Sahifa yuklanmoqda . . .


Bu joy teatrmas. Bu joy ishxona...

Bu joy teatrmas. Bu joy ishxona,
Ammo fojiaga mos erur ta’bi.
Soat o‘n. Eshikdan kirar zamona,
Uni qarshi olar Hamlet asabiy.

Lablari pichirlar - ichmoqda qasam,
«Prima» burqsiydi barmoqlarida.
Klavdiy o‘tadi yonidan bardam,
U mag‘rur - shohlikning sirtmoqlarida.

«Chekish mumkin emas» - devorda e’lon,
Qaydadir telefon jiringlay boshlar.
Kaftin manglayiga bosib, bekalom -
Go‘zal Ofeliya ko‘zini yoshlar.

- Pensiya kerakmas! So‘zimdan qaytdim,
Qizlarda tartib yo‘q. O‘rnimda qoldir!
Kimgadir g‘azabnok so‘zlarni aytib,
Liftdan chiqib kelar oqsoch qirol Lir.

Qarsaklar yangraydi... General qaytar!
Tegrasida sodiq mulozimlari,
Musobaqadamas, yutganday jangda,
Viqor-la keladi bayroq ko‘tarib.

Dezdemona uni tabriklar bosiq,
G‘olib generalga oliy tortiq shu.
Yago yuguradi quchog‘in yozib.
Hozir ro‘molchani topib oldi u.

Bu joy teatrmas. Bu joy ishxona,
Bunda shoh asarlar qayta yozilar.
Yozilar bir raqam, yo so‘z bahona.
Qog‘ozmas, qalblarga abad bosilar.

Ishxona - to‘rt qavat beton imorat -
Elsinor qal’asi bilan egizdir.
Soat o‘n bir yarim... G‘amgin alanglab,
Kechikib kelmoqda ishga Shekspir...


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2022, 22-Aprelda yuklangan

42 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
teatr ish shekspir lir klavdiy hamlet ofeliya soat
Muallif
Usmon Azim

Usmon Azim

O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).

Batafsil


Yangi She'rlar Usmon Azim She'rlari Usmon Azim asarlari