Sahifa yuklanmoqda . . .
Umar Xayyom Asarlari - Sahifamizdan o'zbek va jahon adabiyotining eng sara namunalari o'rin olgan bo'lib, ular sizni tafakkurning cheksiz osmonida parvoz qilmoqqa chorlaydi.
Faqat ilm bilan balandmas odam, Ahd-u vafo bilan baland-past odam. So’zi bilan ishi bir kelsa agar, Har narsadan baland, muqaddas odam.
Simobdek bulutdan yog’di nastaran, Bundan yashnab ketdi qir, lola, chaman. Loladek qadahga gulgun sharob quy, Binafsharang bulut to’kar yosuman.
Tokay rang-u bo’yga asir bo’lursen, Yaxshi-yomonni deb dilgir bo’lursen, Xoh zamzam suvi-yu xoh obi hayot, Oxir yerga kirib, taqir bo’lursen.
Qismating azaldan yozganmish xudo, Uni qilolmaysan ko’p-u kam aslo. Demakki, boringdan bo’lgil xotirjam, Yo’qni o’ylab kuyma, qilma vovaylo.
Ketishdan qo’rqmaymen men bu dunyoda, Chunki u dunyoda umrim ziyoda, Vaqti yetgach, tanda omonat jonni Topshirayin – shunday bo’lgach iroda.
Sabab sahrosida kimki sargardon, Ishlarin uningsiz yuritar Yazdon, Bu kun bir bahona o’rtaga tashlab, Erta bajo bo’lur taqdiri osmon.
Qolipdan tushganda loyimiz azal, Fe’limizda bo’lsa har nechuk amal, Bo’la olurmidim men undan afzal, Azalda barchasi berilmish tugal?
Falak arg’umog’in egarlagan kun, Yasatilganida Mushtariy, Parvin, Nasibamizni ham bitgandi qazo, Qismatimiz o’sha – bo’lma jigarxun.
Do’st-u yaqinlarim bir-bir ketdilar, Ajaldan tuproqqa kirib bitdilar, Umr majlisida ichdik bir quri, Avvalroq mast bo’lib bari yitdilar.
O’zni dono bilgan u uch-to’rt nodon Eshak tabiatin qilur namoyon. Bular suhbatida sen ham eshak bo’l, Bo’lmasa, kofir deb qilishar e’lon.
Zuhd ahlin riyoga etdilar mahkum, Tanani etdilar jonidan mahrum, Boshimga xo’rozning tojisi kabi Arra qo’ysalar-da men quyaman xum.
Senga ko’rsatsalar yasog’lik olam, Sen sevma – sevmaydi aqlli odam. Sendeklar bir talay keldi-yu ketdi, Seni olmay turib, olib qol sen ham.
Xushvaqt bo’l, g’ussaning cheki yo’q biron, Bu charx yulduzlarga soladi qiron, Sening tuprog’ingdan yasalgan g’ishtlar Bo’lar o’zgalarga manzil-u makon.
Derlar: “Shaharda gap qo’zg’alur oson, Aziz yorim fe’l-atvori yomon”, Yaxshi manbadan hech chiqmas rasvolik, Oxir yaxshi bo’lur, yashayver, nodon.
Ahil bo’lsa olov ichra ham inson, Ahil kishilarga olov ham oson, Noahil kishilar suhbatidan qoch, Noahil suhbati yomondan yomon.
Ishq majoziy esa, oftobi bo’lmas, Kul bosgan olovning hech tobi bo’lmas, Chin oshiqning esa kecha-yu kunduz Oy-u yillar ko’zda dam-xobi bo’lmas.
O’zgartirib bo’lmas ne bitmish qalam, Faqat dil xun bo’lur, tortaversang g’am, Butun umr jigar qonin yutsang ham, Umring uzaytirib bo’lmas biror dam.
Ortimdan tupurar menga zamonam, Chippakka chiqmoqda kori mardonam, Jon chiqa boshladi, nima gap desam, Dedi: “Netay, xarob bo’lmoqda xonam?”
O’lsam, tuprog’imni gum qiling, mayli, Mardumga ibrati shum qiling, mayli, Xokimni may bilan qorib, loy qilib, Xum boshiga g’isht yo xum qiling, mayli.
Aql saodatga intilib har goh, Senga kunda yuz bor deydiki, “Ey voh, Shodlik bilan o’tkaz tiriklik daming, Sensan – o’rgach qayta ko’karmas giyoh”.
Bu qabrdagilar bo’lmishlar tuproq, Zarra-zarra bo’lib yotishar tarqoq, Oh, bu qanday sharob ekan, uni ichganlar Qiyomatga qadar es-hushdan avloq?
Bir burchakda qotgan nonga qanoat, Istamadim undan ortiq hashamat, Jon-u dildan xarid etdim faqirlik, Faqirlikdan ortiq ko’rmadim davlat.
Namoz, ro’za dema, bo’lsa imkoning Kimsadan ayama bir luqma noning, Kishini ranjitma, g’iybatin qilma, Shundan senga boqar ikki jahoning.
Umring yuz yil bo’lsin-besh yuzmi – xazor, Bu ko’hna saroydan ketasen nochor, Oxiri qiymating bitta bo’ladi – Bozorda gado bo’l, taxtda shahriyor.