

435
She'r
Rauf Parfi O'zturk

Rauf Parfi universitetning birinchi bosqich talabasi ekanida bir she'r yozadi. Bu she'rda armonli muhabbat g'oyat samimiy va ta'sirli ifoda etilgan edi. She'r tez orada qo'shiqqa aylandi va xalq qalbidan chuqur joy oldi. Hozir ham katta avlod vakillari yoshlik chog'larini xotirlaganlarida bu qo'shiqni pichirlab xirgoyi qiladilar. Bu qo'shiq o'sha mashhur "Laylo"dir...

911
She'r
Rauf Parfi O'zturk

Mazkur doston an’anaviy poemalar singari biror sujet asosiga qurilmagan. Unda shoirning xalq va vatan tarixiga hissiy nazari, millat va uning qismati to‘g‘risidagi o‘ylari aks etgan. Milliy adabiyotimizda shu kunga qadar bu yo‘sindagi doston yaratilmagan edi. Dunyo dostonchiligi tajribasida ham bunday asar ko‘p uchraydi, deb bo‘lmaydi. Asarda shoir adashgan ruhning nigohini aks ettirishga, ruhidan ayrilgan shaxsning, millatning hissiyotini ifodalashga uringan.

713
She'r
Rauf Parfi O'zturk

Bu she'rda g'oyat murakkab ijtimoiy-ruhiy manzara mahorat bilan aks ettirilgan. Toqatning haddan ortiqligi, andishaning keragidan mo‘lligi vatanni o‘limga, xalqni yo'qlik ostonasiga olib kelganligi she’rda o‘ta darajada ta’sirli ifoda etiladi. O‘zgalarni ayab, o‘zini o‘ylamaydigan, tarqoq xalqqa qarata she’rda: «Vahki, otangni ot, onangni o‘ldir... Bo‘g‘izla tole'siz bolalaringni» tarzida iddao qilinadi. Bu shoir isyoni, noroziligining avj nuqtasidir. She’rning har bir bandida takrorlanib keladigan «Assalomu alaykum, dorning og‘ochi» satri dor yoqasiga keltirib qo‘yilgan xalqqa uyg‘oq va erkin ruhning chaqirig‘ini ifoda etgan.

1006
She'r
Rauf Parfi O'zturk

Ushbu she'rda shoir ijodkorning ijtimoiy vazifasi, mas’ulligi haqidagi o‘y-xayollarini aks ettiradi. Chin she’r hayajon demakdir. O‘zgani hayajonga solgan, ruhiy muvozanatdan chiqargan shoirgina haqiqiy ijodkordir. Chunki u hayajondan yaraladi va hayajon yaratadi. Chin shoirning so‘zlari qalbiga doir, ammo uning hayoti o‘ziga doir emas. Uning omonatgina joni vataniga tikilgan. Unga iste’dod shuning uchun berilgan. Toki dunyoda zulm bor ekan, toki hayotda zo‘ravonlik, adolatsizlik mavjud ekan, shoir davr bilan, jamiyat bilan kelishishi, qarsakboz bo‘lishi mumkin emas...

401
She'r
Rauf Parfi O'zturk

Bu she’rda imon, e’tiqod, halollik yo‘liga tushgan solih inson ruhiy holati aks etgan. Lirik qahramon atrofidan ezgulik nishonalarini izlaydi va topolmagani uchun unga olam kir, sovuq, vayrona holida ko‘rinadi. Bu holat shoirni muvozanatdan chiqaradi, umidsizlantiradi. U olam tartibotining asosi, mavjudlikning mohiyati haqida og‘ir va xavotirli o‘yga botadi...

514
She'r
Rauf Parfi O'zturk

Mazkur she'rda o‘zini tinimsiz izlayotgan, xatti-harakatlarini ayovsiz taftish qilayotgan shaxsning ruhiy holatlari aks etilgan. Bu she’r hur tug‘ilgan va bir umr erkka talpinib yashagan shaxsning bu yo‘ldagi yaxshi-yomon, qilgan-qilolmagan amallari uchun yaratganga munojotidir. Shoir o‘zining buyuk xaloskorlik missiyasi borligini biladi. Chunki nohaqlik va adolatsizliklarga to'la bu olamni haq so‘zgina qutqarishi, go‘zallashtirishi mumkin. Shoir haqiqatga yetish uchun tasavvufdagi «Yetti vodiy»ni bosib o‘tishga, ruhini poklashga shay. Bu yo‘lda shoir o‘limiga-da rozi. Zero, haqiqat yo‘lida o‘lmoq haqqa yetmoqdir.

595
She'r
Rauf Parfi O'zturk

Bu she'r dunyoni nuqsonsiz ko‘rmoqchi bo‘lgan hassos odam qalbining tub-tubidagi og'riq - millat dardi, vatan tuyg'usi in'ikosidir, Chunki asl vatan tashqarida yotgan tuproq emas, balki shu tuproqqa nisbatan kishining ko‘ksida paydo bo‘lgan munosabatdir, muhabbatdir. Vatan tushunchasi odamning tashqarisidagi tuproqdan uning ruhiyati unsuriga aylangandagina haqiqiy qimmat kasb etadi. Poklanmoqchi bo‘lgan, haqiqatga intilayotgan inson najotni jamiyatdan, insonlardan emas, o‘zidan, yuragidan qidirishi lozimligi, har kimning himoyalanadigan qo‘rg‘oni o‘zida ekanligi she’rda go‘zal yo‘sinda, mutlaqo o‘ziga xos shaklda tasvirlangan.

347
She'r
Rauf Parfi O'zturk

Kuyunchak oshiqning samimiy iqroridan ibtido olgan ushbu she’rda tuzatib bo‘lmaydigan xatoga yo‘l qo‘ygan qahramon hissiyoti barcha tovlanishlari, chigalligi bilan aks ettiriladi. Muhabbat yo‘lida qilingan xatoni tuzatishning birgina yo‘li bor edi, ammo oshiq buni ham qilolmayotgani g‘oyat ta’sirli tarzda ifoda etilgan. She’rning har bandida "Xato qildim, sevgilim, Xato qildim bilmasdan" so‘zlarining takrorlanib kelishi qahramon iztiroblari miqyosining ortib borganligini bildirib turadi. Qilgan xatosi sabab yor bilan munosabatlari chigalligidan jizg‘anak bo‘lgan shoir she'r so'ngida xatoni tuzatish yo‘lini topganday bo‘ladi...

497
She'r
Rauf Parfi O'zturk

Ortda qolgan yoshlik xotiralarining sog'inchli yodi yanglig' yangrovchi mazkur she'rda pokiza xayollar, yuksak va beg‘araz orzularga hamdam hissiyotlar juda obrazli ifodalangan. Uzilgan yaproqni shamollar chirpirak qilib o‘ynaganidek, xazon bo‘lgan yoshlik ham shamolning yo‘q oyoqlari ostida sinadi. Eng qayg'ulisi, «Sarg‘ar»gan va «to‘kilgan» faqat yoshlik og‘ochining yaprog‘i emas, balki ikki qalbni bog‘lab turgan tuyg‘ular ham edi. Ammo ikki qalbga taskin beradigan bir narsa bor: «Har qalay oldinda bordir so‘nggi yo‘l, Toki yetguningcha xotirot o‘lmas». So‘nggi yo‘l-o‘lim. Sevgining o‘limi-qalbning o‘limi. Yurakning o‘limi esa, inson tirikligiga tirikligida qo‘yilgan nuqtadir.

381
She'r
Rauf Parfi O'zturk

Ushbu she'r hayot haqiqatlarining emas, balki ko‘ngil haqiqatlarining manzarasidir. Shoir she’rda ko‘zning ma’yusligini «yo‘lsiz o‘rmon», qoraligini «qora yorqinlik» deya suratlaydi. U ko‘zni ko‘ribgina qolmaydi, balki tinglaydi. Negaki, yaqin odamlar ko‘z orqali «so‘ylasha» oladilar. Shu bois oshiq ma’shuqaning ko‘zlari «aytgan» so‘zlarni «entikib» tinglaydi. Bunda ruhiy holat turg‘un emas, balki tinimsiz harakat-u o‘zgarishda tasvirlangani bois bir lahzalik hissiyot keyingi kuchli ruhiy to‘lg‘anishlarga sabab bo‘la oladi...

506
She'r
Rauf Parfi O'zturk