Sahifa yuklanmoqda . . .
Bu yerda o‘zlari uchun yig‘lashmas.
Bu yerda yig‘latar birovning dardi.
Bu yerda birovning g‘ami muqaddas,
Bu yerda tabarruk o‘zganing qadri.
Eski palto kiygan, mangu piyoda
San’at bu sahnada qilar qo‘zg‘olon.
Yurak baxsh etmoqchi bular dunyoga,
Qalblarga - xo‘rsinmoq uchun bir imkon.
Bunda o‘z bo‘yini o‘lchaydi zamon -
Orqaga qaytdimmi, ketdimmi olg‘a?
Oq chorloq qoniga belanar hamon,
Olchazor oralab taqillar bolta.
Asrlardan oshib kelar ul Mirzo -
«Sizlarga boqsin-da, ko‘zlarim to‘ysin!
Mayli, nevaralar guvoh bulsin, oh,
Farzandi padarkush qaytadan so‘ysin!..»
Bunda kezishadi podsholar bebaxt,
Betoj boshlarini changallab, horg‘in.
Tomosha zalini eta boshlar zabt
Bir dard - Gulbahorning sochiday tolgan.
Teatr! Joningni o‘ylamading hech,
Yonib bormoqdasan! Bag‘ringda yongan!
Barcha katta-kichik binolar har kech,
Senga havas bilan boqishadi jim.
Yolg‘onchi dunyoning yolg‘onlaridan,
Tanim muzlaganda tugaru sabrim,
Teatr, yo haq, deb senga kelurman -
Meni yondira qol, birovning dardi!
Sachrab uyg‘onadi mudragan dilim,
Semiz orzularni parchalab tashlar.
Uyimga kelaman! Yozuv stolim,
Teatr, sen kabi lovullay boshlar.
San’at! O‘chmagaysan! Sen — mangu quyosh!
Axir, fidolaring ko‘pdir dunyoda!
Birovning dardiga bo‘lgani yo‘ldosh
San’at ketib borar poyu piyoda...
O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).