Sahifa yuklanmoqda . . .
Audio bu yerda yuklanmadi, iltimos ushbu aloqani bosing
Qorong‘u kechada ko‘kka ko‘z tikib,
Eng yorug‘ yulduzdan seni so‘raymen,
Ul yulduz uyalib, boshini bukub,
Aytadir: men uni tushda ko‘ramen.
Tushimda ko‘ramen — shunchalar go‘zal,
Bizdan-da go‘zaldir, oydan-da go‘zal!
Ko‘zimni olamen oy chiqqan yoqqa,
Boshlaymen oydan-da seni so‘rmoqqa.
Ul-da aytadir: bir qizil yanoqqa
Uchradim tushimda, ko‘milgan oqqa.
Oqqa ko‘milganda shunchalar go‘zal,
Mendan-da go‘zaldir, kundan-da go‘zal!
Erta tong shamoli sochlarin yoyib,
Yonimdan o‘tganda so‘rab ko‘ramen.
Aytadir: bir ko‘rib, yo‘limdan ozib,
Tog‘-u toshlar ichra istab yuramen!
Bir ko‘rdim men uni — shunchalar go‘zal,
Oydan-da go‘zaldir, kundan-da go‘zal!
Ul ketgach, kun chiqar yorug‘lik sochib,
Undan-da so‘raymen sening to‘g‘ringda.
Ul-da o‘z o‘tidan bekinib, qochib
Aytadir: bir ko‘rdim, tushdamas, o‘ngda.
Men o‘ngda ko‘rganda shunchalar go‘zal,
Oydan-da go‘zaldir, mendan-da go‘zal!
Men yo‘qsil, na bo‘lib uni suyibmen,
Uningchun yonibmen, yonib-kuyibmen,
Boshimni zo‘r ishga berib qo‘yibmen,
Men suyib... men suyib, kimni suyibmen?
Men suygan suyukli shunchalar go‘zal,
Oydan-da go‘zaldir, kundan-da go‘zal!
1919
(1898-1938) XX asr tongining porloq yulduzi Cho’lpon she’riyat, nasr, dramaturgiya, tarjimachilik va maqolanavislikda samarali ijod etdi. Vatan ozodligi va millat mavqeini yuksaltirish g’oyalarini mardona, jasorat bilan tarannum etuvchi ijodi istiqlol davri hayotimizning manfaatlariga xizmat qilmoqda.