Sahifa yuklanmoqda . . .
Tuproq - Asarlar - tuproq so'zi ishtirok etgan barcha asarlar
O‘lim bordir — tiriklik yuksalishda doim hushyordir. Tiriklarga tiriklikdan jabr-u sitam lek bisyordir. Qaro tuproqqa kirmoqdan endi men ne uchun qo‘rqay— Qaro yerning tagida sen kabi bir yaxshi do‘st bordir.
O`lsamu unutsang menday yigitni, Yog`ar yo`llaringga afsus-anduhim. Oq tulporday minib oppoq bulutni, Uyingning ustidan o`tadi Ruhim...
Men dunyoni ishqim bilan zabt etsaydim, Oshiqlarning oyoq gardiga yetsaydim. Dunyosiga xayr-xushlar aytib keyin Tuproq bilan oshno bo‘lgali ketsaydim.
Boshimizda bir parcha osmon, Poyimizda bir qism tuproq. Otingni ko‘p qistama, o‘g‘lon, Yana o‘zing bilasan biroq…
Jon jonimga singib ketgan, Qon qonimga tinib ketgan, Zamin zari bo'lib turgan, Ona tuproq muqaddassan, Sen azizsan mo'tabarsan.
Boshing egib, ta’zim ayla, shukrona ayt, Seni guldek erkalagan chaman uchun. Osmonlarda yurgan bo‘lsang, tuproqqa qayt, Aytgil, do‘stim, nima qildik Vatan uchun? Ko‘zi qora, yuragi oq shu el uchun, Tuproq uchun, shu yurt uchun, chaman uchun, Ulug‘ inson boshlab bergan shu yo‘l uchun, Aytgil, do‘stim, nima qildik Vatan uchun?
Avliyolar, daholarning beshigisan, Naqshbandlar topgan jannat eshigisan. Tiriklikning navosi ham qo‘shig‘isan – Sen azizsan, muqaddassan, ey sajdagoh, O‘zbekiston, ota makon, ona tuproq!
Sevmading san, dilitoshim, Dilimga cho‘kdi qo‘rg‘oshin. Ko‘zimdan toshdi ko‘zyoshim, G‘amkash buloq sevmish mani. Sevmading san, yetolmasdan Sanga termuldim olisdan. Haddan ziyoda yolg‘izman, Netay, tuproq sevmish mani.
Yoshlikda biz – shogird, o’zgalar – ustod, So’ngra ustod bo’lib dilni etdik shod. Oxiri qayerga yetishdik desang, Tuproqdan chiqiboq bo’libmiz barbod.
Ariq labidagi har giyoh, ko’kat, Malakday go’zalning yuzidagi xat. Bu sabza loladay yuzlar tuprog’i Sabzaga avaylab oyoq qo’y g’oyat.
O’z istaging bilan yashaysan bir dam, Shod o’tkaz qilsalar ham senga sitam. Jononlar bilan bo’l, tanang asosi Shamol-u tuprog’-u uchqun ila nam.
Do’st-u yaqinlarim bir-bir ketdilar, Ajaldan tuproqqa kirib bitdilar, Umr majlisida ichdik bir quri, Avvalroq mast bo’lib bari yitdilar.
Xushvaqt bo’l, g’ussaning cheki yo’q biron, Bu charx yulduzlarga soladi qiron, Sening tuprog’ingdan yasalgan g’ishtlar Bo’lar o’zgalarga manzil-u makon.
O’lsam, tuprog’imni gum qiling, mayli, Mardumga ibrati shum qiling, mayli, Xokimni may bilan qorib, loy qilib, Xum boshiga g’isht yo xum qiling, mayli.
Bu qabrdagilar bo’lmishlar tuproq, Zarra-zarra bo’lib yotishar tarqoq, Oh, bu qanday sharob ekan, uni ichganlar Qiyomatga qadar es-hushdan avloq?
Tuproqda yotishar uyqu bosib ho’p, Yer ostida nihon misoli bir cho’p, Yo’qlik sahrosiga boqibon ko’rdim Unda kelganlar-u kelmaganlar ko’p.
Ajal bosh egdirsa, bo’lmasa chora, Dastidan tan-u dil bo’lsa yuz pora, Tuprog’imdan faqat ko’za yasangiz, Mayning hidi tegib, tirilsam zora.
Bir ko’za keltirgil, bo’lsin bezarar, O’zing ich, menga ham uzat barobar, Davron o’z izidan aylanib, oxir Tuprog’imiz ko’za qilur ko’zagar.
Jasorat ko’rsatib yashagil bebok, Boda ichgil, u ham bo’lsin otashnok, Yaratilmish eding boshda tuproqdan, Inkor etma, oxir bo’lajaksan xok.
Bu Momo Havodan ularga odat: Ushlasa gul ushlar qo`lini faqat, Kuyovga chiqmagan o`zbek qizlarin O`psa faqat shamol o`par yuzlarin. Bu Momo Havodan ularga odat: Nozik belda qirqta kokili qavat, Silasa yomg`irlar silaydi faqat, Ko`rsa faqat osmon ko`rar ko`zlarin — Kuyovga chiqmagan o`zbek qizlarin...
Har kimning ham sochlariga oq tushsin, Ajin tushsin yuzlariga, dog` tushsin. Har kimning ham quvvat ketib belidan, Qo`llariga aso — bir tayoq tushsin. Iymoni sof, yuzga kirib yorug` yuz, To`ylar ko`rib yelkasidan tog` tushsin. Jismiga so`nggi safar oldidan O`z bolasin qo`lidan tuproq tushsin...
Oq yo`rgakka o`ragansan o`zing bizni, Ham oq yuvib-taragansan o`zing bizni. Beshigimiz uzra bedor ona bo`lib, Kunimizga yaragansan o`zing bizni. Fidoying bo`lgaymiz seni, O`zbekiston, Hech kimga bermaymiz seni, O`zbekiston!.. Qalqoning bor, kim qasd qilsa gar joningga, Alpomishlar ruhi yor har o`g`loningga. Asragaymiz giyohing ham gulday o`pib, Yovlar yaqin yo`lolmagay qo`rg`oningga...
Orazi gul, husni hilol, Alloh go`zal, Alloh go`zal. Mutloq kamol, mutloq jamol, Alloh go`zal, Alloh go`zal… Arsh arkida sulton o`zi, Beaybu benuqson o`zi. Poyiga cho`k, ul Zuljalol, Alloh go`zal, Alloh go`zal…
Tuzalmaydi dardim mening, O`lsam kerak. Tuproq bilan og`a-ini Bo`lsam kerak. O`lim nima? Bu ham bitta Sayr, Ona. O`g`ling qaro yerga ketdi, Xayr ona… Tuzalmas bu dardim mening, Umidim yo`q. Xira shamdek ko`zlarimda So`nmoqda cho`g`. Cho`g nimadir? Cho`g` ham tutab, Kul bo`ladi. Inson bir kun o`z mayliga Qul bo`ladi…