Ushbu g’azalni o’qir ekansiz, unda ifodalangan oshiqning samimiy so’zlari sizni beixtiyor o’ziga maftun etadi. Yor o’z jafolari bilan oshiqqa qancha zulm qilmasin, oshiq uchun bu azoblar ham rohat bo’lib tuyuladi va buning uchun yorga “Sallamno - tasanno” deydi.
Mazkur g'azalda ajoyib bir manzara chizilgan: shoir gulzorga kiribdi. Anvoyi gullar charx urib, ochilib yotibdi. Yo’q-yo’q, bu shunchaki gulzor emas, gullarning anjumani-yig’ilishi, har bir gul o’zini namoyish etadi, ko’z-ko’z qiladi. Shoir ushbu anjumanda yorning yuzini ta’riflabdi. Gullar xijolatdan-uyatdan qizarib ketibdi. Aslida ular qizil emas edilar, ma’shuqaga qaraganda xunukroq ekanliklaridan uyalib qizargan ekanlar...