Sahifa yuklanmoqda . . .

Ko'ngul - Asarlar

Ko'ngul - Asarlar - ko'ngul so'zi ishtirok etgan barcha asarlar

Mazkur g'azal o'zining jozibadorligi va ohangdorligi bilan Gadoiy adabiy merosida alohida ajralib turadi. Unda oshiqning xokisor holati shunchalar samimiy va dilga yaqin tasvirlanadiki, o'quvchi beixtiyor bu tasvirning asiriga aylanadi. G'azal bugungi kunda ham xonandalarimiz tomonidan sevib ijro etib kelinmoqda.

193
Yakpora g'azal
Gadoiy

Ushbu tuyuq "dog'i" so'zining tajnisi asosiga qurilgan. Natijada tuyuqdan mana bunday talqin kelib chiqadi: "Ko‘nglimga har tarafdan boqsam, dog‘i bor, har qancha dardimni aytsam, otashi bor. Qildekkina tanamga bori ishqing yor edi, sendan ayriliqda firoqing bir taraf bo‘ldi, yana bor". Bemisl shakl va beqiyos ma'no uyg'unligi!

297
Tuyuq
Lutfiy

Ushbu tuyuq "bor" so'zining tajnisi asosiga qurilgan bo'lib, unda shoir bevosita o'z ko'ngliga murojaat etadi: "Ey ko'nglim, yor bo'lmasa, senga ne naf bor? Sen faqat o'sha sochlaridan anbar hidi anquvchi go'zal bor yerga bor. Sen uning barcha jabr-u sitamlarini tortaver, toki bir kun kelib, bor, ya'ni samara bo'ladi". Ushbu nozik so'z o'yinidagi go'zal ma'noga qoyil qolmaslikning iloji yo'q!

221
Tuyuq
Lutfiy

Ko‘ngil mumtoz she’riyatimizning asosiy tasvir manbai hisoblanadi. Chunki Alloh kishining ko‘nglidagina aks etadi. Ishq ham ko‘ngil ishi. Ushbu g'azaldagi lirik qahramon ham ishq bobida barcha «ayb»ni ko‘ngliga qo‘ymoqchi: uni shaydo, xor-u rasvo, qora qoshliklar uchun o‘qdayin tik qomatini yoydek egik qiladigan ham - shu. "Meni sevdi deb ayblama, buni istayotgan ham - ko‘ngul. Eshigiga tez-tez boraverma, deyishadi, lekin ko‘ngil shuni taqozo etsa, nima qilay?" deya fig'on chekadi u. Bu g‘azal hozirgacha xonandalarimiz tomonidan sevib kuylanadi. Oradan to‘rt yuz yil o‘tib, XIX asrning birinchi yarmida Nodira Lutfiyning shu g‘azaliga o‘xshatma yozdi.

372
Yakpora g'azal
Lutfiy

Mazkur g’azalda shoirning shaxsiy kechinmalari kutilmaganda ijtimoiy xususiyat kasb etadi. U befavo yordan shikoyat qila turib, birdaniga umumlashma xulosa chiqarishga, hayotning adolatsizligini baralla aytishga tutinadi. Odatda, ma’shuqadan yozg’irilmaydi. Oshiqlik odobi ham, solikning sadoqati ham shuni taqozo qiladi. Lekin har qanday sabr-toqatning ham chegarasi borligi chin bo’lsa kerakki, shoir kimnidir «nodon» degan yorliq bilan siylaydi. Ehtimol, bu sifat yor qoshidan joy olgan raqibga atalgandir, ehtimol ma’shuqaga? Har holda shoir shaxsiy dardini she’ridan umumlashtiruvchi xulosa chiqarishning vositasiga aylantiradi.

322
Yakpora g'azal
Lutfiy

Ushbu qasidasida shoir Mirzo Ulug’bekning taxtga chiqishini muborakbod etadi, hukmdor shaxsiyatidagi adolat-u jangchilik jihatlari tavsifiga alohida e’tibor qiladi. Uning ovozasini «Sulaymoni zamon»ga, adolatini «No’shiravon»ga, mehribonligini «ato»ga qiyos etadi. Bir so’z bilan «shohi dono» deb ta’riflaydi. Shoir quruq maqtash yo’lidan bormay, tuyg’ularini obrazli tarzda ifodalashga intiladi.

288
Qasida
Sakkokiy

Ushbu g'azalda yorga sitam berishdan charchamaydigan ma'shuqa va boshiga necha-necha sinovlar tushsa ham, yor ko'yidan qaytmaydigan oshiqning poetik surati chizilgan. Oshiqning yuzi hijron azobi va yor noz-u firoqlaridan kahrabo yanglig’ sarg’aygan. «Qani» radifi so’z va rang jilvasiga alohida bir urg’u beradi. Fikr salmog’i va tasvir ta’sirchanligini kuchaytiradi...

154
Yakpora g'azal
Sakkokiy

Shoir ushbu g’azalida ma’shuqa achchiq-tiziqlaridan, nozlaridan hayratga tushgan oshiq holatini ifoda etadi. U yor g’azabiga duchor bo’ldi, lekin aybi ne ekanini bilmaydi. Shu bois uni savollar qiynaydi. Oshiq o’zini gunohkor sanaydi. Ammo aybi nimadaligidan xabari yo’q. U ma’shuqa meni rashk etayotirmikan degan o’yga boradi. Lirik qahramon -chorasiz, u ishq yo’lida qurbon bo’lishga tayyor. Shu bois qay tarzda, qanday yo’l bilan o’ldirilishi uni ko’pda qiziqtirmaydi. Uning jon saqlash uchun yor qoshidan ketgisi yo’q...

232
Yakpora g'azal
Atoyi

Mazkur g'azalda ajoyib bir manzara chizilgan: shoir gulzorga kiribdi. Anvoyi gullar charx urib, ochilib yotibdi. Yo’q-yo’q, bu shunchaki gulzor emas, gullarning anjumani-yig’ilishi, har bir gul o’zini namoyish etadi, ko’z-ko’z qiladi. Shoir ushbu anjumanda yorning yuzini ta’riflabdi. Gullar xijolatdan-uyatdan qizarib ketibdi. Aslida ular qizil emas edilar, ma’shuqaga qaraganda xunukroq ekanliklaridan uyalib qizargan ekanlar...

387
Voqeaband g'azal
Atoyi