Sahifa yuklanmoqda . . .
Alisher Navoiy Yakpora g'azallari - Mumtoz she’riyatda g’azal shoirning salohiyati ko’lamini anglatuvchi asosiy janr hisoblangan. Har bir ijodkorning maqomi uning g’azalchilikdagi mahorat darajasi bilan belgilangan. Mazkur to'plamdan g'azalnavis ijodkorlarimizning eng sara yakpora g'azallari o'rin olgan.
Bu g‘azali bilan Hazrat Navoiy asl tasavvufni soxta tasavvufdan himoya qiladi. Chunki shoir sodda, omi odamlar aldanib, o‘zini shayx ko‘rsatib yurgan soxtakor, hiylagar, tamagir kimsalar yetagida yurib, ularga ergashib ketishi jamiyat uchun og‘ir og‘riqlar paydo qilishi, kutilmaganda ijtimoiy-siyosiy muammolar tug‘dirishini juda yaxshi bilgan. Shu bois u shayxlarni avval ikkiga – asl shayxlarga hamda soxta shayxlarga bo‘lib oladi va odamlarni asl shayxlarni soxta (soda) shayxlardan farqlashga chaqiradi.
Ushbu g’azalni rashknoma desa ham bo’ladi. Oshiqning o’z ma’shuqasiga ishqi shunchalik kuchliki, u hech kimni unga yaqinlashtirgisi kelmaydi, iloji bo’lsa-yu, mahbubasini barcha g’ayr va begona kishilardan yashirsa, hech kim u haqda gapirmasa, hatto nomini tilga olmasa. Shu bois har bir bayt bir qasamday jaranglaydi, ya’ni oshiqning o’zi ham yordan o’zgaga boqmaslikka ont ichadi.
Ushbu g’azalda oshiqning xokisorligi va yor ishqida sadoqati g’oyat go’zal tarzda aks ettirilgan. Ha, inson dunyoda bir marta yashaydi. Unda har kim ko’ngli istagan inson bilan birga bo’lishni orzu qiladi. Ammo hayotning beshafqat qonunlariga ko’ra, inson hamisha ham bu istagiga yetavermaydi – unga bu yo’lda ko’p narsa g’ov bo’lishi mumkin. Ammo oshiqning ishqi shu qadar kuchliki, u ma’shuqa bilan birga bo’lib, o’z ko’ngil halovatiga yetishni o’ylamaydi. Balki ma’shuqaning ko’nglini o’ylab, unga “ko’ngli istagan yorlar” bilan baxtli bo’lishni, o’zidan va o’zi kabi ko’ngli istamas kishilardan ozod bo’lishni tilaydi!
O‘n sakkiz yosh – o‘smirlikning tugab, umrning navqiron fasliga qadam qo‘yish pallasi. Bu yoshdan boshlab olamga o‘zgacha ko‘z bilan nazar tashlab, o‘zgacha fikrlash, borliqni tushunish – his etishdagi nozik zehn, hayot va yashash falsafasini anglash yangi bosqichga ko‘tariladi. O‘n sakkiz yoshli sarvinozning kamoloti va latofati, boshidagi g‘avg‘olarning boisi ham shu bilan izohlansa, ne ajab. Balki o‘n sakkiz yosh insonning aqli ravshanlashib, dunyoni o‘zgacha ko‘z bilan idrok eta boshlagan, ham jisman, ham ma’nan ayni kamolotga yetgan davridir. Shuning uchun shoir bu g‘azalda aynan shu yoshni qalamga olgandir…
Bu g’azal shoh va darvesh munosabati haqidagi yaxlit bayonnoma – dastur! Unda shoir shoh va darvesh orasidagi tubsiz jarlikday ko’ringan tafovutni bir-birini rad etuvchi dalil-misollar bilan ajoyib tarzda, hayajon, shavq bilan qiyoslab ko’rsatar ekan, tasavvufning jasoratbaxsh g’oyalaridan biri – darvesh shohdan afzal va ulug’, shuning uchun darvesh shohga emas, shoh darveshga muhtoj, degan fikrni ehtirosini yashirmay, qizg’in ma’qullaydi.
G’azalda olamning ilohiy mohiyati va buni anglagan inson zavq-u shavqi, qalb sururi ifodalangan. Hududsiz bu olam Yakka-yu yagona Allohning tajalliy nuri bilan barhayot, munavvar va jozibali. Shukrki, shu qudrat barcha jismlarni bir-biri bilan vobasta etadi, ulug’ muntazamlikda saqlaydi, barqaror va poydor etadi. Ushbu nurning Quyosh ko’rinishida beqiyos ne’mat bo’lib, har sahar porlashi, barcha jonzotlar, jumladan, Inson qalbini shodlikka limmo-lim etishi ayon haqiqat…
Bu asarda ko’pchilikning ruhiyatini g’oyat puxta bilgan, uning adoqsiz tashvishlarini deb ozurdajon bo’lgan shaxsning kayfiyati katta mahorat bilan bo’rttirib ko’rsatilgan. Matla’ning o’zi ruhiy dramatizm ifodasi, mazmun teranligi, badiiy garmoniyaning qudrati jihatidan tugallangan bir asarday taassurot qoldiradi. Ehtimol, elning nazarida komil shaxs bo’lib tuyulgan shoir o’ziga talabchanlik bilan qarab, tabiatidagi sifatlarni tanqidiy nuqtayi nazar bilan taftish qilish oqibatida ushbu g’azal bitilgandir…
Alisher Navoiy g’azallari orasida qanoat, shukronalik tuyg’ulari aks etgan asarlar anchagina. Biroq mazkur she’rda mana shu kayfiyatga ters holat, yaxshilikka yomonlik ko’rgan kishi tuyg’ulari aks etganligini ko’rish mumkin. Shoirning mahorati shundaki, go’yoki tasdiqqa o’xshab tuyuladigan va shukronalikni ifodalashga xizmat qilishi lozim bo’lgan so’zlar so’roq ohangi berilishi bilan shoir ko’zda tutgan iztirob ma’nosini ifodalaydigan bo’ladi.
Mazkur g’azal zamon va ahli zamondan ko’p jafo ko’rgan buyuk shoirning falsafiy mushohadalarini aks ettiradi. Unda shoir dunyoning ters ishlaridan shunchaki nolib qo’ya qolmaydi, balki ko’pni ko’rgan inson sifatida boshqalarni dunyo makriga aldanib qolmaslikka, kishilardan hech narsa tama’ qilmaslikka – qilgan ezgu amali uchun minnatdor bo’lish tugul hatto zarracha mehr ham kutmaslikka chaqiradi. Zero, odamlar juda kamdan kam holda shukr qiluvchidirlar. Binobarin, bandaning har bir amali insonlar roziligi uchun emas, yolg’iz Alloh roziligi uchun bo’lmog’i lozim.
Mazkur asar ham mutafakkir shoirning eng go’zal g’azallaridan biri bo'lib,unda inson ruhiy holatlari nozikligi, sirliligi tashqi dunyo va odam surati bilan uyg’unlikda g’oyat nozik tasvirlangan. She’rda boshdan-oyoq ranglar jilva qiladi. Shoir tanlagan uch rang: qizil, sariq, yashil - o’zining barcha tovlanishlari bilan namoyon bo’ladi. Tabiatdagi oddiy rang-tusni anglatishdan ijtimoiy, hatto siyosiy ohanglarni ifodalashgacha ko’tariladi. Shoir butun borliqda shu uch rangni ko’radi. Va olamni shu ranglar vositasida ko’rsatadi.
Mazkur g’azal ishqiy mavzuda. Unda iztirob va tasalli ajib bir uyg’unlikda tasvirlangan. She’r an’anaviy, oshiqning ma’shuqaga dil izhori bilan boshlanadi: oshiq-yor husnini ko’rishga zor. U ishq deb atalgan dardga mubtalo bo’lgan. Shu sababli, u yor bilan oshno bo’lgan kunni «balolig’» kun deb hisoblaydi...