Sahifa yuklanmoqda . . .
Bor - Asarlar - bor so'zi ishtirok etgan barcha asarlar
Tarji’band Muhammad Alixonga shikoyat shaklida yozilgan. Og’izdan-og’izga o’tib kelgan ma’lumotlarga qaraganda, Uvaysiy Qo’qonda Nodirabegim in’om etgan hovlida yashab turganida, Qashqardan kelgan Hasan degan uysiz baqqolga omonatga joy beradi. Biroq u ko’p o’tmay, tovlamachilik yo’li bilan ushbu hovlini o’ziniki qilib olishga erishadi...
Mazkur g'azal hasbi hol ruhida bo'lib, unda Uvaysiy o'z qalbining eng inja sirlarini qalamga olgan. Uni o'qish orqali siz shoiraning ko'ngil olamiga sayr etasiz.
Amiriyning juda uzoq yillardan buyon mashhur "Chorzarb" kuyiga solinib, qo’shiq sifatida aytib kelinayotgan «Qoshingg’a teguzmagil qalamni» misrasi bilan boshlanadigan g’azalida shoir lirikasiga xos xususiyatlar to’liq mujassamlangan. Inson ruhiyatining turfa holatlarini nozik his qiladigan Amiriy she’riyatining hayotsevarlik, umidbaxshlik jihatlari g’azal matla’sidayoq yaqqol ko’zga tashlanadi.
Ushbu mustazod Shermuhammad Munisning g'oyat san'atkorlik bilan bitilgan asari bo'lib, unda oshiqning mahzun va ayni damda o'z holidan mamnun holati ustalik bilan tasvirlangan.
Ishqi ilohiy, shoir Mashrab o'zi iqror bo'lganidek, unga dunyoga kelgan kunidan beri hamroh edi. Bu ilohiy tuyg'u bilan u dunyo kezdi, sarsonlik va malomat o'qlariga nishonlik azobini totdi va hatto dor ostiga bordi. Ammo buning uchun dilida zarra qadar o'kinch va pushaymonlik tuymadi, aksincha, uning dard-u fikri faqat Yor vasliga yetmoq bo'ldi. Ushbu muxammas ham shoirning o'z sevganiga murojaati - munojotidir.
So‘fiy shoirlarni ilohiy ishq kuychilari deyishadi. Lekin ishqni kuylashda har bir shoirning o‘z yo‘li, ovozi, o‘zgachaligi bor. Ahmad Yassaviy ishqi ilohiyni rasmiy shariat doirasidan uzoqlashmagan holda sharh etadi. Navoiy ishqni mushohada qiladi, har qanday yonish-kuyishlarda ham o‘ychanlik, bosiqlik unga xos. Mashrab esa ko‘nglidagi ishq olovi qanday bo‘lsa, uni shundayligicha she’rga ag‘daradi. Ollohga bo‘lgan muhabbatini ochiq izhor etadi. Quyidagi g'azal ham Mashrabning hayoti bayonnomasi deyish mumkin.
Turdining uch baytdangina iborat «Turdiman» radifli g‘azali hasbi hol — o‘z ahvolini bayon etish tarzida yaratilgan. Unda ma’lum darajada shoirning taqdiri, kechmishlari aks etgan deyish mumkin.
Hijron nadur? Hijron - sen uchun sevimli bo'lgan insondan yoki maskandan judolik. Hijron - so'ngsiz qiynoq. Hijron - alamli firoq. Hijron - o'tli iztirob. Hijron - bu uyqusiz o'tgan necha-necha tunlar, hijron - bu kelmasligini bilsang-da, kimningdir yo'llariga ko'z tikib, intizor bo'lmoq, hijron - ko'zyoshlaringni ichingga yutib, yuragingni ovutishga urinish... Bu ta'riflarni istagancha davom ettirish mumkin. Ammo ushbu fard hijron neligini qisqa va lo'nda ifodalab beradi.
Boburning mazkur g’azalida visol sog’inchi ifodalangan. Shoir kuz manzarasini chizadi. Bu manzara podshoh shoirning taqdiriga mos keladi. Muallifning munosabati hamda tuyg’ulari sharhi she’rdagi sog’inch va dardni, ayriliq fojiasini kuchaytirib boradi. Shoir umrning ayriliqda o’tayotganidan zorlanib, «lolarux» (lola yuzli)dan rahm qilishini o'tinadi. Kuz ko’klamdan qanchalik uzoq bo’lsa, oshiq ham ma’shuqadan o’shanchalik yiroq...
Mazkur fardda shoirning ko’nglini o’rtagan, tuyg’ulariga ta’sir etgan holatlar mutoyibali yo’sinda tasvirlangan: "Men yor deb ataganim go'zal parida odamiylik fazilatlaridan boshqa barcha xislatlar mavjud". Yorning «yetuk»ligini bundan chiroyliroq ifodalash mushkul. Oltitagina so’zga bir olam ma’no joylash shoirning tasvir imkoni cheksizligini ko’rsatadi.
Ushbu g'azal ham ishqiy-falsafiy mavzuda bitilgan bo'lib, u "devona ko'ngli"ning yana ishq dardiga mubtalo bo'lganidan yozg'irishdan boshlanadi, so'ngra shoir har bir baytda o'ziga xos bir muammo - qalbini azoblayotgan dardlarini birma-bir to'kib soladi. Biroq shunda ham, u taqdirdan rozi: Allohga shukr etib, dilini shodlikka oshno etmoqqa tutinadi.
Ushbu tuyuq "toq" so'zi tajnisiga asoslangan bo'lib, misralar mazmunini chiqarsak, hozirgi tilimizda quyidagicha jumlalar hosil bo‘ladi: "Qoshlaring — yaxshi lojuvard-u (yaltirab turibdi-yu) yolg‘iz-yolg‘iz, yaxshilar ichida benazir-u yakka-yu yagona. Firoqing (dardini) torta olmasman, nima qilay, qildek tanga bari ishqing toqatni to qiladigan darajada (yuk) bo‘ldi".
Ushbu tuyuq "bor" so'zining tajnisi asosiga qurilgan bo'lib, unda shoir bevosita o'z ko'ngliga murojaat etadi: "Ey ko'nglim, yor bo'lmasa, senga ne naf bor? Sen faqat o'sha sochlaridan anbar hidi anquvchi go'zal bor yerga bor. Sen uning barcha jabr-u sitamlarini tortaver, toki bir kun kelib, bor, ya'ni samara bo'ladi". Ushbu nozik so'z o'yinidagi go'zal ma'noga qoyil qolmaslikning iloji yo'q!
Ushbu g'azalda yorga sitam berishdan charchamaydigan ma'shuqa va boshiga necha-necha sinovlar tushsa ham, yor ko'yidan qaytmaydigan oshiqning poetik surati chizilgan. Oshiqning yuzi hijron azobi va yor noz-u firoqlaridan kahrabo yanglig’ sarg’aygan. «Qani» radifi so’z va rang jilvasiga alohida bir urg’u beradi. Fikr salmog’i va tasvir ta’sirchanligini kuchaytiradi...
Mazkur hikoya o'zbek adabiyotidagi fantastik asarlar "ota"si Hojiakbar Shayxov qalamiga mansub bo'lib, unda olov qa'ridan chiqqan yigit - Nurbekning boshdan kechirgan ajobtovur sarguzashtlari, yurtni g'animlardan himoya qilish yo'lida ko'rsatgan jasorati va go'zal qizga bo'lgan pokiza muhabbati tasvirlangan.
Baxt nima o'zi? Uning biror bir o'lchovi bormi? Bor,albatta. Faqat bu mezon har kim uchun har xil. Kimlar uchundir doimiy bo'lgan turmushning aqalli yuzdan birini his qilishning o'ziyoq kim uchundir buyuk baxt. Binobarin, chinakam baxt bag'rida yashayotgan kishi o'zini baxtsiz his qilishi va aksincha, kimlardir og'ir sharoitda ham o'zini baxtli his qilishi mumkin. Ushbu hikoya qahramoni ham komil ishonch bilan "Men dunyodagi eng baxtli insonman!" deydi. U chindan ham baxtlimidi? O'qib, o'zingiz xulosa qiling.
Ota o'z qizi uchun nimalarga tayyor deysiz?! Boz ustiga, onasidan erta yetim qolgan ko'ngli yarim qizining baxti uchun ota eng og'ir mashaqqatlarni-da bo'yniga olishga qodir bo'ladi. Ushbu hikoya qahramoni ham keksayib qolganiga qaramay, qizining kelajagi uchun yozuvchi bo'lishga qaror qiladi va bu yo'lda ko'plab sinovlarni boshdan kechiradi...
Shodlik va baxt kuychisi Hamid Olimjonning „Xayolimda bo’lding uzun kun...“ she’ri yuksak san'atkorlik va badiiy did mahsuli bo'lib,unda poetik kashfiyotni ko‘ramiz, uning mutanosibligidan, qalb torlarini sehrli tebratishidan hayajonga tushamiz, „hiylagar oy, sehrgar dilbar kimnidir yodimizga solib qo‘yganidan“ huzur va soginch tuyamiz.