Sahifa yuklanmoqda . . .
Iz - Asarlar - iz so'zi ishtirok etgan barcha asarlar
Hamma narsaning o'z me'yorida bo'lgani yaxshi. Me'yorga yetmagan taom dasturxonga noloyiq bo'lgani kabi me'yoridan ortiq pishirilgan ovqat ham kuyundiga aylanadi. Dono xalqimiz bu borada "Asalning ham ozi shirin", deydi. Ammo afsuski ba'zan hayotda chegarani bilmaydigan kishilarga ham duch kelamiz. Ularning bu odatlari nafaqat o'zlariga, balki atrofdagilarga ham noqulaylik tug'diradi. Mazkur hikoyada ana shu illat ustidan zaharxandalik bilan kulinadi.
Ota o'z qizi uchun nimalarga tayyor deysiz?! Boz ustiga, onasidan erta yetim qolgan ko'ngli yarim qizining baxti uchun ota eng og'ir mashaqqatlarni-da bo'yniga olishga qodir bo'ladi. Ushbu hikoya qahramoni ham keksayib qolganiga qaramay, qizining kelajagi uchun yozuvchi bo'lishga qaror qiladi va bu yo'lda ko'plab sinovlarni boshdan kechiradi...
Inson o'zidagi nafsni yenggandagina oliy maqomga yuksala oladi, aks holda,uning boshqa jonzotlardan farqi yo'qdir. Ammo nafsni tiya bilmoq degan jumla faqat tildagina aytishga oson, amalda esa unga erishmoq mushkul. Bu jarayon tolibdan ko'plab mashaqqatlarga sabr qilmoqni talab etadi. Shu bois tom ma'noda sabr qilmoq va ana shu sabr ila nafsni yengmoq barchaning ham qo'lidan kelavermaydi. Ushbu hikoya ham g'oyat ibratomuz bo'lib, u kitobxonni nafsning zararlari haqida mushohada yuritishga undaydi.
Inson qadri. Aslida uni hech narsa bilan o'lchab ham, qiyoslab ham bo'lmaydi. Sababi inson - eng oliy xilqat. Ammo ba'zi insonlar inson qadrini uning puli, martabasi, shon-shuhrati va egallab turgan lavozimi bilan o'lchaydilar. Ushbu asar ham inson qadri haqida mulohaza yuritishga undovchi ibratomuz hikoyadir.
Siz g'ayrioddiy voqealarga ishonasizmi? Axir biz har kuni odatiy voqealarni boshdan kechirishga o'rganib qolganmiz. Ammo bu g'ayrioddiy hodisalarni inkor etishga asos bera olmaydi. Mazkur hikoya ham dunyoga dong'i ketgan adibning ana shunday g'ayrishuuriy mavzuda bitgan asaridir.
"Odamlarga beg'araz kulgi ulashib, ularning qalbidan g'uborlarni ketkazuvchi hazil chinakam hazil, aks holda, u bema'nilikdan o'zga narsa emas", deydilar. Ushbu hikoya qahramonlari ham katta odamlar bo'lishiga qaramay, ana shunday bema'nilikni o'ziga odat qilgan kishilardir. Hikoya bilan tanishish jarayonida ba'zi hazillarning tagi zil ekaniga o'zingiz ham amin bo'lasiz.
Sog'inch nima o'zi? Dilga g'am berib, tuganmas azob keltiruvchi davosiz dardmi? Yoki insonning bardoshini toblab, irodasini baquvvat qiluvchi kuchmi? Butun umr sog'inch azobiga mahkum etilgan insonlar baxtsiz kishilarmikan yoki kimnidir sog'inib va ayni damda kimdir sizni sog'inayotganini his etib yashashning o'zi ham bir baxtmi? Ushbu she'rda ana shu sirli tuyg'u - sog'inch manzarasi ifoda etilgan.
Bahor. Borliqda turfa go'zallik. Olam zarrin nurlar va gullarga burkangan. Barcha bu latofat qarshisida mast. Biroq lirik qahramon qalbi nechukdir bezovta. U atrofidagi go'zallikni yana kimgadir ilinadi. Usiz hayot zavqsiz, olam nursiz, hatto bahor ham g'aribdir. U uchun borliqda faqat bir savol kezadi: "Sen bahorni sog'inmadingmi?.."
Shodlik va baxt kuychisi Hamid Olimjonning „Xayolimda bo’lding uzun kun...“ she’ri yuksak san'atkorlik va badiiy did mahsuli bo'lib,unda poetik kashfiyotni ko‘ramiz, uning mutanosibligidan, qalb torlarini sehrli tebratishidan hayajonga tushamiz, „hiylagar oy, sehrgar dilbar kimnidir yodimizga solib qo‘yganidan“ huzur va soginch tuyamiz.
Hamid Olimjon 1942-yilda «Muqanna» she’riy tragediyasini tugatganidan keyin o‘sha kezlarda Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida tashkil etilgan musiqali drama teatri uchun mazkur asarning musiqiy nusxasini tayyorlab bergan va bu asarga aruz vaznida bitilgan bir qancha g‘azallarni kiritgan. «Kuygay» g‘azali ham «Muqanna» musiqali dramasi uchun yozilgan qo‘shiq matni bo‘lib, u spektaklda Guloyin va Muqannaning dueti tarzida ijro etilgan.
1926-yilda yozilgan mazkur she'r shoirning "Tuyg'ular" nomli ilk to'plamiga kiritilgan. Unda tuyg‘uning samimiyligi va tiniqligi ham, lirik qahramonni qurshagan ishqiy hayajonning to‘lqini va musiqasi ham chinni piyoladek toza sado berib turadi. Otashin tuyg'ularga limmo-lim qalbdan otilgan bu satrlar o'quvchi qalbini ham ana shunday go'zal hislarga oshno qilishi shubhasizdir.
Bolalik inson hayotining eng go'zal, eng beg'ubor damlaridir. Biroq bu beg'ubor osmonni qora bulutlar qurshab olsa, nima bo'ladi? Bolalikda sodir bo'lgan har bir voqea murg'ak vujudning xotira daftariga o'chmas harflar bilan bitiladi. Bordi-yu bolakay mash'um hodisaga guvoh bo'lsa, bu uning qalbida bir umr jarohat bo'lib qolishi shubhasizdir. Ushbu hikoya avtobiografik xarakterga ega bo'lib, unda yozuvchining og'ir bolalik xotiralari qalamga olingan.
Ushbu hikoya 1916-yilda yozilgan bo'lsa-da, birinchi bor 1921-yilda «Sharq chechagi» jurnalida bosilgan. Asar yozilganiga bir asr bo'lganiga qaramay, unda tasvirlangan voqealar o'zining originalligi, uslubiy ravonligi, tilining soddaligi va ifodaliligi bilan kitobxonlar e'tiborini tortib kelmoqda. Hikoya dunyoning ko'plab tillariga tarjima qilingan bo'lib, jahon adabiyotining eng sara asarlari qatoridan joy olgan.