Sahifa yuklanmoqda . . .
Sen buyuk aktyorsan. Besarhad. Ulkan.
Jumla jahonni zabt etmog‘ing mumkin.
Zal kuldi, yig‘ladi mahoratingdan,
Men ham burchagimda yig‘ladim, kuldim.
Ko‘kka raketalar uchirding — uchdi,
Kimnidir sevmading — u topdi zavol.
Har bitta so‘zingda sen zafar quchding,
Har bir harakating — mujassam kamol.
...Mana, sahna uzra bir moviy falak.
Bir dala. Bitta sen. Bir navnihol qiz.
Unga "sevaman", deb aytishing kerak,
So‘ng tomosha tugar. Zal cho‘kadi tiz.
Yog‘dular yoqqancha yuzu ko‘zingdan,
Qizning qo‘llarini qaltirab tutding,
Hozir sen kechasan tamom o‘zingdan...
Nima gap? Aytsang-chi? Nahot unutding?!
Odamlar qarsakka chog‘lar kaftlarin.
Men borman — o‘zingni tutaver erkin.
Jonsarak takrorlar faqat lablarim:
"Sevaman" desang-chi, "sevaman" degin!
Ko‘zlaring ilojsiz javdirar, qotar,
Poyingda sahnamas, cho‘kayotgan kema.
Labim avtomatday to‘xtovsiz otar:
"Sevaman, sevaman, sevaman, seva..."
Sahnadosh artistning rangi oqardi,
O‘ninchi bor aytar: "G‘amginsiz, erkam?"
Men-chi sabot bilan shivirlayapman,
Unut bo‘lgan onang ovozi bilan...
Sen jimsan. Axir, men ketdim-ku to‘lib,
Axir, suyuklisan, azizsan jonday...
Endi hayqiraman men bo‘ron bo‘lib,
O‘zbekning tilida O‘zbekistonday.
"Sevaman" desang-chi, "sevaman" degin!...
Zal ham jo‘r bo‘ladi: "Sevaman de, ayt!"
Sendan so‘rayapti — men aniq sezdim —
Bittagina so‘zni zal mana shu payt.
Qanday kar bandasan! Chiday olmayman,
Ko‘ksimni yorguday yurakning zarbi.
"Sevaman" desang-chi..." Ho‘ngrab yig‘layman —
Egasiz moziyning arvohi kabi.
Yo‘q, yashab bo‘lmaydi bir chetdan qarab...
Sahnaga otilib chiqib kelaman.
Xuddi kelajakday qilaman talab:
"Sevaman" desang-chi, axir, "Sevaman!.."
Ko‘zingga boqaman to‘lg‘anib, yonib,
Meni seskantirar bir nigoh — murda.
Ishdan haydalishni bo‘ynimga olib,
Zalga yaqin kelib aytaman shunda.
— Sevaman!
Chaqmoqmi ketar yarqirab,
Yongani chiqurman uning yo‘liga.
Sen hamon turibsan titrab, qaltirab,
Men tug‘day qalqiyman xalqning qo‘lida.
Xalqim! Xijolatdan lovillar yuzim.
Men bir xizmatkorman sening qoshingda:
Bu nima qilganing — yuraman o‘zim,
O‘zim ko‘taraman seni boshimga.
O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).