Sahifa yuklanmoqda . . .
Manglay - Asarlar - manglay so'zi ishtirok etgan barcha asarlar
Manglayga kaft qo‘yib olisga boqsam, Edildan ko‘rinar bo‘ylaring, o‘zbek. Tush kabi jimirlab ming yil oqsa ham, Noming aytar enasoylaring, o‘zbek. Nuh to‘foni, demak, qismat shamoli, Kimningdir kamoli, kimning zavoli. Sargashta kun ko‘rding ohu misoli, Shundan hamon mungli kuylaring, o‘zbek.
Mazkur she'rda befarzand ayol iztiroblari g'oyat ta'sirli ifoda etilgan. She'rda dardkashlik ruhi sezilib turadi. Muallif ayolning hech kimga nolimay, taqdirdan shikoyat etmay jimgina hayot kechirishi, Alloh bergan sinovlarga chiroyli sabr qilib, dardlarini ichiga yutib yashashini ko'rsatar ekan, ayolning irodasi va matonatiga hayratda qolasiz. Ko'nglingiz tubida unga farzand tilab duo qilasiz...
Sevgi inson uchun eng ardoqli tuyg'u bo'lsa, andisha ham g'oyat qadrli tuyg'udir. Mazkur she'rning lirik qahramoni ham kimgadir ko'ngil bergan, ammo buni oshkor eta olmagan. U hayotda hamisha nimanidir, kimnidir kutib yashagan. Undagi oq sochlar, ajinlar bundan guvohlik bermoqda. Biroq... U chinakam oshiqlarga xos ravishda ishqini ta'na qilmaydi. Toki ma'shuqqa ozor yetmasin. Axir o'rtada bor: yillar, andisha va oshkor etilmagan muhabbat...
Alla o’zi aslida bolani uxlatish uchun aytiladigan onalar qo’shig’i. Unda ona qalbining nolalari aks etadi. Bolaning murg’ak qalbida mehr-muhabbat hislari alla orqali yuksaladi. Biroq ushbu she’rda lirik qahramon o’z bolasiga uxlatuvchi emas, uyg’otuvchi alla aytishni orzu qiladi. Nima uchun? Buni she’rni o’qigach bilib olishingiz mumkin.
Topmoq va yo’qotmoq. Hayotning eng oddiy, eng jo’n qonuni. Topmoq shirin, yo’qotmoq achchiq. Topsak suyunamiz, yo’qotsak kuyunamiz. Ammo faqat kamdan kam insonlargina har narsada bir hikmat borligini anglab yetadilar. Agar siz ham bu hikmatni bilmoqni istasangiz, mazkur she’rni mutolaa qiling.
Mazkur she'rda o‘zini tinimsiz izlayotgan, xatti-harakatlarini ayovsiz taftish qilayotgan shaxsning ruhiy holatlari aks etilgan. Bu she’r hur tug‘ilgan va bir umr erkka talpinib yashagan shaxsning bu yo‘ldagi yaxshi-yomon, qilgan-qilolmagan amallari uchun yaratganga munojotidir. Shoir o‘zining buyuk xaloskorlik missiyasi borligini biladi. Chunki nohaqlik va adolatsizliklarga to'la bu olamni haq so‘zgina qutqarishi, go‘zallashtirishi mumkin. Shoir haqiqatga yetish uchun tasavvufdagi «Yetti vodiy»ni bosib o‘tishga, ruhini poklashga shay. Bu yo‘lda shoir o‘limiga-da rozi. Zero, haqiqat yo‘lida o‘lmoq haqqa yetmoqdir.
She'rda o‘zbek xalqi, dehqoni, paxtakorining bukilmas irodasi, ochiq, beg‘ubor ko‘ngli, matonati va mehnatsevarligi kuylanadi. Buning uchun faslning ajib bir betakror holati-saraton asos qilib olingan. Shoir maqsadni amalga oshirish uchun, tosh yog‘sa ham paxtani teraveramiz qabilida, otash yondirsa ham dalada ishlayveramiz, degan fikrdan yiroq. Kun tabiatni jizg‘anak qilsa-da, tinmaydigan bizning dehqonni ko‘rib qo‘ying, deb hayqirmaydi ham. U ona yurt tabiatida otash ufurayotgan nafis manzara va uning oniy holatlardagi soniyan suratlarini shu qadar go‘zal, tiniq chizadiki, buni na bo‘yoq, na ohang bilan ifodalash mumkin. Buni faqat so‘z qudrati va jozibasigina bera oladi.