Sahifa yuklanmoqda . . .
Ko‘ksim biyday sahro,
Bo‘m-bo‘sh shahar aro
Yupqagina qorong‘ilik to‘kilib asta,
Chiroqlarning nuri shoyon porlaganida,
Endigina muzlayotgan qorlarni bosib,
Teatrga tanho o‘zim g‘amgin jo‘nadim.
Har narsani istamasdim, faqat sevaman,
To‘lib-toshgan sevgisiga ololmay javob,
Ko‘z yosh to‘kib, yaralangan vahshiy yo‘lbarsdek
Sahna uzra charx urganda sho‘rlik Medeya,
Hamdard yig‘i tomog‘ida turib ko‘ndalang?
Qafasini nogoh sezib qolgan qush kabi
Ko‘kragimda yuragimning potirlashini.
Har narsani istmasdim...
Devona taqdir,
Kuyganingmi, suyganingmi — nima qilganing?
Qizil, yashil nurlar aro tongday oqarib,
Oq ko‘ylakda oqqush kabi o‘tdi bir malak...
Birdan (yana "birdan" deyman, meni kechiring,
Tuyg‘ularning eng buyugi tug‘ilgan nogoh,
O‘lchab-kesib o‘tirmoqqa fursat topilmas)...
Xullas, birdan oyoqlari yerdan uzildi,
O‘tli yulduz taftlaridan qizardi yuzim.
Senmisan bu, kimlardir "sevdim" deganda,
O‘rtamizda soya solgan dildagi g‘ashlik;
O‘zim bilan o‘zim nochor qolganda tanho,
Izg‘irinli kechalarda muzlagan yurak
Erib-yumshab, borligini aylaganda fosh,
Ko‘z oldimda g‘ira-shira ko‘ringan xayol!
Kechira qol,
Baxtiqaro Medeya, kechir!
Boshqa safar yig‘laydurman senga qo‘shilib,
Ammo hozir men shunchalar baxtiyormanki,
Agar senga quvonchimni tushuntirolsam,
O‘layotgan ishq azasin bir dam unutib,
Lablaringda xanda o‘ynab qolsa ajabmas.
Ana, qara, faryod cheksang — labini tishlab,
O‘rindiqning suyanchig‘in tutgancha mahkam,
Ko‘z yoshini artmoqni ham unutib qo‘yib,
O‘ltiribdi ertakkinam, mening malikam!
Hozir shunday dast tursamu yoniga borib,
Ko‘zlariga termulsamu daryoday oqsam.
Cho‘chib tushib, so‘ng jilmayib, so‘ng hayron qolib,
Ishoning, u "siz o‘shami?" deb qolar tayin.
Biroq... Parda!
Chiroq yonar... Guldurak qarsak...
U sahnaga gullar otib o‘qiydi tahsin.
U hammadan Medeyani ko‘proq olqishlar,
U hammadan keyin chiqar ko‘chaga yolg‘iz.
U ketadi...
Kulmangizlar mening holimdan!
Yerimiz-ku kichik narsa, mo‘jazgina shar —
Galaktika atalmish bu yulduzga to‘la
Koinotdan narida ham bo‘lsa diyori —
Men baribir, u go‘zalni topib boraman,
"Men o‘shaman" degan bir juft so‘zni aytgani.
O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).