Shoir hayotida chuqur iz qoldirgan iztirobli sevgi tarixi bu she’rning yozilishiga turtki bergan. Unda ko‘nglining suygan yoridan ayrilgan lirik qahramon iztiroblari quyuq badiiy bo‘yoqlarda ta’sirli ifodalangan.
Mazkur g‘azal Fuzuliy ijodi ta’sirida paydo bo‘lgan. Furqatning ijodiy mahorati shundaki, u o‘zga shoirning misrasiga tayangan holda tasvir qudrati, ifoda ta’sirchanligi, chizgilarning nozikligi jihatidan oldingidan balandroq badiiy natijaga erisha olgan. Natijada ma’shuqa tasviri devorga ilib qo‘yilgan surat emas, balki o‘quvchining ko‘nglidan joy olgan harakatdagi suratga aylangan.
Ushbu qasidasida shoir Mirzo Ulug’bekning taxtga chiqishini muborakbod etadi, hukmdor shaxsiyatidagi adolat-u jangchilik jihatlari tavsifiga alohida e’tibor qiladi. Uning ovozasini «Sulaymoni zamon»ga, adolatini «No’shiravon»ga, mehribonligini «ato»ga qiyos etadi. Bir so’z bilan «shohi dono» deb ta’riflaydi. Shoir quruq maqtash yo’lidan bormay, tuyg’ularini obrazli tarzda ifodalashga intiladi.