Inson bolasi yaralibdiki, qullikka, erksizlikka, mutelikka qarshi kurashib keladi. Tabiatan erk farzandi bo‘lgan shoir uchun o‘zidan minglab yillar ilgari o‘tgan insonlar qismati ham begona emas. U erksizlikning har bir qurbonini o‘z tug‘ishganiday ko‘radi, zolimlardan ularning xunini so‘raydi. Mazkur she'r go‘yo Usmon Nosirning o‘zini kutayotgan og‘ir erksizlik, surgun zulmatlariga oldindan ko‘targan isyonidek yangraydi!
Hamma narsaning o'z me'yorida bo'lgani yaxshi. Me'yorga yetmagan taom dasturxonga noloyiq bo'lgani kabi me'yoridan ortiq pishirilgan ovqat ham kuyundiga aylanadi. Dono xalqimiz bu borada "Asalning ham ozi shirin", deydi. Ammo afsuski ba'zan hayotda chegarani bilmaydigan kishilarga ham duch kelamiz. Ularning bu odatlari nafaqat o'zlariga, balki atrofdagilarga ham noqulaylik tug'diradi. Mazkur hikoyada ana shu illat ustidan zaharxandalik bilan kulinadi.