Sahifa yuklanmoqda . . .
Ruboiylar - Ruboiy sharq she’riyatida keng tarqalgan she’r turlaridan bo'lib, ularda shoirning hayot haqidagi teran mushohadalari, ichki kechinmalari, ibratli xulosalari va pand-nasihatlari ifodalanadi. Ushbu to'plamdan o'zbek mumtoz adabiyotining eng sara ruboiylari o'rin olgan.
Qayg’umdek uzoq umr ko’rsin u g’azol, Bu kun yana lutfdan ko’rsatib jamol, Ko’zimga bir nigoh tashladi-ketdi, Ya’ni yaxshilikni qil – daryoga sol.
Yemak-ichmakka yo’q erdi ehtiyoj, Seni shunday qildi, endi ne iloj? Ne bermish – barini qaytib olgusi, Aslingga qaytarur oxir bu rivoj.
Toat durlarini ipga tizmadim, Yuzdan gunoh gardin hech ketkazmadim, Lekin birini hech ikki demadim, Shuning-chun lutfingdan ko’ngil uzmadim.
Yo Alloh, ul go’zal oyni yaratib, Sochi-sunbulidan anbar taratib, Unga qaramagil deya buyursang, Zulm-ku, dil shavqin o’zing qo’zg’otib.
Pok-u ahil, oqil kishiga o’rtoq Bo’l-u, noahildan qochaver yiroq, Dono senga zahar tutsa ham ichgil, Qo’l cho’zmagil sharbat tutsa ham ahmoq.
Sitamgar, o’tkinchi davrondan qo’rqma, Ko’rgilik o’tadi – jahondan qo’rqma, Chekma g’am – naqd umring ishratda o’tkaz, Naqd shundoq, kelajak zamondan qo’rqma.
Xayyom, ichkilikdan kayf qilib, shod bo’l, Bir dam go’zal bilan o’ltirib, shod bo’l, Jahonda har ishning poyoni – yo’qlik, Yo’qlig-u borlikni bir bilib, shod bo’l.
Bu olam surati bari naqsh, xayol, Olim ulmas – kimki tushunmas ne hol, Bir kosa may ichib, hushing yig’ib ol, Bu naqsh-u xayoldan forig’ bo’l darhol.
Do’zax-u jannatni kim ko’rgan, ey dil? U dunyo xabarin kim bergan, ey dil? Qo’rquv-umidimiz shulardan, ammo Nom-u nishonasin kim bilgan, ey dil?
Bu bexabar dil ham tegdi-ku jonga, Sitamidan jonim keldi fig’onga, Olamga baribir bor-u yo’qligim, Bas, men nima uchun keldim jahonga?
Mug’ona bodadan mast bo’lsam bordir, Oshiq-u rind, butparast bo’lsam bordir, Har kim meni har xil gumon qiladi, Qandayligim faqat menga oshkordir.
Qani ul sirdosh do’st – sir aytsam bir dam, Azalda qandayin bo’lgani odam: Jafo-yu qayg’udan qorilgan loyi, Bir yo’l jahon kezib, tez uzdi qadam.
Kecha sharob izlab bosar edim yo’l, Yo’lda yotar o’tda qovjiragan gul, Dedim: “Gunohing ne – kuydiribdurlar?” “Bir nafas chamanda kuldim”, dedi ul.
Afving bor – gunohdan qo’rquv bilmayman, Rizq berding- yo’l ranjin ko’zga ilmayman, Rahmingdan oq yuz-la tursam Mahsharda, Nomim qora deya tashvish qilmayman.
Boshqalar boshidan nechuk aylanay, Yo yangi sevgini boshlayin, qalay, Ko’zimdan duv oqqan yoshim qo’ymagach, O’zga yor husniga qandoq bog’lanay?
Nafsim-la jangdamen doim, ne qilay? Shul dard-la o’tar yil-oyim, ne qilay? Deylik, karam-la afv etarsen, lekin Uyatdan o’lurmen, Xudoyim, ne qilay?
Tuproqda yotishar uyqu bosib ho’p, Yer ostida nihon misoli bir cho’p, Yo’qlik sahrosiga boqibon ko’rdim Unda kelganlar-u kelmaganlar ko’p.
Ajal bosh egdirsa, bo’lmasa chora, Dastidan tan-u dil bo’lsa yuz pora, Tuprog’imdan faqat ko’za yasangiz, Mayning hidi tegib, tirilsam zora.
Olam tuzog’idan ozod emasmiz, Bir nafas olmoqdan hech shod emasmiz, Hayotga ko’p shogird bo’ldig-u hanuz Dunyoning ishiga ustod emasmiz.
Ey charx, gardishingdan emasman xursand, Ozod et, yarashmas menga hech bul bad, Nodon, noahilga gar karam qilsang, Men ham emasman-ku ahli donishmand?
Ey tun-kun dunyoga ko’z tikkan kishi, Aqlingni jo’ymasin dunyo tashvishi, Axir esingni yig’, hushyorroq bir boq, Nedir boshqalarga uning qilmishi.
Kimga ma’lum bo’lsa jahonning siri, Quvonch-u g’am – farqsiz biridan biri. Chunki o’tmay qolmas yaxshi ham yomon, Xoh bari dard bo’lsin, xoh darmon bari.
Bu bepoyon osmon holidan oson Xabar topdi faqat ikki tur inson: Yo yaxshi-yomondan xabardor olim, Yo o’zin bilmas mast – aqli parishon.
Yaxshi nom-la mashhur bo’lmoq yaxshidur, Dema, charxdan ranjur bo’lmoq yaxshidur, Tok suvidan maxmur bo’lmoq yaxshidur, Dema, zuhddan mag’rur bo’lmoq yaxshidur.